Energiya tejovchi qurilmalarga xarajatlar kompensatsiya qilinadi

Energiya tejovchi qurilmalarga xarajatlar kompensatsiya qilinadi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan Energiya samarador va energiya tejovchi qurilmalarni xarid qilish hamda ushbu maqsadlar uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan kompensatsiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi (VMning 14.04.2021 yildagi 217-son qarori).

Hujjat Prezidentning 22.08.2019 yildagi «Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4422-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Nizomda energiya samarador va energiya tejovchi qurilmalarni xarid qilish hamda ushbu maqsadlarga olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun kompensatsiya ajratish tartibi belgilangan.

Nizomga muvofiq Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan kompensatsiya quyidagi xarajatlarning bir qismini qoplash uchun ajratiladi:

  • jismoniy shaxslarga – quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlari;
  • jismoniy va yuridik shaxslarga – qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlar, shuningdek energiya samarador boshqa uskunalarni xarid qilishga olingan tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlari.

Nizom talablari 2020 yil 1 yanvardan boshlab o‘z mablag‘i hisobidan energiya samarador va energiya tejovchi qurilmalarni xarid qilgan va o‘rnatgan jismoniy shaxslarga, shuningdek, tijorat banklari kreditlari asosida xarid qilgan va o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Kompensatsiya Davlat byudjeti hisobidan quyidagi miqdorlarda ajratiladi:

a) jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, shuningdek, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalarni sotib olish xarajatlarining 30%i miqdorida, biroq:

  • quyosh fotoelektrik stansiyalari uchun – 3 mln so‘mdan;
  • quyosh suv isitkichlari uchun – 1,5 mln so‘mdan;
  • energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar uchun – 200 ming so‘mdan oshmaydigan miqdorda;

b) qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlar, shuningdek energiya samarador boshqa uskunalarni xarid qilish uchun olingan tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi qoplashga:

  • jismoniy shaxslarga – 500 mln so‘mdan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha – MBning qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • yuridik shaxslarga – 5 mlrd so‘mdan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha – MBning qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 5 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan mikdorda.

Kompensatsiya jismoniy va yuridik shaxsning xohishiga ko‘ra xarajatlarning faqat bitta turi bo‘yicha ajratiladi.

Kompensatsiya to‘lash tasdiqlangan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar