Markaziy bank ilk marta turmush darajasi va inflyasiya haqida ma’lumot berdi

Markaziy bank ilk marta turmush darajasi va inflyasiya haqida ma’lumot berdi

O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan hududlar kesimida daromadlari darajasi bo‘yicha tasniflangan aholi guruhlariga nisbatan inflyasiyaning ta’siri o‘rganilib, axborot-tahliliy ma’lumot berildi.

Xususan, uy xo‘jaliklari xarajatlari va daromadlari bo‘yicha so‘rov (UXDS) natijalari hamda hududlar kesimidagi iste’mol narxlari indeksi (INI) ma’lumotlari asosida uy xo‘jaliklari daromadlari va xarajatlari o‘sishi tahlil qilindi. Shuningdek, olingan natijalar asosida INI va yashash qiymati o‘rtasidagi tafovutlar o‘rganildi.

So‘rov natijalarida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, uy xo‘jaliklari daromadlarining taqsimlanishida respondentlarning asosiy qismi — 38,7 foizi oyiga 2−4 mln so‘m daromadga ega bo‘lganlar guruhiga kiradi:

Har xil daromadga ega uy xo‘jaliklari guruhlari xarajatlari tarkibidagi tafovut tahlili kam daromadga ega bo‘lgan uy xo‘jaliklari yuqori daromadli guruhlarga qaraganda o‘z xarajatlarining ko‘proq qismini oziq-ovqat mahsulotlariga va kamroq qismini nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar (ya’ni transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqalar)ga sarflaydilar:

Daromad darajasining o‘sib borishi bilan iste’mol tarkibidagi oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi sezilarli darajada pasaymoqda. Daromadlari 6 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan uy xo‘jaliklarining iste’mol savatidagi oziq-ovqat mahsulotlari ulushining daromadi 2 mln so‘mdan past bo‘lgan uy xo‘jaliklarinikiga qaraganda o‘rtacha 26 foiz bandga kam.

Respondentlarning yosh guruhlari bo‘yicha tahlil, keksalar tomonidan daromadlarining ko‘proq qismini (o‘rtacha 80 foizini) oziq-ovqat mahsulotlariga, yoshlar tomonidan esa — nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlariga sarflanishini ko‘rsatdi.

Bunda 30−55 yoshdagi aholining xarajatlari 30 yoshgacha bo‘lgan yosh guruhiga nisbatan 18 foiz, 55 yoshdan oshgan aholiga nisbatan 63 foizga ko‘proq.

30−55 yoshdagi aholi iste’moli tarkibida nooziq-ovqat tovarlari ulushining nisbatan yuqori bo‘lishi ushbu guruh vakillari kommunal xizmatlar va boshqa moliyaviy majburiyatlarning asosiy to‘lovchilari ekanligi bilan izohlanadi.

Hududiy inflyasiya ko‘rsatkichlari

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hududlar kesimida inflyasiya darajasi respublika bo‘yicha o‘rtacha darajadan sezilarli farq qiladi.

Mamlakat bo‘ylab yuqori daromadli hududlarda nisbatan yuqori inflyasiya darajasi kuzatilmoqda. Toshkent shahri, Toshkent va Buxoro viloyatlari kabi yuqori daromadli hududlarda (Navoiy viloyatidan tashqari) inflyasiya darajasi respublika bo‘yicha o‘rtacha umumiy inflyasiya darajasidan yuqori shakllangan. Ushbu hududlar aholisi respublika umumiy aholisining 30 foizini tashkil etadi.

Uy xo‘jaliklari nisbatan past daromadga ega bo‘lgan hududlar, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridagi inflyasiya darajasi mamlakatdagi o‘rtacha inflyasiya darajasiga nisbatan past hisoblanadi. Mazkur hududlarda mamlakat umumiy aholisining 27 foizi istiqomat qiladi.

Aksariyat hududlarda past daromadga ega o‘zbekistonliklar nisbatan yuqori inflyasiya darajasini sezganlar.

