O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan bugun rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi 2017-2024 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni tahlil qildi.
Munosabatlarning rivojlanish dinamikasi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik faol rivojlanmoqda, bu tovar ayirboshlash hajmining ortib borayotgani va iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi faol o‘zaro hamkorlikda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 1992 yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon mamlakatlar o‘zlarining iqtisodiy aloqalarini kengaytirishga intilishdi, bu so‘nggi yillarda ayniqsa, sezilarli bo‘ldi.
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi savdo
2017 yildan 2024 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,6 barobarga, eksport 1,3 barobarga, import 1,6 barobarga oshgan. Bu raqamlar ikki davlatning o‘zaro savdoni kengaytirishga qiziqishi ortib borayotganidan dalolatdir.
O‘tgan 8 yil davomida O‘zbekistonning Malayziyaga eksportining asosiy tovarlari kimyoviy o‘g‘itlar va xizmatlar, importi esa palma yog‘i, hayvonot va o‘simlik moylari, kimyoviy va yuvish vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari, tayyor mahsulotlar va xizmatlar bo‘ldi.
2024 yilda O‘zbekiston eksporti 6 million dollarni tashkil etdi, shundan 41 foizini oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, sabzavot, dukkakli va mevalar, 55 foizini kimyoviy moddalar, xususan, o‘g‘itlar tashkil etdi.
Malayziyadan import hajmi 96,4 million dollarni tashkil etdi, shundan 23 foizi kakao kukuni, kofe ekstrakti, souslar va qandolat mahsulotlari kabi oziq-ovqat mahsulotlariga to‘g‘ri keldi. Hayvon va o‘simlik yog‘lari, jumladan palma va kakos yog‘i 44%, yuvish vositalari va spirtli aralashmalar - 14%. Shuningdek, importning 9 foizini mashina va transport uskunalari, 4 foizini transport xizmatlari, 2,1 foizini tibbiy mahsulotlar tashkil etdi.
Investiyaviy hamkorlik
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik o‘sish va rivojlanish uchun katta salohiyatdan dalolat beradi. 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Malayziya investitsiyasi ishtirokidagi 36 ta korxona ro‘yxatga olingan, bu O‘zbekiston bozoriga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.
2017-2024 yillarda Malayziyadan O‘zbekistonga yo‘naltirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning umumiy hajmi 12,9 million dollarni tashkil etdi.
Xulosa
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yanada rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega. Ikkala mamlakatning o‘zaro savdo va investitsiyalarga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida aloqalarni mustahkamlash uchun imkoniyatlar yaratmoqda. Bu iqtisodiy rivojlanishga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga va aholining turmush darajasini yaxshilashga yordam beradi.
Hamkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun kompleks yondashuvni qo‘llash va mavjud imkoniyatlardan faol foydalanish zarur.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish