Joriy yilda qabul test sinovlari 2 ta mutaxassislik fanlaridan o‘tkaziladi

Joriy yilda qabul test sinovlari 2 ta mutaxassislik fanlaridan o‘tkaziladi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi joriy yilda oliy ta’lim muassasasiga abituriyentlarning uyidan chiqmagan holda ro‘yxatdan o‘tishini tashkil etish choralarini ko‘rayotganini ta’kidladi. Shuningdek, kirish test sinovlarini sodda shaklda va qisqa vaqt ichida o‘tkazish kabi yengilliklar yaratish bo‘yicha ham kerakli ishlar olib borilmoqda.

“Joriy yilning 30 aprel kuni Prezident rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar va tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik, idora, tashkilotlar tomonidan kiritilgan takliflar asosida faqat 2020–2021-o‘quv yili uchun istisno tariqasida qabul test sinovlari majburiy fanlarsiz, 2 ta mutaxassislik fanlaridan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda”, deyiladi DTM xabarida.

Shuningdek, mavjud karantin holatidan kelib chiqib, infeksiya butunlay bartaraf etilmagan sharoitda abituriyentlarning 1000 o‘rinlik binolarda 3-4 soat qolib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, shuning uchun mazkur o‘quv yilida test sinovlari o‘tkaziladigan binolarda ko‘pi bilan 700 tagacha o‘rin tayyorlanishi belgilanmoqda.

DTMga ko‘ra, har bir abituriyent uchun kamida 3 kv.m joy ajratiladi, sanitariya-gigiyena talablariga binoan, ularda niqob, qo‘lqop bilan testda ishtirok etishi ta’minlanadi. Abituriyentning tana harorati o‘lchangach, binoga kiritiladi. Binolar kamida 4 marotaba dezinfeksiya qilinadi. Bularning bari test topshiruvchilar, guruh nazoratchilari va jarayonga jalb etilgan boshqa shaxslarning salomatligini himoyalash maqsadida amalga oshiriladi.

Qayd etilgan ushbu jarayon ham karantin cheklovlari butunlay olib tashlangandan so‘ng amalga oshiriladi.

Keyingi o‘quv yilidan boshlab, hamma jarayon belgilangan tartib-qoidalar asosida bo‘ladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar