Farg‘onada o‘ttiz yillik muammolar hal etilmoqda

Farg‘onada o‘ttiz yillik muammolar hal etilmoqda

Davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Farg‘ona viloyatidagi eng og‘ir-murakkab hududlardagi faoliyati bilan dasturlar ijrosi jadallashtirilyapti. Mahallalarda, xonadonlarda kechayotgan sayyor qabullarda yangi-yangi tizimli masalalar yechimi topilyapti. Lo‘ndasini aytganda, xalq bilan muloqotning “Oqqo‘rg‘on tajribasi” bugun Farg‘onaning barcha tuman-shahrida birdek tatbiq etilyapti.

Avvallari bir tumanga belgilangan dastur asosida o‘rtacha 5-6 km ichki yo‘llarni asfaltlash uchun mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, bugun birgina Quva tumanidagi 29 ta mahallada bir paytning o‘zida 192 kmdan ortiq yo‘llarni asfaltlash ishlari ketyapti.

Bu – birgina Quvada joriy yilda 38 baravar ko‘p ichki yo‘llar asfalt qilinyapti, degani. Birgina “Akbarobod” mahallasida 5 km yo‘l asfaltlanishiga guvoh bo‘lib, aholi bilan so‘zlashar ekanmiz, quvaliklar bir iborani tez-tez tilga olishdi: “bu kunlarni 30 yil kutdik...”.

E’tiborlisi, bitta tizimli masala hal qilinishi – Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan yuzlab-minglab murojaatlarga ham yechim topildi deganidir. Aytaylik, Quvaning “Namuna” mahallasidagi 3 km yo‘lga beton qoplanayotgani bilan hududdagi 2 mingdan ziyod aholini o‘ylantirgan eng asosiy muammo hal qilinyapti. Yoki Toshloqning “Tog‘liq” va “Konizar” mahallalaridagi 14,2 km yo‘llar asfaltlashtirilishi bilan qariyb 8 ming nafar aholining uzog‘i yaqin, yo‘li ravon bo‘lyapti.

Marg‘ilonda ham bunyodkorlik ishlari avjida. Shaharning birgina “Yangibog‘” mahallasida 1,5 km ichimlik suvi va 700 metr oqova suv tarmog‘i bunyod etilishi bilan hududdagi qariyb 6 ming 250 nafar aholi to‘liq obi hayot bilan ta’minlanadi.

Qo‘shtepa tumanida esa bu yil 16 ta mahallada 33,6 km. yangi elektr tarmog‘i qurilyapti. Bu 16 ta mahalladagi xonadonlar ham, ularda yashayotgan minglab insonlar qalbi ham charog‘on bo‘ladi degani. Yoki birgina “Dexqonobod” mahallasidagi 1,4 km elektr tarmog‘i tortilishi-yu 100 ga yaqin beton tayanchlar va yangi transformator o‘rnatilishi bilan 200 dan ziyod xonadonning elektr ta’minoti yaxshilanadi.

Davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Farg‘ona viloyatidagi faoliyati davom etyapti.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar