Markaziy Bank, Coliq va Bojxona qo‘mitalari hamda Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan taqdim etilgan tezkor ma’lumotlarga asoslanib, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilchilari har oyda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama tahlil qilib boradi.
Kompleks yondoshuv turli iqtisodiy tarmoqlarda tadbirkorlik faoliyatini hududiy darajada tahlil qilish, tadbirkorlik rivojlanishidagi tendensiya va qonuniyatlarni baholash, shuningdek, respublika har bir hududining iqtisodiy dinamikasiga ta’sir etuvchi asosiy omillarni aniqlash imkonini beradi.
Monitoring natijalariga ko‘ra, 2025 yil iyul oyida soliq tushumlari 2024 yilning mos davriga nisbatan 18,8 foizga o‘sish bilan ijobiy dinamikani namoyon etdi.
Hududlar kesimida soliq tushumlari dinamikasi tahlili quyidagi tendensiyalarni ko‘rsatdi. Toshkent viloyatida eng yuqori o‘sish qayd etildi — 49 foiz. Navoiy, Andijon va Sirdaryo viloyatlarida ham sezilarli o‘sish kuzatildi — mos ravishda 37,9 foiz, 36,3 foiz va 35,7 foiz. Toshkent shahrida esa soliq tushumlari 42,8 foizga oshdi.
Bojxona to‘lovlari tushumlari 17,9 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Sirdaryo viloyatida qayd etildi va 110,6 foizni tashkil etdi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 48 foiz, Navoiy viloyatida – 29,5 foiz hamda Toshkent shahrida – 21,9 foiz miqdorida o‘sish kuzatildi.
Joriy yil iyul oyida tovarlar eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,6 foizga oshdi. Eng katta eksport o‘sishi Surxondaryo viloyatida (50,1 foizga), Samarqand viloyatida (36,4 foizga), Sirdaryo viloyatida (17,4 foizga) va Xorazm viloyatida (16,4 foizga) kuzatildi.
Ayni davrda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 41,6 foizga o‘sdi. Eng katta kreditlash o‘sishi Sirdaryo viloyatida (77,1 foiz), Navoiy viloyatida (51,7 foiz), Namangan viloyatida (49,4 foiz) va Toshkent shahrida (51,1 foiz) qayd etildi.
Iyul oyida 47 660 ta yangi korxona tashkil etildi. Eng ko‘p yangi tashkil etilgan korxonalar Toshkent viloyatida (4 857), Xorazm viloyatida (4 274), Farg‘ona viloyatida (3 906) va Toshkent shahar (10 790)da ro‘yxatdan o‘tdi.
Mazkur davrda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasidagi bitimlar hajmi 31,5 foizga oshdi. Birjada eng yuqori faoliyat Qashqadaryo viloyatida (70 foiz), Surxondaryo viloyatida (52 foiz), Sirdaryo viloyatida (51,6 foiz) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (59,8 foiz) qayd etildi.
Sultonmurod Ozodov
Iqtisodiy tadqiqotlar vaislohotlar markazi
Izoh qoldirish