«Namangan tajribasi» asosida hududlar bilan ishlashning yangi tizimi joriy etilmoqda

«Namangan tajribasi» asosida hududlar bilan ishlashning yangi tizimi joriy etilmoqda

Davlat rahbarining joriy yil 23 iyun kuni Namangan viloyatiga tashrifi davomida «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 25 iyun kuni viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, soliq boshqarmasi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan qo‘shma qaror qabul qilinib, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtiruvchi shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shunga muvofiq, barcha shahar va tumanlarda ishchi guruhlar tashkil etildi.

Ayni paytda hududlarda yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish hamda qonunbuzilishlarning oldini olishga qaratilgan amaliy tadbirlar izchil olib borilmoqda.

Shu bilan birga, hududlar bilan ishlashning ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan mutlaqo yangi tizimi joriy etilmoqda. Xalq deputatlari viloyat Kengashining XXIV sessiyasida viloyatning barcha shahar va tumanlarida qo‘shimcha zaxiralar hamda iqtisodiy salohiyatni safarbar etishga qaratilgan «yo‘l xaritalari» rasman tasdiqlandi.

Sessiya ishini xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi S. Muminov olib bordi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Obid Hakimov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari raislari, respublika vazirlik va idoralarining mas’ul rahbarlari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Sessiyada Davlat rahbarining Namanganga tashrifi davomida berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga ilm-fan, innovatsiyalar va ilmiy asoslangan yondashuvlarga tayangan holda erishish zarurligi ta’kidlandi. Shu asosda hududlar bilan ishlashga ilmiy yondashuvni olib kirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizimni joriy qilish belgilandi.

Bu borada Namangan tajribasi sifatida barcha shahar va tumanlarga respublikadan 14 ta «aql markazi» biriktirildi.

Ushbu markazlar tomonidan hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida jami 126 ta masala aniqlandi. Shundan sanoat korxonalari faoliyatini tiklash bo‘yicha 39 ta, xizmatlar sohasini rivojlantirish yo‘nalishida 35 ta, ijtimoiy sohaga oid 21 ta, qishloq xo‘jaligida 18 ta, yo‘l infratuzilmasida 10 ta hamda boshqa yo‘nalishlarda 3 ta masala belgilandi.

Aniqlangan masalalar asosida qo‘shimcha zaxira hamda imkoniyatlarni safarbar etish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqildi.

Shuningdek, bundan buyon doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Namangan viloyatiga «aql markazi» sifatida O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi biriktirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Obid Hakimov «Namangan tajribasi» sifatida amalga oshirilayotgan ushbu tizimning ahamiyati haqida to‘xtaldi.

Sessiyada Namangan shahri hamda tumanlar hokimlari biriktirilgan «aql markazlari» bilan hamkorlikda qo‘shimcha zaxira hamda imkoniyatlarni safarbar etish bo‘yicha ishlab chiqilgan «yo‘l xaritalari» yuzasidan hisobot berdilar.

Muzokaralar davomida har bir yo‘nalish va ob’yekt bo‘yicha mavjud muammolar hamda ularning yechimlari atroflicha tahlil qilindi. Loyihalarni yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi. Bu borada mas’ullar va deputatlarning takliflari tinglandi.

Sessiya yakunida ko‘rilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar