Noyabr oyida O‘zbekiston iste’mol sektorida inflyasiya 1,2% ni tashkil etdi

Noyabr oyida O‘zbekiston iste’mol sektorida inflyasiya 1,2% ni tashkil etdi

2021 yilning noyabr oyida iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari indeksi (INI) 1,2 % ni tashkil etdi.

Joriy yil boshidan iste’mol sektorida narxlarning o‘sish darajasi 8,6 % ni, yillik nisbatda esa 10,3 % ni tashkil etdi.

2021 yilning noyabr oyida narxlar va tariflar oshishi bo‘yicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli bo‘lib, oy davomida ularning narxlari o‘rtacha 1,9 % ga oshdi. Ushbu davrda, nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 0,8 % ga, aholiga pullik xizmatlar narxlari 0,5 % ga oshdi.

Yillik nisbatda, 2021 yilning noyabrida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 13,4 % ga oshib, uchta asosiy guruhlar orasida narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. 2020 yilning oktyabr oyidan nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 7,9 % ga, xizmatlar – 8,1 % ga oshgan.

Umuman olganda, 2021 yilning dastlabki o‘n bir oyi davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilikni ushlab turishda davom etmoqda (10,8 %). Nooziq-ovqat mahsulotlar ushbu davrda 7 % ga, xizmatlar – 7,1 % ga qimmatlashgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshishining joriy yilning yanvar-noyabridagi umumiy INI o‘sishidagi ta’siri ulushi umumiy INI umumiy oshishining 52,9 %iga yetdi (joriy yilning yanvar-oktyabrida 50,4 %). Nooziq-ovqat mahsulotlar hissasiga narxlar o‘zgarishini kuzatish uchun qamrab olingan barcha tovarlar va xizmatlar umumiy ta’sirining 28,0 %i va xizmatlar hissasiga 19,1 % i to‘g‘ri keldi.

Oziq-ovqat mahsulotlari

Joriy yilning noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari INI o‘sish darajasi oy davomida 1,9 % ni tashkil etdi. 2020 yilning noyabrida ushbu ko‘rsatkich 0,5 foiz bandga va 2019 yilning noyabr oyida esa 1,1 foiz bandga past bo‘lgan.

2021 yilning noyabr oyida ushbu guruhda yillik INI o‘sish darajasi 13,4 % ni tashkil etdi. Bu 2020 va 2019 yillarning mos davridagi ko‘rsatkichlardan mos ravishda 2,9 va 5,0 foiz bandlarga past bo‘ldi. Umuman olganda, 2021 yilning dastlabki o‘n oyida oziq-ovqat mahsulotlari 10,8 % ga qimmatlashib, 2020 yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 1,8 foiz bandga va 2019 yilning yanvar-noyabridagi mos ko‘rsatkichdan 4,0 foiz bandga past bo‘ldi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari

Joriy yilning noyabr oyida nooziq-ovqat mahsulotlar INI o‘sish darajasi oy davomida 0,8 % ni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich joriy yil yanvar-noyabrdagi o‘rtacha oylik o‘sish sur’atidan 0,2 foiz bandga baland, 2020 yildagi noyabr oyidagi ko‘rsatkichdan 0,1 foiz bandga past va 2019 yildagi mos ko‘rsatkich darajasida bo‘ldi.

Ushbu guruhda yillik INI o‘sish darajasi joriy yilning noyabridagi 7,9 % ga yetib, o‘tgan yilning noyabrdagi ko‘rsatkichdan 0,4 foiz bandga va 2019 yil noyabrdagi ko‘rsatkichdan 3,9 foiz bandga past bo‘ldi. 2020 yilning dekabriga nisbatan nooziq-ovqatlar 7,0 % ga qimmatlashib, o‘tgan yilning yanvar-noyabridagi ko‘rsatkichdan 0,8 foiz bandga va 2019 yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 3,4 foiz bandga past bo‘ldi.

Xizmatlar

2021 yilning noyabr oyida xizmatlar oy davomida 0,5 % ga qimmatlashdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning noyabr oyidagi ko‘rsatkichdan 0,4 foiz bandga past va 2019 yil noyabr oyidagi ko‘rsatkichdan 0,1 foiz bandga past bo‘ldi.

Ushbu guruhda yillik INI o‘sish sur’ati 2021 yilning noyabr oyida 8,1 % ni tashkil etib, bu 2020 yilning noyabridagi ko‘rsatkichdan 1,6 foiz bandga baland va 2019 yilning noyabridagi ko‘rsatkichdan 8,2 foiz bandga past bo‘ldi. 2021 yil boshidan xizmatlar 7,1 % ga qimmatlashib, o‘tgan yilning yanvar-noyabridagi ko‘rsatkichdan 1,0 foiz bandga baland va 2019 yilgi mos ko‘rsatkichdan 7,8 foiz bandga past bo‘ldi.

Mahsulotlarning asosiy guruhlari orasida 2021 yilning yanvar-noyabrida narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilikda yog‘-moy mahsulotlari (25 %), sabzavotlar, ildizmevalilar, plantaynlar va dukkaklilar (13,6 %) hamda shakar, qandolat mahsulotlari va disertlar (13 %) o‘rin olgan.

Yuqorida qayd etilgan guruhlar yillik nisbatda narxlar oshishi bo‘yicha ham yetakchilik qildi. Shunday qilib, yog‘-moy mahsulotlari 2020 yilning noyabriga nisbatan 28,6 %ga, sabzavotlar, ildizmevalilar, plantaynlar va dukkaklilar 23,8 %ga, shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar 14,7 %ga qimmatlashgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar