3 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Selektorda davlat rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar qishloqlarida (shaharlarga va viloyat ma’muriy markazlariga tutash hududlarda) ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlanishini ta’kidladi. Xususan, 8 336 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli arzon uy-joylar qurilishi nazarda tutilmoqda.
Shuni ta’kidlash kerakki, qishloq uy-joy sektorini rivojlantirishga qaratilgan ushbu tashabbus uy-joyga ega bo‘lmagan odamlar hayotini yaxshilashi bilan birga hududlar mahalliy iqtisodiyotiga foyda keltirishi mumkin.
Jahonda amalda qishloq joylarida uy-joy sharoitlarini yaxshilashning bir necha xil usullari mavjud, xususan:
- mahalliy hokimiyat idoralari muhtojlarga davlat tomonidan qurilgan uylarni taqdim etishi mumkin. Xusasan, prezident topshirig‘iga asosan boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan oilalar va xotin-qizlarni ijara huquqi asosida vaqtinchalik joylashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 50 tadan, jami 700 ta kvartira sotib olinadi. Bundan tashqari, Prezident Moliya vazirligiga tijorat banklariga mablag‘ ajratishni va tijorat banklariga aholiga 20 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan ipoteka kreditlarini ajratishni topshirdi. Hozirda ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki to‘lov hajmi sotib olingan kvartira narxining 15 foizini tashkil qiladi. Kambag‘allar uchun uy-joy sharoitini yaxshilash uchun esa ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki to‘lovning bir qismini qoplash uchun davlat byudjetidan uy taxminiy narxining 10 foizi miqdorida subsidiyalar beriladi;
- muhtoj odamlar o‘zlari uy-joy qurish uchun yordam dasturiga qo‘shilishlari mumkin. Xususan, Prezident topshirig‘iga asosan har bir tumanida 600 tagacha jami 6500 ta yakka tartibdagi turar-joy binolari qurish va ta’mirlash uchun 20 yillik muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratiladi. Daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga yakka tartibdagi uy-joylarga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki besh yil mobaynida foiz stavkasining 10 foizlik punktdan oshgan qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratiladi.
- xususiy yoki notijorat sektor mahalliy aholi uchun arzon uy-joylar qurishi mumkin. Prezident ta’kidlashicha, Qurilish vazirligi bilan birgalikda qishloq joylarda ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishini amalga oshiradigan tadbirkorlik sub’yektlarini aniqlash bo‘yicha tanlov savdolari o‘tkazilishi va hududiy tanlov komissiyalari faoliyatining shaffofligi va oshkoraligini ta’minlash ustidan tizimli nazorat o‘rnatiladi.
Ushbu tadbirlarning barchasi quyidagi kanallar orqali qishloq iqtisodiy rivojlanishiga teng darajada hissa qo‘shadi:
- Uylarni qurish yoki rekonstruksiya qilish turli xil mutaxassis va xizmat turlariga talab yaratadi. Yerni qurilishga tayyorlash bo‘yicha dastlabki tadbirlar odatda me’morlar, yuristlar, moliyachilar va boshqa maslahatchilarni o‘z ichiga oladi. Loyiha qurilish jarayoniga kirganda, qurilish ishchilari va santexniklar va elektr ustasi kabi ixtisoslashgan xodimlar kerak bo‘ladi. Qishloq uy-joylarini rivojlantirish qishloqda yashovchilar uchun ish o‘rinlarini yaratadi va qurilish bilan bog‘liq kasblarga bo‘lgan yangi talabni qondirish uchun mehnat bozoriga boshqalarni ham kirishga undaydi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, qurilishga sarf qilingan 1 so‘m iqtisodiyotda 1,97 so‘mga teng qo‘shimcha talab yaratadi.
- Uy-joy qurilishi mahalliy iqtisodiyotga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan transport va savdo xizmatlari ko‘lamini oshishiga xizmat qiladi. Qurilish loyihasi uchun qurilish materiallari ishlab chiqarilishi va ushbu tovarlarni tashish uchun odamlar yollanishiga sabab bo‘ladi.
- Hayotni yangi uyda boshlash ko‘pincha yangi jihozlar, yangi mebellarni sotib olish va uy xizmatlaridan foydalanish ko‘lamini oshishiga xizmat qiladi. Keyinchalik, uyning o‘zida boshqa remont, landshaftni o‘zgartirish kabi ishlar amalga oshirilishi va usta-duradgorlar ishiga talab yaratilishini ta’minlashi mumkin.
- Qishloq joylarda yangi qurilish ko‘pincha uy-joy qurilishining yanada rivojlanishiga hissa qo‘shadigan asfaltlangan yo‘llar, elektrlashtirish va suv ta’minoti kabi mahalliy infratuzilmaning yaxshilanishiga olib keladi.
Umid qilamizki, ushbu tadbirlar mamlakatimizning qishloq joylarini yanada obod bo‘lishiga va yashash sharoitlarini yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Baxtishod Xamidov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish