O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 avgust kuni pandemiya davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Koronavirus tarqalishi sabab iqtisodiy faollik cheklangani odamlarning ro‘zg‘origa o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Bunday sharoitda vaqtincha ishsiz qolgan, daromad manbasini yo‘qotgan va og‘ir ahvolda kun kechirayotgan aholini qo‘llab-quvvatlash, ularga yordam qo‘lini cho‘zish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Prezidentimizning 30 iyul kuni qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni shu borada juda muhim qadam bo‘ldi. Hujjatga muvofiq, byudjetdan qo‘shimcha 2 trillion so‘m ajratilib, ushbu mablag‘lar 1 million 700 ming nafar yordamga muhtoj aholi, 3 million 700 ming nafar pensioner va joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha 500 ming nafar ijtimoiy nafaqa oluvchilarga yo‘naltirilishi belgilangan.
Xususan, o‘tgan 5 kunda ehtiyojmand oilalarga jami 148 milliard so‘m moddiy yordam tarqatildi. Avgust oyida 1 million 700 ming aholi va 50 mingdan ziyod tibbiyot xodimlariga 780 milliard so‘m to‘lanishi ko‘zda tutilgan.
Kerakli paytda kerakli madad olib, xalqimiz bu ishlardan rozi bo‘lmoqda. Shu bilan birga, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxatlarini to‘g‘ri va haqqoniy shakllantirish, ajratilgan mablag‘larni adolatli tarqatish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda aholiga ijtimoiy yordam to‘lovlarini yetkazib berish bo‘yicha sektor rahbarlari va mahalla mutasaddilarining mas’uliyatiga e’tibor qaratildi.
Davlat nozirlik organlariga mablag‘larning to‘g‘ri taqsimlanishi va to‘lanishi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatish, qonun buzilish holatlarining oldini olish topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev ehtiyojmand aholi bilan ishlashda yangi, shaffof va adolatli tizim yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Prezidentning bugun imzolangan “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda Ijtimoiy himoya yagona reyestri joriy etilishi belgilandi.
Mazkur tizim Sirdaryo viloyatida tajribadan o‘tib, o‘z samarasini ko‘rsatgani va joriy yil yakuniga qadar uni barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etilishi ta’kidlab o‘tildi.
Davlatimiz tomonidan ijtimoiy yordamlar ko‘lami kengaytirib borilishi jarayonida ushbu yangi tizimning muhimligiga e’tibor qaratildi. Jumladan, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni hozirgi 600 mingdan joriy yil oxirigacha 1 million 200 ming, 2021 yilda esa 1 million 500 minggacha yetkazilishi belgilangan. Bu borada Yagona ijtimoiy reyestr orqali barcha ijtimoiy yordam bir xil mezon va bir xil hujjat asosida berilishi ko‘zda tutilgan.
Eng muhimi, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, kam ta’minlangan oila maqomini olish uchun fuqarolardan hozirgidek 12 ta idoradan 30 dan ziyod ma’lumotlar talab qilinmaydi. Ehtiyojmand oilalarga 30 turdagi ijtimoiy yordam va xizmatlar oson va qulay tarzda taqdim etiladi.
Yig‘ilishda yordam pullariga muhtoj oilalar ro‘yxati mahallalar kesimida adolatli tuzilib, xalq deputatlari mahalliy kengashlarida tasdiqlanishi lozimligi ta’kidlandi.
Mablag‘larni adolatli taqsimlashda mahalla va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy yordamni maqsadli yetkazib berishga nuroniylar va faollarni jalb etish muhimligi aytildi.
Shu bilan birga, 50 ming nafar tez tibbiy yordam xodimi uchun ajratilgan 200 milliard so‘m mukofot pullarini ham ortiqcha qog‘ozbozliksiz, o‘z vaqtida tarqatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Videoselektor yig‘ilishida vazirlar, hokimlar va sektor rahbarlari hisobot berdi.
Izoh qoldirish