Joriy yilning 16 sentyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Hukumati ko‘magi bilan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori (Akselerator) rahbarlarining uchrashuvi videokonferensiya shaklida o‘tkazildi. Tadbirda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbariyati – direktor O. Hakimov, direktor o‘rinbosari U. Abidxadjayev, akselerator koordinatorlari A. Xalmurzayev, M. Babajanov, X. Normurodov va X. Majidovlar ishtirok etishdi.
Shuningdek, bir qator vazirlik va idoralardan ham 60 dan ortiq mas’ullar ishtirok etishdi.
Uchrashuvda Amirlik tomonidan BAA Bosh vazirining Strategiya va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Xuda Al-Xashimi va BAA hukumat Akseleratori rahbari doktor Radhia al-Xashimi ishtirok etishdi.
Mazkur yig‘ilishdan maqsad - davlat organlari va tashkilotlarining mablag‘larini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi dolzarb muammolarni tezkor va samarali yechishga samarali safarbar etish yo‘llarini muhokama qilishdan iborat.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil mart oyida BAAga rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Birlashgan Arab Amirliklarida allaqachon hukumat akseleratorining o‘xshash mexanizmi mavjud. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktyabrdagi qaroriga muvofiq Prezident Administratsiyasi huzurida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tarkibida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning Akseleratori tashkil etildi. 2019 yil 3-8 noyabr kunlari Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi delegatsiyasi BAAga tashrif buyurdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimlari Hukumat Akseleratori faoliyatini tayyorlash bo‘yicha seminarda qatnashdilar (Government Accelerators Training Workshop).
Videokonferensiya davomida uchrashuv qatnashchilari Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat Akseleratori metodologiyasiga muvofiq manfaatdor vazirliklar va idoralar tomonidan 100 kun ichida o‘rganilishi kerak bo‘lgan ustuvor masalalarni aniqladilar. Shuningdek, muammolarni hal qilish uchun BAA Hukumati akseleratoridan soha mutaxassislarini jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, mazkur muammolarga:
- oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish (mas’ul: AT “Xalq banki”, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Markaziy bank);
- shaharlarning bosh rejalarini ishlab chiqish (mas’ul: O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi);
- qurilish ruxsatnomalarini berishni soddalashtirish (ma’sul: O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi);
- kommunal to‘lovlar uchun yagona hisob-kitob tizimini yaratish sohasidagi masalalar kiritildi (mas’ul: AT “Xalq banki”, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi).
Tadbir davomida Akselerator ushbu muammolarni hal qilish uchun aniq rejalar va muddatlarga asoslanib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rgan holda tegishli ishchi guruhlarni tuzdi. Amirliklar tomoni, O‘zbekiston bilan munosabatlarga alohida ahamiyat berilishini ta’kidlab, mavjud kelishuvlar doirasida cheklanib qolmaslik va akseleratorning O‘zbekistondagi faoliyatini amalga oshirishda faol ishtirok yetish niyatlarini e’lon qildi. Videokonferensiyadan so‘ng tomonlar mavjud kelishuvlarni jadal amalga oshirishga sodiq ekanliklarini, shuningdek, yanada intensiv ta’sir o‘tkazish va dolzarb muammolarni tezkor hal qilish uchun har xil darajadagi ikki tomonlama onlayn muzokaralar amaliyotini faollashtirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan ishlash xizmati
Izoh qoldirish