Shu kuni mahalladagi “Ulli hovli” majmuasida odam gavjum bo‘ldi. Majmuaning darvozasidan kirishingiz bilanoq qadim qadriyatlar uyg‘unlashgan muhitga duch kelasiz. Yosh san’atkorlar mehmonlarni doira va karnay-surnay sadolari bilan qarshi olishdi.
Tadbir “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” aksiyasi bilan boshlandi. Unda Milliy gvardiya otliqlari va texnikasi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. “Armiyam – faxrim” shiori ostida harbiy orkestr va harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
“Ulli hovli”ga tashrif buyurgan mehmonlar majmuada sayyohlik imkoniyati bilan yaqindan tanishdilar. Bugungacha saqlab qolingan milliy urf-odatlar, an’analar namunalarini ko‘zdan kechirdilar. O‘zbek va turkman do‘stligidan darak beruvchi ushbu maskan yanada jozibali chiroy ochdi.
Tadbir doirasida hunarmandchilik va milliy mahsulotlarning ko‘rgazmalari, mehnat yarmarkalari tashkil etildi. Unda viloyatda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muasasasalari vakillari yangi nashrlar taqdimoti, ilmiy ishlanmalari bilan qatnashishdi. Yoshlarni nafaqat bilimli bo‘lishlari, balki hunar egasi bo‘lishlari uchun ta’lim muassasalarida yetarlicha sharoit va imkoniyatlar yaratilganligi ushbu ko‘rgazmada namoyish etildi.
Ko‘rgazmalar davomida “Uch avlod uchrashuvi”, "Kitobxon bolalar”, yoshlarning taniqli yozuvchi va shoirlar bilan suhbati, turli hil sport musobaqalari o‘tkazildi.
Shu bilan birga, ishsiz bo‘lgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlash maqsadida Prezident sovg‘asi sifatida ayollarga tikuv mashinalari topshrildi.
Tadbir taniqli musiqiy jamoalar konserti bilan yakunlandi.
Izoh qoldirish