Tadbirkorlar baholari biznes muhitining barqarorligini ko‘rsatmoqda

Tadbirkorlar baholari biznes muhitining barqarorligini ko‘rsatmoqda

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi respublika bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida har oy o‘tkaziladigan so‘rovlar asosida O‘zbekistondagi biznes muhiti tahlili natijalarini taqdim etdi.

Olingan ma’lumotlar asosida biznes muhitining yig‘ma indikatori shakllantirildi. U biznesning joriy holatiga berilgan baholar hamda yaqin uch oyga mo‘ljallangan kutilmalarni ifodalaydi.

O‘zbekistonda biznes muhiti yig‘ma indeksining dinamikasi

Iyul oyida biznes muhiti indeksi 56 bandni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 bandga oshdi.

An index value above 50 points indicates that optimistic assessments prevail in the business environment.

Biznes muhiti indeksining 50 banddan yuqori bo‘lishi optimistik holat hisoblanadi.

Baholarga ko‘ra, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan biznesning joriy holati indeksi 2 bandga oshib, 46 bandni tashkil etdi. Kutilmalar indeksi esa 7 bandga oshib, 66 bandga yetdi.

So‘nggi uch oyda biznes holati yaxshilanganligini har o‘n nafar tadbirkorning to‘rt nafariga yaqini (39%) qayd etgan.

Respondentlarning qariyb yarmi biznesning joriy holatini «yaxshi» deb baholagan (44%), har to‘rtinchi korxonada esa so‘nggi uch oyda ishchilar soni ko‘payganligini (25%) ta’kidlagan.

Yaqin uch oyda tadbirkorlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i mahsulot va xizmatlarga talab o‘sishini kutmoqda (68%).

Biznes muhiti indeksining tarmoqlar bo‘yicha dinamikasi

O‘tgan yilga nisbatan biznes muhiti indeksi qishloq xo‘jaligi, qurilish va xizmatlar sohasida o‘sgan, sanoatda esa muayyan pasayish kuzatilgan.

Qishloq xo‘jaligida biznes muhitining yig‘ma indikatori o‘tgan yilga nisbatan 11 bandga oshib, 61 bandni tashkil etdi. Agrar sohada ham joriy baholar 5 bandga, ham tadbirkorlarning kutilmalari 19 bandga yaxshilandi.

So‘nggi uch oyda vaziyat yaxshilanganini tadbirkorlarning 43%i qayd etgan (2025 yilda — 41%). O‘z mahsulotiga talab oshganini ham tadbirkorlarning 43%i bildirgan (43%).

Qurilishda biznes muhitining yig‘ma indikatori o‘tgan yilga nisbatan sezilarli darajada, 10 bandga oshib, 60 bandni tashkil etdi. Tarmoqda joriy baholar 2 bandga, biznes kutilmalari esa 18 bandga yaxshilandi.

So‘nggi uch oyda qurilish sohasidagi joriy vaziyat har o‘nta korxonaning to‘rttasidan ko‘prog‘ida yaxshilangan (42%, 2025 yilga nisbatan o‘zgarishsiz). Mahsulotga talab o‘sganini qurilish korxonalarining qariyb yarmi — 46%i qayd etgan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan yuqori (44%).

Sanoatda biznes muhitining yig‘ma indikatori 41 bandni tashkil etdi va o‘tgan yilga nisbatan 8 bandga pasaydi. Bu, asosan, tarmoqdagi joriy vaziyat baholari bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu indeks 32 bandni tashkil etdi. Shu bilan birga, kutilmalar nisbatan yuqori darajada saqlanib qoldi — 51 band.

Yaqin uch oyda bandlik bo‘yicha kutilmalar biroz ehtiyotkorroq tus olgan. Sanoat korxonalarining qariyb har ikkinchisi xodimlar soni oshishini kutmoqda (46%). Shu bilan birga, biznes holatining istiqbollari bo‘yicha baholar ijobiyligicha qolmoqda. Yaqin uch oyda vaziyat yaxshilanishini respondentlarning uchdan ikki qismi (66%) kutmoqda.

Xizmatlar sohasida biznes muhitining yig‘ma indikatori sezilarli darajada, 8 bandga oshib, ijobiy diapazonda 62 bandni tashkil etdi. Bu joriy biznes baholarining 8 bandga yaxshilanishi va yaqin uch oydagi rivojlanish istiqbollari bo‘yicha kutilmalarning 9 bandga o‘sishi bilan bog‘liq.

Xizmatlar sohasidagi kompaniyalarning qariyb yarmi biznesning joriy holatini yaxshi deb baholagan (48%). Yaqin uch oyga oid kutilmalar yanada ishonchli bo‘lib, 3 foiz bandga oshgan, korxonalarning qariyb to‘rtdan uch qismi (74%) vaziyat yaxshilanishini kutmoqda. So‘nggi uch oyda o‘z biznesi holati yaxshilanganini qayd etgan kompaniyalar ulushi ham 3 foiz bandga oshib, 40%ni tashkil etdi.

Biznes yuritishdagi to‘siqlar kamaymoqda

Tadbirkorlarning yarmidan ko‘pi (59%) biznes yuritishda to‘siqlar mavjud emasligini bildirgan. Eng qulay vaziyat qurilishda (71%) va xizmatlar sohasida (62%) qayd etilgan. Qishloq xo‘jaligida (55%) va sanoatda (45%) qariyb har ikkinchi tadbirkor to‘siqlar yo‘qligini bildirgan.

Tadbirkorlik faoliyatini cheklayotgan omillar orasida soliqqa tortish masalalari (19%), bank moliyalashtirishi (15%), boshqa moliyaviy qiyinchiliklar (12%) va talabning yetarli emasligi (8%) ko‘proq qayd etilgan. Turli moliyaviy qiyinchiliklarni ko‘rsatgan tadbirkorlar ulushi eng sezilarli darajada — 4 foiz bandga oshgan.

Tarmoqlar kesimida qishloq xo‘jaligida qariyb har uchinchi tadbirkor moliyaviy qiyinchiliklarni qayd etgan (29%, +16 foiz band). Qurilishda kredit olish bilan bog‘liq qiyinchiliklar ko‘proq uchragan (13%, +13 foiz band). Sanoatda talab yetarli emasligini qayd etgan korxonalar ulushi oshgan (13%, +4 foiz band), xizmatlar sohasida esa asosiy cheklov soliq ma’muriyatchiligi bo‘lib qolgan (16%).


Zohidjon G‘oipov

Tarmoqlar raqobatbardoshligi va investitsiya faolligini o‘rganish sektori

tel.: (78) 150 02 02 (441)

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar sektori

tel.: (78) 150 02 02 (417)

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar