Har bir murojaat ortida inson taqdiri yotibdi

Har bir murojaat ortida inson taqdiri yotibdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati, tuman va shahar Xalq qabulxonalari tomonidan joriy yil o‘tgan davrida 15 ming 90 ta murojaat qabul qilindi.

Shundan 13 ming 577 tasi bugungi kunga qadar ko‘rib chiqilishi ta’minlandi. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 10 ming 192 tasi qanoatlantirildi.

Qabul qilingan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda eng ko‘p murojaatlar ish bilan ta’minlash va bandlik, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash (moddiy yordam), kommunal sohalar, sud-huquq, bank va kredit masalalarida bo‘lgan.

Xalq qabulxonalarining sektor rahbarlari, tegishli tashkilotlar va deputatlar bilan hamkorligi pirovard natijasida Xalq qabulxonalariga 2021 yilda kelib tushgan murojaatlarning qanoatlantirilishi 2020 yilning mos davriga nisbatan 9 foizga, ijobiy hal qilish darajasi 10 foizga oshishiga erishildi.

Romitan tumanida joylashgan “Akbar Sarvinoz Servis” MChJ joriy yil boshida faoliyatini kengaytirib qurilish ish o‘rinlarini kengaytirish maqsadida 150 million so‘m kredit olish uchun Agrobankning tuman filialiga hujjat topshirgan. Biroq bank xodimlari turli bahonalar qilib, uni 2 oy ovora qiladi. So‘ngra tuman Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan. Natijada murojaat ijobiy hal etiladi. Bank tomonidan 150 million so‘m miqdorida kredit ajratildi. Ayni kunda ajratilgan kredit hisobiga qo‘shimcha qurilish mahsuloti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, yangi 6 ta ish o‘rni yaratdi.

2020 yilda aholi muammolarini o‘rganish va hal qilish, kam ta’minlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga yordam ko‘rsatish, kelib tushgan murojaatlarni joyida o‘rganilishi va ijobiy hal qilinishini ta’minlash maqsadida deputatlar hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi. Mazkur tizim asosida joriy yilda 166 ta murojaat o‘rganilib, shundan 123 tasi joyida ijobiy hal qilindi.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida viloyat Xalq qabulxonasiga ijtimoiy tarmoqlar (Facebook, Telegram) orqali murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Joriy yilda Xalq qabulxonalari tomonidan murojaatlar asosida “Mahallabay” o‘rganishlar o‘tkazilib, Buxoro viloyati bo‘yicha aholi uchun dolzarb muammolari ko‘p bo‘lgan, 55 ta og‘ir va olis hududlar ro‘yxatlari shakllantirildi.

Mazkur hududlarda mavjud muammolar bartaraf qilinishini ta’minlash maqsadida, Xalq qabulxonalari tomonidan sektor rahbarlarining sayyor qabullari tashkil qilindi. Aholi yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida, mazkur hududlarda keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Aholi xonadonlari ta’mirlanib, ichki yo‘llar shag‘allashtirilmoqda. Ehtiyojmand oilalarning turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu hududlardan 26 tasi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kiritildi.

Olot tumanidagi og‘ir va olis hududlar toifasiga kiritilgan tuman markazidan 25 km uzoqlikdagi Qirlishon mahallasida na chuchuk suv, na elektr toki va na tabiiy gaz bor edi. Obodonlashtirish davomida toza suv va elektr manbai yetib keldi. Qishloq vrachlik punkti o‘rniga MFY binosida 1 ta xona ajratilgan holda tibbiyot punkti tashkil etilgan. U yerda aholi salomatligini tiklash uchun umuman sharoitlar mavjud emas edi. Qirlishon mahallasida 30-son oilaviy poliklinikaning filiali binosi yangidan qurilish ishlari boshlandi. Bugungi kunda binoda pardozlash ishlari yakunlash arafasida.

Xalq qabulxonalari va sektor rahbarlari tomonidan dolzarb muammolari ko‘p bo‘lgan hududlarda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, muammolarni joylarga borgan holda deputatlar va tegishli mutasaddi tashkilot rahbarlari bilan birgalikda joyida ijobiy hal qilinishini ta’minlash maqsadida, joriy yilda 1 ming 130 marotaba ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi. O‘tkazilgan sayyor qabullarda 5 ming 776 ta masalaga oid murojaat kelib tushgan. Shundan 4 ming 620 tasi bugungi kunga qadar ko‘rib chiqilishi ta’minlanib, 3 ming 676 tasi qanoatlantirildi.

Aholi muammolari sohalar kesimida “Mahallabay”, “Fuqarobay” eng ko‘p murojaat tushgan va muammolar hal etilmayotgan sohalar bo‘yicha monitoringlar o‘tkazildi. Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida hududdagi 67 ta davlat idoralari va tashkilotlarda joyiga borib o‘rganildi. 130 marotaba sektorlarda monitoringlar o‘tkazildi.

O‘tkazilgan o‘rganish va monitoringlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan 234 ta taqdimnoma va takliflar kiritildi. Shunga asosan kamchiliklar bartaraf qilinishi bilan bir qatorda, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning 170 nafar xodimi rasman ogohlantirildi. 50 nafar xodimga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. 11 nafar xodimi egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 3 nafar xodimiga nisbatan jarima jazo choralari qo‘llanildi.

Xalq qabulxonalari tomonidan aholi muammolarini hal qilish borasida izchil ishlar davom ettirilmoqda. Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri yotibdi.

Erkin Qudratov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar