“Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi tasdiqlandi

“Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi tasdiqlandi

Bugun 2020 yil 2 mart kuni “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Prezidenti Farmoni imzolandi.

Bu yilgi davlat dasturi 299ta banddan iborat bo‘lib, unda umumiy qiymati 18,2 trln. so‘m va 10,3 mlrd. AQSh dollariga teng loyihalar tasdiqlanmoqda.

Shulardan:

Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari maqsadli fondlar hisobidan – 12,9 trln. so‘m;

Ijrochilar va banklar mablag‘lari hisobidan – 2 trln. so‘m;

Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va grantlar hisobidan 3,3 trln. so‘m va 10,3 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lgan loyihalardir.

Eslatib o‘tamiz, Davlat dasturi loyihasi 2020 yil 11-20 fevral kunlari jamoatchilik muhokamasi uchun 2020.strategy.uz va regulation.gov.uz veb-portallariga joylashtirilgan edi. Davlat dasturi loyihasi 320ta banddan iborat bo‘lgan holda jamoatchilik muhokamasiga havola etilgandi. Uning doirasida jami qiymati 17,5 trln so‘m va 9,6 mlrd dollarga teng loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgandi.

"Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Prezidenti farmonida keltirilishicha, 2020 yil 1 apreldan Toshkentda doimiy propiskasiz uy sotib olish mumkin bo‘ladi:

ko‘chmas mulk xarid qilishda O‘zbekistan fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talabi va yangi qurilgan uylar bo‘yicha oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasi bekor qilinmoqda;

doimiy propiskaga qo‘yishda bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi qoidalariga rioya etish talabi belgilanmoqda (ushbu qoida qarindoshlarni doimiy propiskaga qo‘yishda tatbiq etilmaydi);

(ijtimoiy norma 1 kishi hisobiga - 16 kv.m.dan, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun - 23 kv.m.dan kam bo‘lmagan hajmda belgilangan.

Davlat dasturiga ko‘ra, 2020 yil 1 apreldan 1995 yilgacha O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon doimiy istiqomat qilayotgan shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligini avtomatik tarzda berish amaliyoti joriy qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida Vazirlar Mahkamasiga bu masalani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda ko‘rib chiqish haqida topshiriq bergan edi.

Shuningdek, dasturda 2020 yilda Qonunchilik palatasi va Senat faoliyatiga:

fuqarolar murojaatlari asosida Internet tarmog‘ida parlament va deputat so‘rovlarini shakllantirish amaliyoti;

saylovchilar bilan bevosita muloqot qilish maqsadida elektron portal va mobil ilovadan foydalanish imkonini beruvchi “Elektron parlament” tizimini joriy etish belgilanmoqda.

2020 yil 1 iyuldan boshlab Qonunchilik palatasi majlislarida:

davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining o‘z faoliyati bo‘yicha;

hukumat a’zolari va tarmoqlar rahbarlarining BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axborotini muntazam eshitish tartibi joriy qilinmoqda.

2020 yil 1 mayga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisiga hisob beradigan korrupsiyaga qarshi kurashish buyicha mustaqil organni tuzish ishlari yakuniga yetkaziladi.

Bundan tashqari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan:

“Raqamli O‘zbekiston - 2030” dasturi loyihasi ishlab chiqiladi;

“Elektron hukumat” tizimi takomillashtiriladi;

mahalliy IT-texnologiyalari bozori salohiyati oshiriladi;

davlat ma’lumotlarini boshqarish tizimi yaratiladi.

2020 yil 1 maydan faqat tomonlarning (prokurordan tashqari) murojaati bo‘lganda prokurorning sud qarori qonuniy kuchga kirgan ishlarni suddan talab qilib olishi mumkinligi belgilanmoqda.

2020 yil 1 iyuldan boshlab:

“Mening fikrim" veb-portalining mobil ilovasini ishga tushirish va uning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash;

murojaatlarni deputatlar, mutaxassislar va keng jamoatchilikni jalb qilgan holda OAVda muhokama qilish belgilanmoqda.

2020 yil 1 avgustga qadar Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambag‘allikni qisqartirish dasturi loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklanmoqda.

2020 yilda pensiyani hisoblash uchun mehnat stajini tasdiqlash va ish haqi miqdorini belgilashda arxiv ma’lumotlarini taqdim etmasdan:

2005-2016 yillar davri uchun jamg‘arilib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan;

2016-2018 yillar davri uchun Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri ma’lumotlaridan;

2019 yil uchun fuqarolar ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestri ma’lumotlaridan foydalanish bo‘yicha mexanizm joriy etiladi.

2020 yildan paxta yetishtirish va majburiy sotish hajmini, uning narxini davlat tomonidan belgilash amaliyotini bekor qilish, g‘alla sotish parametrlarini 25 foizga kamaytirish belgilanmoqda.

2020 yil 1 iyunga kadar Adliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan FHDYo organlari faoliyatiga:

xizmatlardan masofadan turib va eksterritorial foydalanish;

videokonferensaloqa, “onlayn” navbat va pochta aloqasi xizmatlarini amalga oshirish imkonini beruvchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha takliflar kiritiladi.

2020 yilda litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni kamida ikki baravar qisqartirish nazarda tutilmoqda.

2020 yil oxiriga qadar 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini joriy qilgan holda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 60 foizga yetkaziladi.

2020/2021 o‘quv yilidan o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilarining yuklamasi maqbullashtiriladi va oliy ta’lim muassasalarida asosiy mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar 2 baravar qisqartiriladi.

2020 yil 1 sentyabrdan maktablarda bolalarni elektron o‘qitish bo‘yicha tajriba tariqasidagi axborot tizimlari (elektron darslik va kundaliklar) qog‘oz hujjatlarni bekor qilgan holda joriy etiladi.

2020/2021 o‘quv yilidan:

oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari bosqichma-bosqich ikki baravar oshiriladi (22 696 tadan 45 392 taga);

talabalarga o‘quv yili davomida teng ulushda kamida 4 marotaba o‘qish uchun pul to‘lash imkoniyati taqdim etiladi;

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent davlat yuridik universitetida tajriba tariqasida masofaviy o‘qitish shakli joriy etiladi.

2020 yil yakuniga qadar majburiy tibbiy sug‘urta tizimini joriy etishga tayyorgarlik yakuniga yetkaziladi va 2021 yilda ushbu tizim tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida ishga tushiriladi.

2020 yil 1 mayga qadar:

O‘zini o‘zi band qilayotgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladigan faoliyat turlari qayta ko‘rib chiqiladi;

mazkur jarayonlarni raqamlashtirish, “frilansing” (masofadan turib ishlash) imkoniyatlarini ommalashtirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" ishlab chiqiladi.

Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda tashqi siyosat sohasida:

2020 yil 1 sentyabrga qadar xalqaro standartlarni inobatga olgan holda davlat siri deb hisoblangan ma’lumotlar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish hamda uni maxfiylikdan chiqarish bo‘yicha choralar ko‘riladi;

2020 yil 1 sentyabrga qadar kiberxavfsizlikka doyr milliy strategiya va qonun loyihasi ishlab chiqiladi;

2020 yil 1 mayga kadar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistan Respublikasining milliy strategiyasi tayyorlanadi;

2020 yil 1 iyunga qadar O‘zbekistan Respublikasi yagona axborot siyosati konsepsiyasi ishlab chiqiladi;

2020 yil iyul oyida - “Xalqaro do‘stlik kuni” munosabati bilan birinchi marta “Do‘stlik haftaligi” va “Do‘stlik” xalqaro forum-festivali o‘tkaziladi;

2020 yil may oyida - Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi tashkillashtiriladi.

“Xalqaro munozara klubi”ning tashkil etilishi nazarda tutilmoqda va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, islohotlarni amalga oshirishning muhim masalalari bo‘yicha jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish hamda ommaviy axborot vositalarida keng yoritish;

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini doimiy ravishda baholab borish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida aholi va ekspertlar o‘rtasida so‘rovlar hamda o‘rganishlar o‘tkazib borish.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar