Ishonch va hayotdan rozilik ifodasi

Ishonch va hayotdan rozilik ifodasi

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston orzusi, bugungi kunlarimizga nisbatan aytganda, hozirgi davrning taqozosi, uning asl qiyofasini, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan g‘oyaviy-ma’naviy asos, xalqimizga xos yaratuvchanlik shijoati va keng ko‘lamli islohotlarimizning yaqqol ifodasidir”.

Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga yurtdoshlarimizdan kelayotgan ko‘plab minnatdorlik maktublarida ham el-yurtimiz hayotidagi tarixiy o‘zgarishlar keng e’tirof etilayotgani, mamlakatimiz rahbarining mustaqillikning o‘ttiz bir yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida bayon qilingan fikrlar, xususan, 2026 yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida ta’lim, sud tizimi, tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash va aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida ilgari surilgan yangi g‘oya va tashabbuslar faol qo‘llab-quvvatlanayotganini kuzatish mumkin.

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri Qizilqum mahallasida yashovchi Guljan Davletmuratova, Naupir mahallasida istiqomat qiluvchi Mahmudboy Rayimov, Jeke terek mahallasida yashovchi Guljahon Jamolova, Xo‘jayli tumani Bayterek mahallasidan Gulayim Smetullayeva, Xo‘jayli tumani “Samanko‘l” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Nuraddin Rozimov, Bo‘zatovning “Bo‘zatov” shaharcha fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Nursultan Jantlevov, To‘rtko‘l tumani “Sho‘raxon” ovul fuqarolar yig‘inidan Egamberdi Rajabov, Taxiatosh tumani Shamchiroq mahallasida yashovchi Mayrambay Jumagaliyev kabi yurtdoshlarimiz maktublarida davlatimiz rahbari Orolbo‘yi hududlarini har tomonlama rivojlantirishga doimiy e’tibor qaratayotgani, dasturlar doirasida ovul va mahallalar chiroy ochayotgani, suv ta’minoti, maktabgacha ta’lim qamrovi darajasi oshayotgani ta’kidlanadi. Yaqinda hudud aholisi uchun qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berilgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildiriladi.

Nukuslik Guljahon Jamolova yo‘llagan maktubda “bu yil bizning Jeke terek mahallamiz ham tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi: yo‘llarimiz ta’mirlanib, asfaltlandi, necha yillik orzularimiz ushalib, uylarimizga ichimlik suvi tarmog‘i tortib berildi, “Yoshlar daftari”dagi farzandlarimiz safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat qilishi uchun to‘lovlar to‘lab berildi, ishsiz qizlarimizga esa uyida ishlab daromad topishi uchun tikuv mashinalari tarqatildi, kreditlar berilmoqda va bularning barchasi uchun Sizga katta rahmat, muhtaram Prezident!”, deb ta’kidlangan bo‘lsa, taxiatoshlik Mayrambay Jumagaliyev Prezident virtual qabulxonasiga murojaatimizdan so‘ng davlatimiz eng katta himoyachimiz ekanini yana bir marta angladik, ishdan bo‘shatishmoqchi edi, endi barchasi joyiga tushdi, Prezidentimiz adolati bilan o‘z ish o‘rnimizni saqlab qoldik, hammasi uchun davlatimizdan minnatdormiz”, deyiladi.

