Avtomobil bozori
2021 yilning iyun oyida avtomobil bozorida aholining talabi joriy yilning may oyiga nisbatan 13,7%ga oshib, mo‘’tadil o‘sishni ko‘rsatdi.
Avtomobillar savdosining o‘sishi 2020 yilning iyun oyiga nisbatan 12,9 foizni, 2019 yilning shu davriga nisbatan esa 29,6 foizni tashkil etdi.
1-rasm. 2021 yil iyun oyida ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni o‘zgarishi indeksi
Hisobot davrida ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni barcha viloyatlarda (Sirdaryo viloyatidan tashqari) yuqori sur’atlarda oshdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Namangan (22,6%), Navoiy (20,9%), Samarqand (18,8%), Farg‘ona (16,2%) va Toshkent (16,4%) viloyatlarida qayd etildi.
2-rasm. 2021 yil yanvar-may oylarida avtomobil kreditlari va avtomobillarga bo‘lgan talab o‘rtasidagi bog‘liqlik
Izoh: Sharchalar hajmi avtokreditlar sonini ko‘rsatadi
Tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, avtokreditlar hajmi va avtomobillarga bo‘lgan talab o‘rtasida sezilarli darajada bog‘liqlik mavjud. Avtokreditlar hajmining 10%ga oshishi ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar sonining 4% ga oshishiga olib keladi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning yanvar-may oylarida respublika bo‘yicha aholiga 2,67 trln. so‘mlik avtokreditlar berildi. Bu esa 2020 yilning shu davriga nisbatan 40,5%ga ko‘proqdir. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Toshkent shahrida (o‘sish - 104,2%ga yoki 1,1 trln. so‘m), Xorazm (66,5% ga yoki 155,7 mlrd. so‘m), Buxoro (49,8% ga yoki 152,2 mlrd. so‘m), Andijon (42,7% ga yoki 95,2 mlrd. so‘m) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (56,3% ga yoki 173 mlrd. so‘m) kuzatildi.
2021 yilning iyun oyida 18,9 mingta yangi avtomobil ro‘yxatga olindi. Ulardan 1171 tasi (6,2%) chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillardir.
Chet elda ishlab chiqarilgan avtomobillar eng ko‘p sotilgan hududlar Toshkent shahri (yangi avtomobillarning 11,8%), Toshkent (5,7%), Samarqand (3%) va Xorazm (2,4%) viloyatlari bo‘ldi.
3-rasm. 2021 yilning yanvar-iyun oylarida mahalliy va chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi ulushi
O‘tgan yilda O‘zbekiston avtomobil bozori talab oshgani inobatga olinsa, koronavirus ta’sirini minimal deb hisoblash mumkin. Respublikada karantinning eng og‘ir bosqichi aprel oyiga to‘g‘ri keldi va avtotransport vositalari savdosining 73,8% ga pasayishiga olib keldi, biroq iyun oyida avtosalonlar yana ish boshladi va yilning ikkinchi yarmida bozorda o‘sish kuzatildi.
Yarimo‘tkazgichlarning (zamonaviy mashinalarda juda murakkab elektronikani boshqarish uchun ishlatiladigan kompyuter chiplar) taqchilligi avtomobillarni yetkazib berishni sekinlashtirib, kutish vaqtlarini ko‘paytirar ekan, deyarli har bir avto brend yangi avtomobillarni yetkazib berish uchun kurashishda davom etmoqda. Ko‘plab xaridorlar allaqachon buyurtma berishgan va hozirda avtomobillarining yetkazib berilishini kutishmoqda.
Ko‘plab dilerlar yaqin oylarda yetkazib berilishi kerak bo‘lgan katta miqdordagi buyurtmalarga ega, bu esa yilning ikkinchi yarmida avtomobillar savdosi o‘sishi mumkinligini ko‘rsatadi.
* Ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlarining batafsil tahlili Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga so‘rovga binoan taqdim etilishi mumkin.
Xalilulloh Hamidov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Bosh ilmiy xodimi
tel: (78) 150-02-02
Izoh qoldirish