Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari​

Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari​
Toshkentda 25 noyabr kuni “Markaziy Osiyo mamlakatlarida ishlab chiqarish salohiyati, savdo va barqaror rivojlantirish maqsadlari” mavzusida mintaqaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi shafeligida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimiz vazirlik va idoralari, Yevropa Ittifoqi, Osiyo taraqqiyot banki kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar ishtirok etdi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska va boshqalar Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘ziga xos rivojlanish strategiyalarini uzviy hamkorlikda amalga oshirish, bunda savdo va iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yoshlar bandligini ta’minlash, yashil iqtisodiyotni joriy etish, gender tengligiga erishishdek ezgu maqsadlarning ro‘yobga chiqarilishi Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang ekani ta’kidlandi. Tadbir doirasida O‘zbekistondagi islohotlar, xususan, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlikni rag‘batlantirish, qulay biznes va investitsiya muhitini yaratish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan loyihalar e’tirof etildi. So‘nggi uch yilda mamlakatda yalpi ichki mahsulot hajmi muntazam o‘sib borayotgani, O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 10 mingdan ortgani, Jahon banki tomonidan e’lon qilingan reytingda O‘zbekiston keyingi bir yil ichida 69 pog‘ona yuqorilagani qayd etildi. Konferensiya shu’ba majlislarida Markaziy Osiyo mamlakatlarida barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan istiqbolli yo‘nalishlar, mavjud tahdidlarning atroflicha tahlili, ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, mintaqaviy qishloq xo‘jaligi biznesini yo‘lga qo‘yish me’yorlari, o‘zaro savdo amaliyotini soddalashtirish kabi qator muhim masalalar yuzasidan fikr almashildi. Bojxona, savdo va bozor ma’lumotlari, barqaror rivojlanish klasteri, iqtisodiy tadqiqotlar va mintaqaviy hamkorlik, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro ekspertlar ma’ruzalari tinglandi. So‘nggi yillarda mintaqa davlatlari o‘rtasida savdo aloqalarini kengaytirish, sohada ilg‘or tajriba almashish, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirish kabi muhim yo‘nalishlarda o‘zaro fikr almashishda mazkur konferensiya qulay platforma vazifasini o‘tayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tadbir yakunida Markaziy Osiyoda ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, savdo, iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, ushbu jarayonni global iqtisodiy taraqqiyot sharoitida amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga kelishib olindi. Manba: O‘zA
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar