Ishchi guruh tomonidan biriktirilgan hududlardagi mahallalarda sayyor qabullar o‘tkazilib, aholi muammolarini o‘rganish va hal etish, bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, migratsiyadagi fuqarolar bilan ishlash shuningdek, belgilangan boshqa masalalar bo‘yicha manzilli ishlar olib borildi.
Ishchi guruhlarga Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi mas’ul xodimlari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Mudofaa, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Bandlik, Sog‘liqni saqlash vazirliklari kabi qator idoralardan mas’ul rahbar va xodimlar jalb etildi.
Aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Respublika Ishchi guruhi tomonidan sayyor qabullar o‘tkazildi. Ularda 4 mingga yaqin murojaatlar kelib tushib, 1,2 mingdan ziyodi joyida hal etildi. Qolgan qismi qo‘shimcha o‘rganish va mablag‘ talab etganligi sababli ijro uchun nazoratga olindi.
Qabullarda fuqarolarning sud-huquq, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandlik, moddiy yordam, kommunal va infrastruktura bilan bog‘liq masalalari yuzasidan murojaatlari tegishli soha mas’ullari tomonidan o‘rganilib, amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Bunda tashqari, Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar, aholi muammolarini mahallabay o‘rganishlar natijasida joylarda 11 km yo‘l asfaltlashtirildi, 26,4 km yo‘l shag‘allashtirildi, 225 dona temir-beton ustun o‘rnatilib, yangi 40,6 km uzunlikdagi elektr tarmog‘i tortildi, 224 ta transformator, 2 mingdan ziyod gaz taqsimlash punktlari kapital ta’mirlandi, 118 mingta qo‘shimcha suyultirilgan gaz ballonlari aholiga yetkazildi.
Aholi orasida ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan og‘ir, chegara va olis hududlarda joylashgan jami 395 ta mahallada mehnat yarmarkalari o‘tkazildi va 2 mingga yaqin ishsiz fuqarolar bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi.
Joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida Respublika ishchi guruhi a’zolari yordami bilan “G‘ijduvon tajribasi” asosida 6 ta yirik loyihalar ishga tushirildi va 2 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi. “Sayxunobod tajribasi” asosida esa 4 mingga yaqin mikroloyihalar amalga oshirilib, 8 mingdan ziyod aholining bandligi ta’minlanishi kutilmoqda. “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi doirasida 2 mingga yaqin fuqarolarga jami 27,1 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. “Uychi tajribasi” asosida “mijozbay” ishlash orqali 6 mingta ta doimiy ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Respublika ishchi guruhining faoliyati davom etmoqda. Navbatdagi manzil Navoiy viloyati.
Izoh qoldirish