Daromadlari 1−2 va 2−4 mln so‘m atrofida bo‘lgan uy xo‘jaliklari daromadlari 6 mln so‘m va undan ko‘proq bo‘lganlarga nisbatan 0,6−1,4 foiz bandga yuqoriroq inflyasiya darajasini sezganlar.

2019 yilda oziq-ovqat inflyasiyasi 18,6 foizni tashkil etgan va mos ravishda nisbatan kam daromadli guruhlar xarajatlarining katta qismi oziq-ovqatlarga sarf qilinishi natijasida ularda yuqori inflyasiya sezilgan.

Shuningdek, kam daromadli aholi guruhlari yil davomida nooziq-ovqat tovarlari narxlari o‘sish darajasining pasayishidan kamroq manfaat ko‘rishdi. Yuqori daromadli hududlarda yashovchi kam daromadli uy xo‘jaliklari yashash qiymatining ko‘proq o‘sishiga duch kelmoqdalar, deyiladi tahlilda:

Oylik sezilgan inflyasiya dinamikasi ham daromad darajasi turlicha bo‘lgan uy xo‘jaliklari o‘rtasida sezilarli darajada farq qiladi. Bunda kam daromadli uy xo‘jaliklarining iste’mol to‘plamida oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi yuqoriligi sababli, ushbu uy xo‘jaliklariga mavsumiy o‘zgarishlar oqibatida yuzaga keladigan oziq-ovqat inflyasiyasi yanada kuchliroq ta’sir etadi.

2019 yil avgust oyida valyuta kursi devalvatsiyasi tufayli narxlarning oshishi yuqori daromadli uy xo‘jaliklari tomonidan ko‘proq sezildi, chunki ular nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlarini sotib olishga ko‘proq pul sarflashadi.

Umuman olganda, eng yuqori va eng past daromadga ega guruhlar uchun sezilgan inflyasiya darajalari tafovuti 1,5 foiz bandni tashkil etadi.

Bundan tashqari, oylik inflyasiya darajasida mavsumiy omillar sababli oziq-ovqat mahsulotlari narxlari pasayganda past daromadli oilalar kamroq inflyasiyani sezadilar.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida 2019 yilda aholining umumiy daromadlari 21,9 foizga oshdi va umumiy xarajatlarning o‘sishi ham shunga mutanosib darajada o‘sdi.

Tadqiqot ma’lumotlari daromad darajasi nisbatan yuqori aholi guruhlarida (daromadlari 3 mln so‘mgacha bo‘lgan uy xo‘jaliklari bundan mustasno) umumiy daromadlar ularning umumiy xarajatlari miqdoridan yuqoriligini ko‘rsatmoqda va bu uy xo‘jaliklariga o‘z daromadlarining bir qismini tejash imkonini beradi.

Shu bilan birga, UXDS ma’lumotlarining batafsil tahlili quyidagilarni ko‘rsatmoqda:

  • Xarajatlari miqdori daromadlaridan yuqori bo‘lgan uy xo‘jaliklari. Bu guruhga pul ko‘rinishidagi daromadlariga nisbatan ko‘proq xarajat qiladigan, asosan kam daromadli guruhga mansub uy xo‘jaliklari kiradi va iste’molining ma’lum qismini uy sharoitida yetishtirishi yoki xarajatlarning bir qismini qisqa muddatli qarz majburiyatlari bilan qoplashi bilan izohlash mumkin.
  • Nisbatan kam daromadli va yuqori darajadagi moliyaviy majburiyatli uy xo‘jaliklari. Mazkur uy xo‘jaliklarining moliyaviy majburiyatlari, shu jumladan, kredit to‘lovlari ancha yuqori darajada. Natijada nisbatan kam miqdordagi tejashga ega bo‘lgan ushbu uy xo‘jaliklari narxlar va daromad darajasidagi o‘zgarishlarga (shoklarga) juda ta’sirchan hisoblanadi.
  • Qat’iy belgilangan daromad oluvchi uy xo‘jaliklari. 2019 yilda aholining yalpi real daromadlari 6,5 foiz darajasida o‘sgan bo‘lsa-da, daromadlarining real o‘sishi kam bo‘lgan yoki umuman o‘smagan aholi guruhi mavjud (nafaqadagilar yoki qat’iy belgilangan daromad oluvchilar).

Umuman olganda, tadqiqot natijalariga ko‘ra, uy xo‘jaliklari tomonidan seziladigan inflyasiya darajasi xarajatlar tarkibi va narxlarning o‘zgarishiga qarab farq qiladi.

Xususan, yuqori darajada shaharlashgan hududlarda istiqomat qiluvchi kam daromadli uy xo‘jaliklari yuqori darajadagi inflyasiyani sezadilar.

Umumlashtirilgan holda yashash qiymatining o‘sish darajasi o‘rtacha daromadlar o‘sishiga mutanosib bo‘ladi. Ayni paytda alohida guruhlar bo‘yicha tahlillar, yashash qiymatining o‘sishiga juda ta’sirchan bo‘lgan aholi guruhlari mavjudligini ko‘rsatdi, xususan:

  • xarajatlari miqdori umumiy daromadlaridan yuqori bo‘lgan uy xo‘jaliklari;
  • kam daromadli va yuqori darajadagi moliyaviy majburiyatlarga ega uy xo‘jaliklari;
  • qat’iy belgilangan daromad oluvchi uy xo‘jaliklari, shu jumladan, nafaqa oluvchilar.

Xulosa

Inqirozli vaziyat va cheklov choralari sharoitida, aholining past darajada daromad oladigan qatlamlari asosiy iste’mol tovarlar narxlari o‘zgarishiga kuchliroq ta’sirchan bo‘ladi. Past daromad oladigan aholining asosiy qismi iqtisodiyotning norasmiy sektorida faoliyat yuritishi hisobga olinsa, iqtisodiy faollikning pasayishi, birinchi navbatda, ularning daromadlariga ta’sir ko‘rsatadi.

Shu sababli, yashash qiymati masalasi joriy vaziyatda muhim ahamiyat kasb etadi va past darajada daromad olayotgan aholi farovonligini oshirish uchun samarali chora-tadbirlar ishlab chiqishni taqozo etadi.

Qisqa muddatga mo‘ljallangan chora-tadbirlar:

  • bozorlarni yashash uchun muhim bo‘lgan iste’mol tovarlari bilan ta’minlash hamda tovarlar taklifini rag‘batlantirish va yetkazib berish zanjirini tashkil etish orqali ular narxining keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • ishga layoqatsiz shaxslar, shu jumladan, yolg‘iz ona va nogironligi bo‘lgan shaxslarga moliyaviy yordam ko‘rsatish va muhim iste’mol mahsulotlari bilan ta’minlash;
  • ishsiz yoki kam ta’minlanganligi sababli sharoiti og‘ir bo‘lgan mehnatga layoqatli shaxslarga malaka oshirish yo‘li bilan yangi ish o‘rinlari yaratgan va sharoitlarni yaxshilagan tadbirkorlarni rag‘batlantirish;
  • qishloq joylarda agrar sohani isloh qilish orqali yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish.

Uzoq muddatga mo‘ljallangan chora-tadbirlar:

  • davlat va xalqaro moliyaviy institutlar mablag‘lari hisobiga oliy o‘quv yurtlarida kam ta’minlanganlar uchun kvota joylarini ajratish orqali «ijtimoiy ko‘tarilish» institutini yaratish;
  • aholini maqbul uy-joy va jamoat transporti bilan ta’minlash, moliyaviy ta’lim va aholining moliyaviy savodxonlik darajasini oshirish;
  • zamonaviy ta’limni moliyalashtirishni kengaytirish va zamonaviy axborot texnologiyalari, injenerlik, biotibbiyot va boshqa shu kabi zamonaviy mutaxassisliklarga yo‘naltirish;
  • kam ta’minlangan oilalar uchun maktab-gimnaziyalar sonini ko‘paytirish va bolalarni sifatli o‘rta ta’lim bilan ta’minlash.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar