2021 yilning oktyabr oyida iste’mol tovarlari va xizmatlari narxlari 1,3 foizga oshdi. Yillik hisobda esa narxlar o‘sishi 10,6 foizni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning oktyabr oyi inflyasiya sharhida keltirilgan.
Oktyabr oyida umumiy inflyasiya darajasining o‘sishiga oziq-ovqat tovarlari narxlari oshishi yuqori ta’sir ko‘rsatib, guruhning oshiruvchi ta’siri 0,8 foiz bandni tashkil qildi. Nooziq-ovqat mahsulotlari (umumiy inflyasiyaga ta’siri 0,4 foiz band), xususan, yoqilg‘i, maishiy buyumlar, kiyim va poyabzallar, shuningdek, xizmatlardan (umumiy inflyasiyaga ta’siri 0,1 foiz band) sog‘liqni saqlash, restoran va mehmonxona xizmatlari narxi o‘sishi umumiy inflyasiyani oshiruvchi asosiy komponentlar bo‘ldi.
Oziq-ovqat mahsulotlari guruhida go‘sht mahsulotlari narxining oylik o‘sishi 1,9 foizni tashkil etdi. Buni parranda go‘shtining oshishiga (3,6 foiz) yetishtiruvchilar tomonidan taklifning kamayganligi, ozuqa-yem narxining yuqoriligi hamda isitish xarajatlarining mavsumiy oshganligi bilan izohlash mumkin. Yuqoridagi holatlar tuxum narxiga (11,2 foiz) ham oshiruvchi ta’sirni saqlab qoldi. Shuningdek, ushbu mahsulotning qo‘shni davlatlarga faol tarzda eksport qilinishi ichki bozorlardagi narxlarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bug‘doy unlari narxining oshishi (birinchi navli - 2,0 foizga, oliy navli 1,4 foizga) joriy yil mamlakatimizda bug‘doy hosilining rejaga nisbatan kam bo‘lganligi, Rossiya va Qozog‘istondagi qurg‘oqchilik tufayli g‘alla hosilining prognoz ko‘rsatkichlariga yetmaganligi, shuningdek, ushbu davlatlardan eksport boji tariflarining oshib borishi bilan izohlash mumkin.
Joriy mavsumda kartoshka hosilining yuqori unumdor dalalarda ham kutilganidek bo‘lmaganligi, (bunga hosilga kirgunga qadar kartoshka urug‘ining zararlanishi), qo‘shni davlatlarda ushbu mahsulot ulgurji narxlarining balandligi hamda import qilishda yuk tashish xarajatlarining qimmatlashishi mahalliy bozorlarda kartoshka narxining (oylik 14,9 foizga) qimmatlashishiga sabab bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, oktyabr oyida guruch, banan, olma, anor, uzum va limon, shuningdek, sabzavotlardan sabzi va lavlagi narxlari o‘tgan oyga nisbatan arzonlashdi.
Oktyabr oyida nooziq-ovqat tovarlari narxining o‘sishi 0,4 foiz bandga tezlashib, 1,1 foizni tashkil etdi.
Dunyoda muqobil energiya resurslari yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar sharoitida yoqilg‘i mahsulotlariga bo‘lgan talabning ortib borishi va jahon bozoridagi narxining o‘sib borishi ichki bozorda yoqilg‘i mahsulotlari narxiga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, avtomobil benzini narxi oktyabr oyining o‘zida 13,5 foizga o‘sdi.
Jahon bozorida xomashyo narxining qimmatlashib borishi bilan bir qatorda, yarim o‘tkazgichlar va konteynerlarning yetishmasligi, transport va logistikadagi muammolar ishlab chiqarish hamda yetkazib berish xarajatlarining oshib ketishi import mahsulotlari, jumladan, kiyim-kechaklar va maishiy tovarlar narxiga oshiruvchi bosimni saqlab qolmoqda. Oktyabr oyida kiyimlar 0,8 foizga o‘sgan bo‘lsa, maishiy texnika buyumlari – 1,8 foizga qimmatlashdi.
Ayni paytda ichki bozorda sement ishlab chiqarish hajmining oshayotganligi va import bo‘yicha bojxona bojlarining nol stavkalari saqlanib qolishi sement narxining qurilishlar mavsumi bo‘lgan oktyabr oyida ham 0,9 foizga pasayishiga xizmat qildi (yillik hisobda 9,2 foizga pasaygan).
Xizmatlar guruhida narxlarning oylik o‘sishi 0,5 foizni tashkil etdi (sentyabr oyida 1,6 foiz).
Ushbu davrda yoqilg‘i mahsulotlarining qimmatlashishi, o‘z navbatida, oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish xizmatlari narxining (0,97 foiz) oshishiga olib keldi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan oyda ish haqi to‘lovlari oshirilishining xizmatlar inflyasiyasiga oshiruvchi ta’sirlari qisqarib bormoqda. Jumladan, ta’lim, mehmonxona xizmatlari, maishiy buyumlarga xizmat ko‘rsatish, pochta va kurerlik xizmatlari guruhi narxlari o‘sish tendensiyalari sentyabr oyiga nisbatan biroz sekinlashgani kuzatildi.
Bazaviy va qisqartirilgan inflyasiya
Oktyabr oyida bazaviy inflyasiya 0,8 foizni tashkil etib, yillik o‘sishi 9 foizga teng bo‘ldi. Bunda bazaviy inflyasiyaning umumiy inflyasiyaga oshiruvchi hissasi 6,8 foizni tashkil etdi1 (2018 yildan beri eng past ko‘rsatkich).
Izoh qoldirish