Iste’mol savati: O‘zbekistonda ushbu haftada qaysi mahsulotlar arzonlashdi va narxlari oshdi

Iste’mol savati: O‘zbekistonda ushbu haftada qaysi mahsulotlar arzonlashdi va narxlari oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2020 yil 18 avgust holatiga ko‘ra aholining iste’mol savatchasidagi oziq-ovqat narxlari indeksini ishlab chiqildi.

Ma’lumot uchun: indeks go‘sht va sut mahsulotlari (mol go‘shti, qo‘y go‘shti, parranda go‘shti, sut, tuxum), sabzavotlar (piyoz, karam, pomidor, sabzi, bodring, kartoshka), mevalar (olma, nok), poliz mahsulotlari (tarvuz, qovun, qovoq, uzum), dukkakli ekinlar (no‘xat, loviya, mosh), guruch, un, makaron, sabzavot, sariyog‘ va shakar kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini hisobga olgan holda hisoblandi.

Yagona indeksni tuzishda, mamlakat aholisining iste’mol odatlarini tavsiflovchi og‘irliklar qo‘llanildi (ya’ni, aholi o‘rtasida ushbu mahsulot qancha ko‘p iste’mol qilinsa, uning og‘irligi shuncha yuqori bo‘ladi).

Natijada quyidagilar aniqlandi:

2020 yil 18 avgust holatiga oziq-ovqat narxlari indeksi respublikada o‘tgan haftaga nisbatan + 0,46% tashkil etdi. O‘tgan haftaga nisbatan mavsumiy oziq-ovqat mahsulotlarida narxlarning pasayishi kuzatildi.

Ma’lumot uchun: pomidorning o‘rtacha narxi (1 kg) -4,5% ga tushib, 2892 so‘mni tashkil etdi. Tarvuz va qovunning narxi -2,7 foizga pasaygan va ularning narxi mos ravishda 1338 so‘m va 2362 so‘mni qayd etdi. Uzum (-1,5%) va kartoshkaning (-1,2%) o‘rtacha narxi 1% dan ko‘proqqa pasaydi va ularning o‘rtacha narxi (1 kg) mos ravishda 9290 so‘m va 3723 so‘mni tashkil etdi. Olma (9150 so‘m) va nok (13718 so‘m) kabi mevalar narxi oldingi haftaga nisbatan 1% ga pasaydi (1-jadval).

Turli xil go‘sht narxlari va o‘simlik yog‘i, guruch, makaron mahsulotlari, shakar va boshqalar narxlarining o‘sishi kuzatildi.

Shunday qilib, bodringning o‘rtacha narxi (+ 4,7%) 2854 so‘mni, sabzi (+ 2,0%) 2551 so‘mni tashkil qildi.

Mol go‘shti (+ 1,5%), qo‘y go‘shti (1,6%) narxlari sezilarli darajada oshdi va ularning o‘rtacha narxi (1 kg) mos ravishda 54009 so‘m va 56282 so‘mni tashkil etdi, baliq go‘shti (+ 0,5%) va parranda go‘shti (+ 0,3%) narxlari esa biroz ko‘tarildi va ularning o‘rtacha narxi mos ravishda 23436 so‘m va 21169 so‘mni tashkil etdi.

Bug‘doy uni va sut kabi mahsulotlar narxi avvalgi haftaga nisbatan deyarli o‘zgarishsiz qoldi.

Asosiy mahsulotlarning narxi, aynan guruchning (+ 0,5%) o‘rtacha narxi 9804 so‘m, o‘simlik yog‘i (+ 0,8%) 11078 so‘m, makaron (+ 0,2%) 7535 so‘m, shakar (+0,1). %) 6210 so‘mni tashkil qildi, (1-jadval).

1-jadval. 18 avgust holatiga O‘zbekiston Respublikasida oziq-ovqat mahsulotlarining narxi o‘tgan haftaga nisbatan o‘sishi yoki pasayishi, (%)

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika xizmati tezkor ma’lumotlari asosida muallif hisob-kitoblari

Hududlar miqyosida Andijon (-0,07%), Xorazm (-0,05%) va Buxoro (-0,04%) viloyatlarida oziq-ovqat narxlari indeksining bir oz pasayishi kuzatildi, bu esa ushbu hududlarda oziq-ovqat narxlarining pasayganligidan dalolat beradi.

Namangan viloyatida oziq-ovqat narxlari indeksi deyarli o‘zgarmadi, bu esa oldingi haftaga nisbatan oziq-ovqat narxlarining barqarorligidan dalolat beradi.

Navoiy viloyatida indeksning o‘sishi kuzatildi va +1,93%ni tashkil etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Samarqand viloyatida indeksning o‘tgan haftaga nisbatan o‘sishi qayd etildi va mos ravishda +1,02% va +1,17%ga teng bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning qaroriga binoan, avgust oyining birinchi haftasida kam ta’minlangan oilalarga 148 milliard so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi.

Avgust oyi oxiriga qadar 1,7 million kishi va 50 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari uchun 780 milliard so‘m to‘lanadi. Shuningdek, joriy yil oxiriga qadar 1,7 million kam ta’minlangan fuqarolar, 3,7 million nafaqaxo‘rlar va qo‘shimcha 500 ming ijtimoiy nafaqaxo‘rlar uchun byudjetdan qo‘shimcha 2 trillion so‘m ajratiladi.

Iste’mol savatchasi narxlari indeksining dinamikasi shuni ko‘rsatadiki, avgust oyining birinchi haftasida aholiga moddiy yordam ko‘rsatilgandan so‘ng, 11 avgustdan boshlab ko‘plab oziq-ovqat mahsulotlariga talab kuchayib oziq-ovqat narxlarining o‘sish indeksi 11 avgustdagi +0,31% dan 18-avgustda + 0,46% oshishiga olib keldi (1-rasm).

1-rasm. Iste’mol savatidan oziq-ovqat narxlari indeksining dinamikasi

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika xizmati tezkor ma’lumotlari asosida muallif hisob-kitoblari

Malika Jumaniyozova

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar