Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida joriy hafta qanday o‘zgarish kuzatildi

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida joriy hafta qanday o‘zgarish kuzatildi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ichki bozorlardagi narxlarni doimiy ravishda monitoring qilib bormoqda.

Xususan, 2021 yil 17-24 noyabrgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishining tahlilini viloyatlar, tumanlar va shaharlar kesimida tahlil qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining tezkor ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘rib chiqilayotgan davrda respublika bo‘yicha bir kilogramm suyakli mol go‘shtining o‘rtacha narxi 24 noyabr holatiga 0,1 foizga pasayib, 62 086 so‘mni tashkil qildi. O‘rtacha narxlar darajasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir kilogramm uchun 48 750 so‘mdan Toshkent viloyatida 72 000 so‘mgacha bo‘lgan diapazonda rivojlangan.

Suyakli mol go‘shti narxlarining pasayishi ichki bozorda vaziyatning barqarorlashuvidan dalolat beradi.

Mol go‘shti narxining pasayishi Sirdaryo (-0,7%), Toshkent (-0,7%), Xorazm (-0,6%) Qashqadaryo (-0,4%), Samarqand (-0,1%), Buxoro (-0,1%) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (-0,1%) kuzatildi.

Viloyatlar kesimida Navoiy, Surxondaryo, Namangan viloyatlarida suyakli mol go‘shti narxi o‘tgan haftaga nisbatan o‘zgarmadi.

Toshkent shahrida (0,5 %), shuningdek, Farg‘ona (+ 0,3 %) va Andijon (+ 0,1 %) viloyatlarida suyakli mol go‘shti narxi biroz oshdi.

Tumanlar kesimida bir kilogramm suyakli mol go‘shti narxining yuqoriligi bo‘yicha Yangiyo‘l (72 000 so‘m/kg), Xiva (71 000 so‘m/kg), Urganch (70 500 so‘m/kg), Pastdarg‘om (70 000 so‘m/kg) va Ohangaron (70 000 so‘m/kg) tumanlari top 5 talikdan o‘rin oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida ko‘rib chiqilayotgan davrda respublika bo‘yicha guruchning o‘rtacha narxi 0,2% ga pasaydi va 24 noyabr holatiga bir kilogramm guruch 9 892 so‘mni tashkil etdi. O‘rtacha narxlar darajasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 938 so‘mdan Farg‘ona viloyatida 12 750 so‘mgacha bo‘lgan diapazonda rivojlangan.

Guruch narxining pasayishi (kilogramm uchun) 7 ta viloyatda kuzatildi. Narxlarning pasayishi Surxondaryo (0,5%), Xorazm (1,1%), Sirdaryo (0,4%), Toshkent (0,1%), Qashqadaryo (0,1%) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (1,0%) va Toshkent shahrida (1,2%) qayd etildi.

Tumanlar kesimida bir kilogramm guruch narxi yuqoriligi bo‘yicha Yozyovon (12 750 so‘m/kg), Toshloq (12 727 so‘m/kg), Yangiyo‘l (12 667 so‘m/kg), Chinoz (12 625 so‘m/kg), Yuqorichirchiq (12 500 so‘m/kg) tumanlari top 5 talikdan o‘rin oldi.

Quyida tahlil qilinayotgan davrda tuxum (o‘n donasi), sut, kartoshka, kungaboqar yog‘i, bug‘doy uni va shakar narxining o‘zgarishi keltirilgan.

Joriy yilning 17-24 noyabr kunlari respublika bo‘yicha yuqoridagi barcha mahsulotlarda o‘rtacha narxlarning oshishi kuzatildi: sut (0,5% yoki bir litri 6 373 so‘m), tuxum (0,2% yoki o‘n donasi 11 115 so‘m), kartoshka (0,6% yoki bir kg 4 730 so‘m), kungaboqar yog‘i (0,1% yoki bir litri 19 508 so‘m), bug‘doy uni (0,3% yoki bir kg 5 011) va shakar (0,8% yoki bir kg 8 988 so‘m).

Hududlar kesimida narxlarning eng yuqori o‘sishi quyidagi mahsulotlar uchun qayd etildi:

- tuxum o‘n donasi Buxoro (1,4%), Jizzax (1,0%), Samarqand (2,1%) viloyatlarida;

- sut Buxoro (3,7%), Jizzax (0,5%), Toshkent (0,3%), Xorazm (0,6%) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (0,6%) va Toshkent shahrida (0,7%);

- shakar Samarqand (1,4%), Buxoro (3,5%), Qashqadaryo (1,0%) viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahri (0,8%) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (1,1%);

- kungaboqar yog‘i Qashqadaryo (0,2%), Andijon (0,1%), Xorazm (0,1%) viloyatlari va Toshkent shahrida (1,3%);

- un Buxoro (1,5%), Jizzax (1,0%), Xorazm (0,5%), Sirdaryo (0,6%), Samarqand (0,5%) viloyatlarida;

- kartoshka Samarqand (3,1%), Jizzax (2,8%), Buxoro (2,9%), Andijon (1,1%) viloyatlarida.

O‘zbekistonda ko‘rib chiqilayotgan davrda asosiy iste’mol tovarlari narxlari muhiti kartoshka narxidan tashqari nisbatan past o‘zgaruvchanlik bilan tavsiflanadi. O‘tgan haftaga nisbatan mol go‘shti (suyakli) va guruch narxi biroz pasaydi, kungaboqar yog‘i, sut, bug‘doy uni, shakar va tuxum narxlarining o‘sish dinamikasi sezilarli darajada sekinlashdi.

Malika Jumaniyozova, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar