Davlat statistika qo‘mitasi 2021 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, hududlar bo‘yicha aholining shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida kuzatildi.
O‘zbekiston bo‘yicha 10 000 aholiga nisbatan shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi o‘rtacha 27 nafarni tashkil etadi.
Respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori ta’minlanganlik Toshkent shahri, Navoiy, Buxoro va Xorazm viloyatlarida qayd etildi. Namangan, Qashqadaryo, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida esa aholining shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi mos ravishda 18,2, 17,9, 16,1 va 15 nafarni tashkil etdi.
Hududlar bo‘yicha aholining shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi
Namangan viloyati tumanlar kesimida 2020 yilgi sog‘liqni saqlash bo‘yicha ko‘rsatkichlar tahlil qilinganda, viloyatda jami faoliyat yuritgan tibbiy muassasalari 108 ta, shundan 44 ta shifoxona Namangan shahrida joylashgan. Mazkur shifoxonalarda bemorlar uchun 12244 ta o‘rin ajratilgan. Ambulator-poliklinikalar soni jami 333 ta bo‘lib, Namangan shahrida 89 ta va Norin tumanida 14 tani tashkil etadi. Namangan viloyatida so‘nggi yillarda onalar o‘limi soni qisqarib, Respublika bo‘yicha eng kam o‘lim (4 ta) holati qayd etilgan hududlardan biriga aylandi.
Go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi har 1000 nafar tirik tug‘ilgan go‘dakka nisbatan 10,6 nafarni tashkil etib, Respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori hisoblanadi. Viloyatning shahar hududlarida go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi (12,0 nafar) qishloq hududlariga (7,8 nafar) nisbatan yuqori ekanligi qayd etildi. 5 yoshgacha bolalar o‘limi holatlari ko‘rsatkichi-1000 nafar tirik tug‘ilgan bolaga nisbatan shahar hududlarida 16,0 va qishloq joylarida 10,8 nafarni tashkil etadi.
Respublika bo‘yicha kam vaznli bolalar ulushi jami ko‘rikdan o‘tkazilganlarga nisbatan 0,9%ni tashkil etsa, Namangan viloyatida bu ko‘rsatkich nisbatan yuqori (1,1%) ekanligi kuzatildi.
Viloyatda 5 221 nafar shifokor jami 2 810,8 ming nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Shifokorlar bilan ta’minlanganlikning eng yuqori darajasi Namangan shahri (37,6 nafar) va eng past darajasi Namangan tumani (9,1 nafar)da kuzatilgan.
Shuningdek, Uchqo‘rg‘on, Pop va Mingbuloq tumanlarida 10 000 nafar aholiga nisbatan shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi mos ravishda 18,2; 17,1 va 15,2 nafarni tashkil etadi. Shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi To‘raqo‘rg‘on (11,3 nafar), Kosonsoy(11,1 nafar) va Uychi(10,9 nafar) tumanlarida qayd etilgan. Viloyatning shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi Albaniyadagi mazkur ko‘rsatkichga yaqin hisoblanadi.
Tuman(shahar)lar bo‘yicha aholining shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi
Aholining shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi nafaqat sifatli tibbiy xizmatni ta’minlaydi, balki iqtisodiy o‘sishga ta’sir ko‘rsatuvchi inson kapitalining ajralmas bo‘lagi hisoblanadi.
Tadqiqotlar ko‘rsatadiki, boshqa omillar o‘zgarmaganda, aholining o‘rtacha hayot davomiyligi 50 yoshdan 70 yoshgacha ortishi iqtisodiy o‘sish sur’atini yiliga 1,4 punktga o‘sishini ta’minlaydi.
Shoiraxon Nurdinova
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Namangan filiali bosh ilmiy xodimi
Izoh qoldirish