AOKAda Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Zayniddin Aralov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Brifingda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi haqida ma’lumot berildi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi ilk bor tajriba-sinov tariqasida 2019 yilning 1 oktyabridan boshlab Sirdaryo viloyatida joriy etildi va tizim muvaffaqiyati deb topilganligi sabab 2020 yilning sentyabr oyidan respublikaning barcha hududlariga bosqichma bosqich joriy etildi.
Kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash hamda ularga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining 05.03.2021 yildagi 122-sonli qarori qabul qilindi.
Bugungi kunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga 13 ta vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan 44 turdagi ma’lumotlar elektron olinmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini yanada kengaytirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash bilan bog‘liq quyidagi asosiy o‘zgartirishlar kiritildi.
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab:
- amalda bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga 14 yoshgacha bolalari uchun nafaqa va 2 yoshgacha bolani parvarish qilish nafaqasi o‘rniga yagona bolalar nafaqasi joriy etildi.
- bolalar yoshi me’yori 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi.
- to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytirildi.
- nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanishi joriy etildi. Bunda:
- 3 yoshgacha bitta farzandi uchun – 325 ming so‘m;
- 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun – 250 ming so‘m;
- ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha – 150 ming so‘m;
- uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha – 100 ming so‘mdan;
- farzandi bo‘lmagan yoki farzandlari 18 yoshdan katta bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanmoqda.
- moddiy yordamning miqdori – 380 ming so‘mni tashkil etadi.
Avvalgi tartib bilan solishtiriladigan bo‘lsa, bunda kam ta’minlangan oilalarni moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlanishi bo‘yicha anchagina qulayliklar bo‘ldi. Misol uchun, 3 nafar farzandi bor oila kichik farzandi uchun 484 ming so‘m (un-qolipli non bilan birga) olayotgan bo‘lsa, endilikda, 575 ming so‘m miqdorida nafaqa oladigan bo‘ldi.
Yoki 4 ta farzandi bor oila 384 ming so‘m miqdorida 14 yoshgacha nafaqa olib kelgan bo‘lsa, ushbu oila ham endilikda 600 ming so‘m miqdorida nafaqa olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lovlarini o‘z vaqtida manzilli va maqsadli yetib borishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 21.10.2021 yildagi 654-sonli “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan:
2021 yilning 1 sentyabridan – oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad miqdori 393,8 ming so‘mdan 440 ming so‘mga oshirildi.
2022 yildan boshlab – oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmaganda oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etilishi belgilab qo‘yildi.
Murojaat qilish tartibi: Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza zarur hujjatlar bilan birga bevosita ariza beruvchining doimiy yoki vaqtincha yashash manzilidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etiladi.
Arizalar quyidagi hollarda rad etiladi:
- oilaning har bir a’zosiga belgilangan me’yor (440 ming so‘m)dan yuqori daromadi mavjud bo‘lganda;
- 2 va undan ortiq ko‘chmas mulki yoki bir va undan ortiq noturar joy binolari mavjud bo‘lganda;
- oila a’zolarining o‘z nomiga rasmiylashtilgan yoki bosh ishonchnoma asosida foydalanayotgan ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshmagan texnik xolati soz bo‘lgan yengil avtotransport vositasi bo‘lganda;
- ishlab chiqarilgan muddati 15 yildan oshmagan, texnik holati soz bo‘lgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi, avtobus, mikroavtobus, ekskavator, traktor, kombayn, yuk tashuvchi avtotransport vositalarining tirkamalari va yarim tirkamalari, avtokran va boshqa qurilish texnikasi;
- 2 yoki undan ortiq texnik xolati soz bo‘lgan avtotransport vositasi mavjud bo‘lganda;
- ariza beruvchi va oila a’zolarining tijorat banklaridagi depozit hisob raqamlarida ariza bergan oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiqroq miqdorda mablag‘lar mavjud bo‘lganda;
- ariza beruvchi va oila a’zolarining mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining besh baravari va undan ortiqroq miqdorlarda qimmatli qog‘ozlar mavjud bo‘lganda ;
- Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Mudofaa sanoati qo‘mitasi hamda ularning tizimidagi tashkilotlari xizmatchilari va xodimlari yoki ularning oila a’zolari, shuningdek, pensionerlari tomonidan arizalar taqdim etilganda;
- Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi to‘g‘risidagi Nizomga asosan pensiyalar bilan ta’minlanganda;
- Oilada mehnat organlari tomonidan tayinlangan ishsizlik nafaqasini olayotgan a’zolari mavjud bo‘lganda;
- oilada oxirgi 12 oy davomida ish qidirayotgan a’zosi mehnat organlarining ishga doir taklifini ikki yoki undan ortiq marotaba rad etganda;
- daromadning rasmiy manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi 6 oy maboynida ish izlab mehnat organlariga xisobda turmagan, o‘zini-o‘zi band shaxslar ro‘yxatiga kiritilmagan yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlari ishtirokchisi hisoblanmagan oilaning mehnatga layoqatli a’zosi mavjud bo‘lganda nafaqalar tayinlash rad etiladi.
- Ushbu qoida quyidagilarga nisbatan qo‘llanilmaydi:
- “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida hisobda turgan shaxslarga;
- bola uch yoshga to‘lguniga qadar parvarish qililayotgan onalarga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga);
- ta’lim muassasalarida o‘qiyotganlarga (ta’limning kechki va sirtqi shakllari bundan mustasno);
- ishlamaydigan pensionerlarga, davlat pensiyasi tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga va mehnatga layoqatsizlik yuzasidan nafaqa oluvchi fuqarolarga, OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga, I yoki II guruh va bolalikdan nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha shaxslarga;
- amalda tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritish bilan band bo‘lgan oila a’zolariga;
- 18 yoshgacha bolalikdan nogironligi bo‘lgan, shu jumladan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarning onalariga (onasi bo‘lmagan holda otasiga), oila a’zosi hisoblangan I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsni yoki o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarni parvarish qilayotganlarga;
- chet elda ishlaydigan yoki chet elda tadbirkorlik va boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi oila a’zolariga;
- sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo‘yicha jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lganligi munosabati bilan oilada bo‘lmagan a’zolariga;
- oilaning chaqiriq bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan a’zolariga;
- bolasini yolg‘iz tarbiyalayotgan yolg‘iz onalar (otalar)ga hamda nikohi bekor qilingan ayollarga;
- rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi bir yil mobaynida “Temir daftar” ro‘yxatida bo‘lgan oilalarga;
- to‘rt va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan farzandi mavjud bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli har bir a’zosiga nisbatan.
Nafaqani tayinlash yoki rad etish to‘g‘risida qaror inson omilisiz “Yagona reyestr” tomonidan avtomatik ravishda qabul qilinadi.
Nafaqani tayinlash yoki rad etish qarori haqida arizachiga SMS xabar orqali ma’lum qilinadi.
Aytib o‘tish zarurki, mazkur o‘zgarishlar amaldagi kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalarni tayinlash tizimi kamchiliklarini bartaraf etish va ijtimoiy adolatli tizimni yaratishga ko‘maklashadi.
Shuni alohida takidlab o‘tish joizki, 2021 yil 1 sentyabrga qadar tayinlangan ijtimoiy nafaqa va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam avtomatik tarzda, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatishning yangi tartibiga asosan nafaqa miqdori oshishi nazarda tutilgan fuqarolardan qo‘shimcha ariza va hujjatlar talab etmagan holda, kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasiga o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.
Izoh qoldirish