Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlarida talab o‘zgarishi doimiy ravishda tahlil qilib kelinmoqda. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida ushbu bozorlarda talabning oshishi O‘zbekistonda iqtisodiy faollik to‘liq tiklanganligini ko‘rsatmoqda.
Joriy yilning aprel oyida mamlakatimizda ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni 20,8 mingtani tashkil etdi, bu esa mart oyiga nisbatan 2,5% ga, 2019 yilning aprel oyiga (16,2 ming) nisbatan 28,1% ga ko‘proqdir. 2020 yilning aprel oyida koronavirus pandemiyasi tufayli bu ko‘rsatkich 2,1 mingga tushib ketgan edi, bu esa fevral oyiga nisbatan 87,6%ga, mart oyiga nisbatan 86,1% ga kam.
1-rasm. 2021 yil aprel oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni o‘zgarishi indeksi
Ko‘chmas mulk bozorining 30%dan ortig‘i Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Joriy yilning aprel oyida poytaxtimizda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalar soni 6,76 mingtani tashkil etdi, bu mart oyiga nisbatan 9,5%ga ko‘pdir. Shu bilan birga, 2019 yilning shu davriga nisbatan o‘sish 83,4% ni tashkil etdi.
O‘tgan yilning aprel oyida poytaxtimizda bu ko‘rsatkich 214 mingtagacha, fevral oyiga nisbatan 95,8%ga, mart oyiga nisbatan esa 95,4%ga kamaygan edi.
Hududlar kesimida ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari sonining eng yuqori yillik o‘sish sur’atlari Toshkent (9,5%), Farg‘ona (9,4%), Sirdaryo (5,9%) va Toshkent (3,3%) viloyatlarida kuzatildi.
Ta’kidlash kerakki, bu ko‘rsatkich Surxondaryo (13,7%), Jizzax (9,9%) va Navoiy (8,4%) viloyatlarida sezilarli darajada kamaydi.
2021 yilning 1-choragida jami 1578,3 mlrd. so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi. Joriy yilning 1 aprel holatiga ko‘ra ipoteka kreditlari qoldig‘i 29,4 trln. so‘mni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,1 trln. so‘m (yoki 31,8%)ga ko‘p hisoblanadi.
Shundan, 455,5 mlrd. so‘m (ipoteka kreditlari umumiy hajmining 28,8 %) Toshkent shahriga, 144,5 mlrd. so‘m (9,1%) Andijon, 127,9 mlrd. so‘m (8,1%) Farg‘ona va 122,9 mlrd. so‘m (7,8%) Surxondaryo viloyatlariga to‘g‘ri keldi.
2-rasm. 2021 yilning yanvar-mart oylarida berilgan ipoteka kreditlari
Tahlil natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, ipoteka bozorini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bera boshladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda joriy yilning mart oyi boshidan boshlangan umumiy moliyalashtirish qiymati 1,1 mlrd. dollarga teng uy-joy qurilishi dasturining amalga oshirilishi ko‘chmas mulk bozorini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Shuningdek, qurilish hajmini oshirishning asosiy omili aholining uy-joyga bo‘lgan yuqori talabi bo‘lib qolmoqda.
Ayni vaqtda uy-joy narxining oshishi kutilmayapti, chunki hukumat tomonidan uy-joylar kvadrat metrining narxi 4 million so‘mdan oshmasligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Xususan, bunga arzon qurilish materiallari bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yish orqali erishish rejalashtirilgan.
Uy-joy qurilishi dasturining amalga oshirilishi qurilish bozorini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi, bu esa o‘z navbatida pandemiyadan keyingi davrda iqtisodiy rivojlanishga qo‘shimcha turtki beradi.
Xalilulloh Hamidov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi
Izoh qoldirish