Haqiqatan ham, davlatimiz rahbarining bayram nutqida aytib o‘tilganidek, o‘tgan davrda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil barcha bo‘g‘indagi rahbarlar uchun faoliyat dasturiga aylangani, vazir va hokimlar, deputat va senatorlar, rahbar va mutasaddilar, buyuk shoirimiz Cho‘lpon aytganidek, xalq ichiga kirib, xalqdan kuch olib, yangi yondashuv asosida xalqimizga xizmat qilayotgani demokratik islohotlar natijadorligini ta’minlashda eng muhim va hal qiluvchi omil bo‘lmoqda. Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalariga har kuni kelib tushayotgan yuzlab minnatdorlik xatlarida ham “men bilan uchrashishdi”, “meni tinglashdi”, “muammomni joyida hal qilishdi” kabi iboralarga tez-tez duch kelamiz. Aytaylik, Toshkent shahri Chilonzor tumani “Bekto‘pi” mahalla fuqarolar yig‘ini Bekto‘pi ko‘chasi 2-uyda yashovchi Zahro Yoqubova doimiy dori-darmon bilan ta’minlanayotgani, Olmazor tumani Chig‘atoy darvoza mahallasidan Rinat Aglyamov davlatimizning katta yordami bilan og‘ir xastalikni yengib o‘tib, yana sog‘lom hayotga qaytgani, Yakkasaroy tumani Armug‘on mahallasida istiqomat qiluvchi 2-guruh nogironi Vasiliy Ivaxenko mahalla vakillari holidan doimiy xabar olib, ko‘mak ko‘rsatib kelayotgani, Yakkasaroy tumani To‘qimachi mahallasida yashovchi pensioner Galina Jukova sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilayotgani, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani Bahor mahallasida yashovchi Yevdokiya Ivkina huquq va manfaatlari himoya qilinib, qonun va adolat ustuvorligi ta’minlangani, Andijon viloyati Buloqboshi tumani Mirzakalon Ismoiliy nomidagi mahallada yashovchi Omina Qodirova Xo‘jaobod tibbiyot kollejida o‘qishi uchun shartnoma puli to‘lab berilgani, Toshkent viloyati Zangiota tumani Ibrat mahallasida yashovchi Baxtigul O‘rinbekova quloq implanti bepul qo‘yib berilgani, Xorazm viloyati Urganch shahridagi Istiqlol mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Muborak Mahmudova mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratilgan imtiyoz va sharoitlar tufayli Nukus davlat pedagogika institutining boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingani, Urganch shahri Obi-hayot mahallasidan 1-guruh nogironi Oybek Matkarimov yengil tipdagi do‘koncha qurib berilgani, Jizzax viloyati Baxmal tumani Saroy mahallasidan Noryigit Nurmatov tumandagi 30-sonli maktabga ishga joylashishda amaliy yordam berilgani, Samarqand shahrida yashovchi Jaloliddin Jamolov ichki ishlar tizimiga kadrlar tanlash bo‘yicha shaffof, xolis va adolatli imtihon tizimi yo‘lga qo‘yilgani bois sohaga ishga qabul qilingani, Samarqand viloyati Tayloq tumani Fayziobod mahallasida yashovchi Sharifjon Jo‘rayev 1-guruh nogironi bo‘lgan qizi Shahnoza Jo‘rayeva turar-joy bilan ta’minlangani uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirgan.

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

To‘rt farzandim bilan 13 yil ijarada kun kechirdim. Davlatimiz bizni hech qachon o‘z holimizga tashlab qo‘ymadi. Har doim holimizdan xabar olib turishdi. Mana, yaqinda bizga ijtimoiy uy ajratishdi. Bu koshonaning har bir qarichi biz uchun aziz, qadrli. Xalqimizning “o‘z uyim – o‘lan to‘shagim”, degan maqoli mag‘zini endi tushunib yetayotgandekmiz. Agar Siz shunday insonparvar, xalqchil siyosatni yo‘lga qo‘ymaganingizda, bilmadim, biz hech qachon uyli bo‘la olmas edik. Vatanimizdan toabad qarzdormiz, farzandlarimni el-yurt xizmatiga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalayman”, deyiladi Samarqand shahri Nurli kelajak mahallasida yashovchi Gulnoza Mamedova yo‘llagan maktubda.

Xorazm viloyati Shovot tumani Bo‘ston mahallasida yashovchi Darmon Najimova, Tuproqqal’a tumani Sharlovuq mahallasidan Gulnora Ro‘ziboyeva, Qo‘shko‘pir tumani Shixmashhad mahallasida istiqomat qiluvchi Bekposhsha Iskandarova, Hazorasp tumani Juvarxos mahallasida yashovchi Hakim Ahmedov, Urganch shahri Do‘stlik mahallasidan Hamza Otaboyevning bayram munosabati bilan yuborilgan xatlarida keyingi besh yil ichida viloyatdagi tuman markazlari, yuzga yaqin qishloq va mahallalar obod qilingani, “Ochiq osmon ostidagi muzey” nomini olgan Xiva shahriga temir yo‘l yetib borgani, yangi vokzal ishga tushirilgani, tezyurar poyezd Xivaga olib kelinayotgani, Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi boshlangani davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik so‘zlari bitilgan.

Ayniqsa, el-yurt ozodligi yo‘lida kurashgan buyuk ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi xotirasiga bag‘ishlab Urganch shahrida muhtasham yodgorlik majmuasi bunyod etilgani Vatanga sadoqat, farzandlik mehri va iymon-e’tiqod bilan xizmat qilishning ramzi bo‘lgani ta’kidlanadi.

“Sulton Jaloliddinning 25 metrli muazzam haykali hamisha mustaqillik qadrini, erkin va ozod yashash baxt-saodatini, Yangi O‘zbekistonda nainki bugungi avlodga mansub insonlar, balki buyuk ajdodlarimiz xotirasi ham aziz ekanini bizga hamisha eslatib turadi”, deyiladi.

Shovot tumani Oqko‘l mahallasidagi 15-maktabning “Yosh shaxmatchilar” to‘garagi rahbari Xushnudbek Shixovning tabrik maktubida esa yaqinda shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgani timsolida ulug‘ ajdodlarimiz zakosi bugungi avlodlar intellektida yangicha ma’no-mazmun bilan namoyon bo‘layotgani ta’kidlanadi.

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboyev, Javohir Sindorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov kabi yurt o‘g‘lonlari iste’dodiga butun dunyo yana bir bor tan bergani Siz asos solayotgan Yangi O‘zbekiston, Uchinchi Renessans poydevorini barpo qilish g‘oyasi naqadar mustahkam, chuqur o‘ylangan pragmatik siyosat ifodasi ekanini butun jahon bo‘ylab yaqqol namoyon etdi. Siz yaratib berayotgan shart-sharoitlar tufayli, Xudo xohlasa, shaxmatchi qizlarimiz ham Olimpiya chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘ladi, yana to‘rt yildan so‘ng Vatanimizda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida ham mamlakatimiz vakillari “dunyo intellektlari toji”ni o‘zlarida saqlab qolishadi. Biz shaxmat murabbiylari Sizga yangi-yangi chempionlar avlodini tarbiyalashga va’da beramizki, bu bilan o‘zbek shaxmat maktabining “oltin zanjir”i yanada mustahkamlanadi”.

Albatta, faxr-iftixor, shukronalik va minnatdorlik tuyg‘ulariga to‘la bunday samimiy dil so‘zlarini, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlar, tub o‘zgarish va islohotlar yuzasidan bildirilgan fikr va mulohazalarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Davlatimiz rahbari nomiga yo‘llangan bu maktublar bilan tanishar ekanmiz, jonajon Vatanimizning turli hududlarida yashayotgan, har xil soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan ko‘pmillatli xalqimizni O‘zbekistonning buguni va kelajagiga bo‘lgan qat’iy ishonch, yagona ahil oila, yagona xalq tuyg‘usi, mamlakatimiz yechakchisiga bo‘lgan mehr va sadoqat, Prezidentimiz olib borayotgan siyosatga daxldorlik va xayrixohlik, el-yurt tinchligi hamda ravnaqiga kamarbastalik fazilatlari birlashtirib turganini chuqur his qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentining Xalq qabulxonasi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar