“O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, kambag‘al va ishsiz aholini, ayniqsa, xotin-qizlarni va yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida qaror loyihasi ishlab chiqiladi.
Bunda kambag‘al, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish mahalla, tuman (shahar) va hudud markazlari darajasida “mahallada kasb-hunarga o‘qitish maskanlari – tuman kasb-hunarga o‘qitish markazlari – hudud “Ishga marhamat” monomarkazlari” mexanizmi asosida amalga oshiriladi.
Loyihada shuningdek, quyidagilar nazarda tutiladi:
- 2020 yil 1 iyulga qadar har bir hududda kamida bittadan “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” bo‘yicha nodavlat tashkilotlari o‘rtasida tanlov o‘tkazish, tanlov g‘oliblariga o‘z ishini tashkil qilish uchun grant ajratish;
- 2020 yil 1 oktyabrga qadar har bir hududda kamida bittadan “Ishga marhamat” monomarkazlari yoki kasb-hunarga tayyorlash markazlarini tashkil etish;
- 2020 yil 1 iyunga qadar Rossiya Federatsiyasining o‘zbekistonlik mehnat migrantlari eng ko‘p faoliyat yuritayotgan hududlarini aniqlab, dastlabki bosqichda kamida 5 ta shaharda migrantlarni kasbga o‘qitish va rus tilini o‘rgatishni tashkil etish.
Qaror bilan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Izoh qoldirish