Moliyaviy sektorni isloh qilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Jahon banki ekspertlarining texnik ko‘magida innovatsion SupTech texnologiyalari va yechimlari bilan o‘zining nazorat tizimi imkoniyatlarini kengaytirish uchun ko‘p bosqichli transformatsiya dasturini boshladi.
SupTech ma’lumotlarni tezkor va yirik miqdorda qayta ishlash, jarayonlarni avtomatlashtirish va optimallashtirish, asosiy risklarni tahlil qilish va tendensiyalarni aniqlash orqali tartibga soluvchilarga ichki nazorat jarayonlarini moliyaviy sektorning raqamli transformatsiyasiga mos keladigan tarzda optimallashtirish va qayta tashkil etish imkonini beruvchi texnologiyalar va yechimlarni o‘z ichiga oladi.
Xalqaro tajriba ko‘rsatmoqdaki, SupTech ko‘plab nazorat organlari uchun ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish, nazorat funksiyalari xarajatlarini qisqartirish, qarorlar qabul qilish tizimini takomillashtirish, risklarni pasaytirish va moliyaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha strategik ustuvor yo‘nalishga aylanmoqda.
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan SupTech yechimlaridan foydalanilishi nazorat qilinadigan tashkilotlar faoliyatida nazorat yukini qisqartirish, ma’lumotlar taqdim etish jarayonlarini takomillashtirish, me’yoriy hujjatlarga amal qilinishida xarajatlarni qisqartirish kabi holatlarga ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Uzoq muddatli istiqbolda SupTech yordamida transformatsiyaning amalga oshirilishi moliya sohasidagi boshqa islohotlar bilan birgalikda Markaziy bankka inklyuzivlik, innovatsiya, samaradorlik va barqaror iqtisodiy o‘sishga asoslangan ishonchli moliyaviy tizimni rivojlantirish bo‘yicha strategik maqsadlarga erishishda yordam beradi.
Izoh qoldirish