Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil yanvar-sentyabr oylarida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 14 068,1 mlrd. so‘mni yoki 2022 yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 118,2%ni tashkil qildi. Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan kiritilgan jami investitsiyalar 1 797,0 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Shundan byudjet mablag‘lari 1 447,7 mlrd. so‘mni, Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamg‘armasi 163,1 mlrd. so‘mni, O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostidagi xorijiy kreditlar 186,2 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning markazlashmagan moliyalashtirish manbalari hisobidan kiritilgan jami investitsiyalar 12 271,1 mlrd. so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 100,3%ni tashkil etdi. Shundan jami investitsiyalar hajmida aholi mablag‘lari hisobiga o‘zlashtirilgan investitsiyalar 3 123,3 mlrd. so‘mni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 3 289,2 mlrd. so‘mni, korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobiga o‘zlashtirilgan investitsiyalar 2 312,5 mlrd. so‘mni, tijorat banklari kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari 3 546,1 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligiga jami investitsiyalarning 7,2%, tog‘-kon sanoatiga 1,2%, ishlab chiqarish sanoatiga 45,9%, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalashda 1,7%, qurilishga 3,8%, ta’limga 2,8%, sog‘liqni saqlashga 1,4%, turar joy binolari qurilishiga 9,2% va boshqa yo‘nalishlarga 25,9% investitsiyalar o‘zlashtirildi.
Hududlar kesimida 2023 yil yanvar-sentyabr oylarida asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar Farg‘ona shahri (3 433,6 mlrd. so‘m), Uchko‘prik tumani (1 013,5 mlrd. so‘m) va Toshloq tumanida (981,4 mlrd. so‘m) kuzatilgan bo‘lib, eng past ko‘rsatkichlar Yozyovon (287,0 mlrd. so‘m), Furqat (151,5 mlrd. so‘m) va So‘x (89,4 mlrd. so‘m) tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, asosiy kapitalga investitsiyalar o‘sish sur’ati bo‘yicha Marg‘ilon shahri (190,0%) va Rishton tumanida (181,7%) yuqori bo‘lib, eng past o‘sish ko‘rsatkichlari So‘x (57,3%) va Furqat (48,8%) tumanlarida kuzatildi.
Joriy davrda jami umumiy maydoni 1 029,2 ming kv.m bo‘lgan 4085 ta turar-joy ob’yektlari yangi qurib foydalanishga topshirilgan, shundan 606,2 ming kv.m bo‘lgan turar joylar qishloq joylaridagi joylar hisoblanadi. Bundan tashqari 50,6 km suv tarmoqlari ishga tushirildi.
Izoh qoldirish