DSQ elektron tijorat sub’yektlarining Milliy reyestrini yaratadi

DSQ elektron tijorat sub’yektlarining Milliy reyestrini yaratadi

"Elektron tijorat ma’muriyatchiligini takomillashtirish va uni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish to‘g‘risida" Prezident farmoni loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda elektron tijoratni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Shunga qaramay, mazkur sohada iste’molchilarning huquqlari buzilishi va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq qator muammo va kamchiliklar mavjud, xususan:

birinchidan, bitimlarni, shuningdek, ularni raqamli makonda amalga oshiruvchi shaxslarni hisobga olish va monitoring qilishning samarali mexanizmi mavjud emas;

ikkinchidan, elektron tijorat ishtirokchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha instrumentlarning takomillashmaganligi;

uchinchidan, elektron tijorat orqali tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchi iste’molchilar huquqlarining himoya qilinmaganligi;

to‘rtinchidan, elektron tijoratning norasmiy sektori rivojlanishi oqibatida soliq bazasining yashirilishi;

Shu munosabat bilan, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash va soliq tushumlarini oshirishga yo‘naltirilgan elektron tijorat ma’muriyatchiligining zamonaviy modelini yaratish maqsadida:

2021 yil 1 apreldan boshlab:

a) tovarlar (xizmatlar) bilan elektron savdoni amalga oshiruvchi (elektron shaklda xizmatlarni amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslar bundan mustasno), keyinchalik ularga tovarlarning (xizmatlarning) elektron savdosi amalga oshiriladigan internet tarmog‘ida, shu jumladan, ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda majburiy joylashtirish uchun maxsus raqamli koddan foydalanadigan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘z faoliyatining boshlanishi haqida soliq organlarini xabardor qilish tartibi joriy etiladi;

b) tovarlarning (xizmatlarning) elektron savdosi:

tovar-moddiy boyliklarni olish uchun elektron shartnomalar, tovar-transport yuk xatlari va ishonchnomalarni rasmiylashtirish, shuningdek, onlayn rejimda davlat soliq xizmati organlariga elektron tijorat doirasida hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘tkazish funksiyasi mavjud bo‘lgan virtual kassalardan foydalanish;

sotuvchi va yuk tashuvchilar tomonidan tovar-kuzatuv hujjatlarini (hisobvaraq-fakturalar (invoys), yuk xati va boshqa hujjatlarni) “Yuk tashish monitoringi” axborot platformasida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

2. Tovarlarning (xizmatlarning) elektron savdosi bo‘yicha faoliyatni boshlash to‘g‘risida quyidagi tartibda soliq organlari xabardor qilinadi:

xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda amalga oshiriladi;

yangi tadbirkorlik sub’yekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish avtomatlashtirilgan tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

3. Elektron tijorat sub’yektlarining Milliy reyestrini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga topshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi 2021 yil 1 sentyabrga qadar elektron tijorat sub’yektlarining Milliy reyestrini modernizatsiya qilishni amalga oshiradi va uning negizida tovarlarning (xizmatlarning) elektron savdosi ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga olishni ta’minlovchi “E-trade” elektron tijoratni boshqarish bo‘yicha yagona axborot platformasi (keyiingi o‘rinlarda - Yagona platforma) yaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Yagona platformaning ishlashini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organ va yagona operator etib belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:

2021 yil 1 sentyabrga qadar xaridlar, hisob-kitoblar va elektron cheklar tarixini saqlash imkoniyatini beruvchi Yagona platformada xaridorlarning shaxsiy kabinetini yaratishni ta’minlaydi;

Yagona platforma ma’lumotlarining maxfiyligini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘riladi;

ikki oy muddatda tovarlar (xizmatlar) elektron savdosi bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq majburiyatlarini bajarish jarayonini avtomatlashtirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi.

Belgilab qo‘yilsinki:

elektron tijorat ishtirokchilari, to‘lov tizimlari tomonidan Yagona platformadan foydalanish, shu jumladan, tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasi bo‘yicha reklamani joylashtirish bepul tarzda amalga oshiriladi;

Yagona platformadan foydalanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va jismoniy shaxslarning ma’lumotlari O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq soliq siri hisoblanadi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ikki oy muddatda tovarlar (xizmatlar) elektron savdosini amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida o‘z faoliyatini boshlaganligi to‘g‘risida soliq organlarini xabardor qilish bo‘yicha xizmatni yaratishni ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda bir oy muddatda:

idoralararo axborot almashinuvi doirasida tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish avtomatlashtirilgan tizimi orqali tovarlarning (xizmatlarning) elektron savdosini amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, faoliyatini boshlaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etilishini ta’minlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tovarlar (xizmatlar) elektron savdosi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat bojini bekor qilish to‘g‘risida takliflar kiritsin.

5. Belgilab qo‘yilsinki,

O‘zbekiston Respublikasida jismoniy shaxslarga xizmatlarni elektron shaklda realizatsiyani amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yishni 2021 yil 1 aprelga qadar amalga oshirganda hisobga qo‘yish muddatlarini buzilganligi uchun javobgarlikdan ozod qilinadi;

2023 yil 1 yanvarga qadar o‘z faoliyatini boshlaganligi to‘g‘risida belgilangan tartibda soliq organlarini xabardor qilgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar uchun tovarlarning (xizmatlarning) elektron savdosini amalga oshirish natijasida olingan daromad yoki foyda bo‘yicha aylanmadan olinadigan soliq va foyda solig‘ining stavkalari, ular tovarlarning (xizmatlarning) elektron savdosi bilan shug‘ullanadigan Elektron tijorat sub’yektlarining milliy reyestriga kiritilgan kiritilmaganligidan qat’iy nazar, 50 foizga pasaytiriladi.

6. 2023 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga tovarlar (xizmatlar) elektron savdosi bilan shug‘ullanuvchi va o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan bitta jismoniy shaxs tomonidan ro‘yxatga olingan tadbirkorlik sub’yektlariga soliq organlarini xabardor qilgan holda quyidagi soliqlarni foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) huquqi taqdim etilsin:

mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza bermasdan turib aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha - ularni keyinchalik 24 oy davomida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan;

ijtimoiy soliq va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha - uni keyinchalik 24 oy davomida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan.

7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi soliq organlariga soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida, shu jumladan, tovarlar (xizmatlar) elektron savdosini soliq organlarini xabardor qilmasdan, shuningdek, Internet tarmog‘ida maxsus raqamli koddan foydalanmasdan amalga oshiruvchi shaxslar to‘g‘risida xabar beruvchi shaxslarni rag‘batlantirish bo‘yicha choralarni ko‘rsin.

Muhokama 2021 yil 7 martga qadar davom etadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar