Joriy yilning 24 fevral kuni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi delegatsiyasi tarkibidagi O‘zbekiston ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari Pokistonning Global va strategik tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda Islomobod shahrida tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etishdi.
Tadbir davomida ekspertlar O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini, Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish, shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdi.
Pokiston Islom Respublikasi (PIR) ekspert-tahlil hamjamiyatining baholashiga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda. Siyosiy va savdo-iqtisodiy hamkorlik yanada faollashdi. 2021 yilda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar strategik xususiyat kasb etib, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xususan, 2017 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davrda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 5 baravarga ortib, 2016 yildagi 35,6 mln. dollardan 181,5 mln. dollarga yetdi. Pokiston kapitali ishtirokida tashkil etilgan korxonalar soni ortib bormoqda. PIRdan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni tobora ortib bormoqda.
Pokistonlik tahlilchilarning fikricha, o‘zaro munosabatlarning mustahkamlanishida ikki davlat rahbarlarining hissasi katta. 2018 yildan buyon Shavkat Mirziyoyev va Imron Xonning turli formatdagi 9 ta uchrashuvi ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni faol rivojlantirishga xizmat qildi.
Pokistonlik ekspertlar Sh.Mirziyoyevning faol siyosati tufayli Markaziy Osiyoda “mutlaqo yangi siyosiy muhit” yuzaga kelganini, bu esa 2021 yilda ikki mintaqa – Markaziy va Janubiy Osiyoni bir-biriga yaqinlashtirish bo‘yicha yangi va keng ko‘lamli tashabbus bilan chiqish imkonini berganini ta’kidlab o‘tishdi.
Tashrif doirasida O‘zbekistonning tahliliy doiralari Peshovar universiteti qoshidagi Mintaqaviy (Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo) tadqiqotlar markazi direktori, professor Shobir Ahmad Xon bilan ham uchrashdi.
Pokistonlik ekspert ikki tomonlama hamkorlik dinamikasi, Markaziy Osiyodagi jarayonlarning rivojlanishiga, shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash istiqbollariga ijobiy baho berdi.
Shobir Ahmad Xon Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida belgilangan O‘zbekistonning yangi mintaqaviy yo‘nalishi tufayli Markaziy Osiyoda qulay siyosiy muhit yaratilganini, bu esa o‘zaro ishonchni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Mintaqada shakllangan jarayonlar Pokiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ikki va ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyatlar ochmoqda.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma dastur va tadbirlarni, jumladan, tadqiqot ishlari, seminarlar, anjumanlar, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari hamda Peshovar universiteti qoshidagi Mintaqaviy (Rossiya, Xitoy va Markaziy Osiyo) tadqiqotlar markazi vakillari ishtirokida ekspertlar uchrashuvlarini tashkil qilishga oid amaliy odimlarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Izoh qoldirish