Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Furqat” MFY)

Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Furqat” MFY)

– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?

Bu lavozimga kelishimdan oldin shu mahallada Yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yuritganman. O‘zim Buxoro davlat universitetida bank ishi mutaxassisligi bo‘yicha o‘qiganman. Bu vazifada ishlash davomida mahallada istiqomat qilib kelayotgan aholi va mehnat jamoalarida ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ayniqsa, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘g‘il-qizlar bilan manzilli ishlarni amalga oshirib, ularning hayotda to‘g‘ri yo‘lni topishida amaliy ishlarni tashkil etib keldim. Hozirgi kunda hokim yordamchisi sifatida kambag‘al oila a’zolari bilan ishlash, ularning daromadini oshirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlar bilan yaqindan shug‘ullanib kelmoqdaman.

Har kunlik faoliyatimda mahalla faollari va mahalla xalqi bilan xonadonbay ishlashim Prezidentimizning Yangi O‘zbekiston islohotlari o‘z egasiga yetib borishiga va “Inson qadri” degan so‘z o‘z tasdig‘ini topishiga yordam berish bilan birga hokim yordamchisi sifatida ishlashimga qo‘l kelmoqda.

– Yo‘l boshida eng qiyin bo‘lgan narsa nima bo‘ldi va siz uni qanday yengdingiz?

Hokim yordamchi sifatida, rostini aytsam, uncha qiynalganim yo‘q. Chunki mahalla aholisi bilan yaqindan tanish edim. Yoshlar yetakchisi sifatida hududdagi har bir xonadonga kirib chiqqanman, insonlarning quvonchu tashvishlaridan yaxshi xabardor edim. Qiyinchiliklardan qo‘rqmadim. Menga hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Hokim yordamchilari – Prezidentning mahalladagi vakillari hisoblanadi”, degan so‘zlari kuch va shijoat berdi.

– Mahallangizning joylashuvi, u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari (yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari), aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz?

– “Furqat” mahallasi Buxoro shahrining markazida joylashgan bo‘lib, unda uch mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mahalla hududida 3 ta umumta’lim maktabi (bundan bittasi xususiy maktab), 2 ta davlat bolalar bog‘chasi va 4 ta xususiy bog‘cha, shuningdek, Yuridik texnikum ham mavjud. Bundan tashqari 106 ta tadbirkorlik ob’yekti faoliyat yuritadi. Mahallamizda yirik sanoat korxonalari mavjud emas. MFY hududi Eski shahar turistik zonasiga yaqin bo‘lgani uchun, bu yerda oilaviy va yakka tartibdagi 10 ga yaqin mehmonxona ham joylashgan.

– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?

Mahallamizning asosiy iqtisodiy drayveri uning joylashgan o‘rnini hisobga olgan holda – savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari hisoblanadi. Mahalla shahar markazida joylashgani sababli hududda xizmat ko‘rsatish va savdo yo‘nalishlarida tadbirkorlik faoliyati yaxshi rivojlangan. Bu sohada faoliyat yuritayotgan har bir bir tadbirkor bilan individual ravishda ishlanib, ularda yuzaga kelayotgan barcha muammolar tezkor ravishda hal etib kelinmoqda. Savdo va sayyohlarga xizmat ko‘rsatish faoliyatini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan imtiyozli kredit, subsidiyalar ajratib kelinmoqda. Shuningdek, turizm sohasida ishlayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun zarur malakali kadrlarni tayyorlash uchun o‘quv kurslari ham tashkil qilinib, ularga mahalladagi yoshlar jalb etilmoqda.

Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari uchun alohida imtiyoz, subsidiya va kreditlar bilan tanishtirish va amalda foydalanish uchun kichik qo‘llanmalar ham tarqatildi.

– Xonadonbay o‘rganish natijasida qanday yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqladingiz?

Mahalla aholisi asosan ko‘p qavatli uy va yakka tartibdagi xonadonlarda istiqomat qiladi. Xonadonbay o‘rganishlar natijasida ko‘p qavatli uylarda yarim tayyor mahsulotlarni tayyorlash va yetkazib berish bo‘yicha salohiyat borligi aniqlandi. Chunki ko‘p qavatli uylarda yashovchi ayollar bo‘sh vaqtlarida turli ovqatlar yoki yarim tayyor mahsulotlarni tayyorlab, do‘konlar, kafe va restoranlarga yetkazib berish orqali o‘z daromadlarini oshirishlari mumkin. Yakka tartibdagi xonadonlarga esa quyosh panellari o‘rnatish va bu orqali aholiga yana bir daromad manbai yaratish imkoniyatlari o‘rganildi.

– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi?

Bugungi kunda mahallamizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Birinchidan, davlat tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Yangi O‘zbekiston – yangi imkoniyatlar” dasturi asosida imtiyozli kreditlar ajratilayotgani aholini ishbilarmonlikka undamoqda.

Ikkinchidan, mahallamizda ayrim bo‘sh binolar va hovli yer maydonlarini ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish maqsadida foydalanish imkoni bor. Shuningdek, ayollar va yoshlar uchun tikuvchilik, qandolatchilik, sartaroshlik, avtomobil ta’mirlash va issiqxona xo‘jaliklari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun qulay muhit mavjud.

Misollarga o‘tsak. Mahallada yaqinda “Anisa Plastics” plastmassa idishlar tayyorlash va yetkazib berish xizmati bo‘yicha sanoat korxonasi tashkil etilib, bu yerda 10 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

“Pure water Bukhara” MChJ kichik sanoatdan o‘rta sanoatga o‘tib, katta hajmdagi suv tozalash va qayta qadoqlash faoliyati doirasida yana 5 ta yangi ish o‘rnini tashkil etdi.

Buxoroga Toshkent orqali kelgan KFC brendi ostida yirik ovqatlanish maskani ham ochilish arafasida.Bu korxonada ham 20 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Xullas, bunday tadbirkorlar juda ko‘p va shu boisdan mahalla “yashil hudud” hisoblanib, kambag‘allik, ishsizlik, jinoyatchilik holatlari yo‘q desa bo‘ladigan darajada.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, agar 2024 yil mobaynida mahallada 72 ta MChJ va YaTT bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning soni 116 taga yetdi. Faqat 2025 yil hisobidan asosan xizmat ko‘rsatish va savdo yo‘nalishlarida 50 ga yaqin ishsiz aholi va bitiruvchi yoshlar ish bilan ta’minlandi.

– Biror ehtiyojmand oilani yoki yosh tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, ular hayotida aniq o‘zgarish qilgan holatni keltirib o‘ting.

Mahallamizda istiqomat qiluvchi Fayziyeva Nigora va Rahmatov Islom oddiy zargarlik buyumlarini ta’mirlovchi usta edilar. Ularning faoliyatini kengaytirish maqsadida ustalarga subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratildi. Natijada, hozirgi kunda ular Zargarlik maktabiga asos solib, 30 ortiq shogirdni o‘qitib, mahalliy bozorda talab yuqori bo‘lgan zargar ustalar tayyorlamoqda. Korxona Sara Silver” brendi ostida zargarlik buyumlari tayyorlab, mamlakatimizning barcha viloyatlari va chet ellarga ham yetkazib bermoqda.

– Odamlar sizni ko‘proq qaysi muammolar bo‘yicha izlashadi? Misol keltira olasizmi?

– Har doim mahallamizdagi tadbirkor va kam ta’minlangan oilalar, ishsizlar bilan birinchi bo‘lib o‘zim bog‘lanaman. Ularning o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolishlariga yo‘l qo‘ymayman.

– Ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha mahallada qanday innovatsion yondashuvlardan foydalanildi?

– Bu masalada biz mahallada mavjud muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari ishini yanada kengaytirish, kuchaytirish, shuningdek, yangilarini tashkil etishga ko‘maklashish yo‘lidan bordik. Mahallada tadbirkorlar bilan birgalikda mehmonxona xizmatlari yo‘nalishida yangi “1001 night” MChJ tashkil etildi, ularga zarur moliyaviy ko‘maklar berildi. O‘z navbatida, bu orqali yangi tadbirkorlik sub’yektida 100 dan ortiq ish o‘rni tashkil etilyapti. Bunga o‘xshash misollar anchagina. Shu sababli hozirgi paytda MFYda ishsiz va kambag‘al aholi ko‘rsatkichi 0.01 foizni tashkil etadi.

– Ayol kishi sifatida ham uy ishlarini eplash, ham mahallada mas’ul vazifada ishlash qiyin kechmadimi? Buni qanday epladingiz?

Yoshligimdan tirishqoq va lider qizlardan biri bo‘lganman. Ilm sohasida esa hozirgi kunda PhD ilmiy darajasini olishga tayyorgarlik jarayonidaman. Bank sohasida olima ayol bo‘lishni xohlayman. Hammasiga ulgurishda yaqinlarimning yordami katta bo‘lyapti.

– Bu tizimdagi ish tajribasidan so‘ng, o‘zingizni kelajakda qayerda tasavvur qilasiz? Sizning shaxsiy rivojlanishingiz uchun mahallada ishlash qanday foyda berdi?

– Mahalla menga yaxshi iqtisodchi, yaxshi psixolog, yaxshi kreativ g‘oyalar yaratuvchisi, tadbirkorlik va xalqni eshitish, ular bilan birgalikda yangilik yarata olishni o‘rgatdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu tizimda kirib bormagan masala va muammo yo‘q. Shu sababli har sohadan o‘rganib, yangilik yaratib, o‘z tajriba va bilimlaringizni ham oshira olasiz. Orttirilgan bu bilim, tajriba va ko‘nikmalar kelajakda bizga, albatta, asqatishi, xalqimizga foyda keltirishiga ishonaman!

Jamolliddin Turdimov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №11/2025

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar