Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamg‘armasiga 7,46 million dollar ajratiladi

Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamg‘armasiga 7,46 million dollar ajratiladi

“Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5011-son, 02.03.2021 y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2021–2022 yillar uchun elektrotexnika tarmog‘i samaradorligining asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.

Jumladan, tarmoqdagi ish o‘rinlari sonini 2021 yilda 27 mingtaga, 2022 yilda 34 mingtaga yetkazish nazarda tutilgan.

Qaror bilan 2021–2022 yillarda elektrotexnika sanoatida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish dasturi tasdiqlandi.

Dasturga ko‘ra, sohada jami 136 ta loyihaning amalga oshirilishi, bu orqali esa 9 657 ta ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.

2021 yil 1 martdan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan foiz stavkasi bilan milliy valyutada beriladigan kreditlarning 20 milliard so‘mgacha bo‘lgan qismi bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi, biroq 5 foizli punktdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda uch yilgacha kompensatsiya qilinadi.

2024 yil 1 yanvargacha elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarni barcha mamlakatlarga eksport qilishda avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizini, biroq mahsulotlar eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) avtomobil transportida 15 foizidan, temir yo‘l transportida 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplashga subsidiyalar taqdim etiladi.

2021 yil 1 apreldan 2024 yil 1 yanvargacha elektrotexnika mahsulotlarini sotishdan tushgan tushumi miqdori umumiy tushumining 80 foizidan kam bo‘lmagan elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha stavkalar 50 foizga kamaytiriladi.

Qarorga ko‘ra, Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish jamg‘armasiga 2021 yilning birinchi, ikkinchi va uchinchi choraklarida teng ulushlarda 75 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.

2022 yil martdan har yili Elektrotexnika va elektronika xalqaro savdo ko‘rgazmasi (“Uzbek International Electrotechnics & Electronics Fair”) tashkil qilinadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar