Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan O‘zbekistondagi 31 ta tijorat banklari uchun “Banklar faollik indeksi” ishlab chiqildi.
Mazkur indeks asosida har chorakda banklar reytingi yangilab borilmoqda.
Indeks qo‘yidagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha hisoblangan:
- Moliyaviy vositachilik
- Moliyaviy ommaboplik
- Kapital yetarliligi
- Aktivlar sifati
- Boshqaruv samaradorligi
- Daromad olish salohiyati
- Likvidlilik
Ushbu tadqiqot bank tizimi aktivlari tarkibida xususiy sektor ulushi o‘zgarishlari, shuningdek, bank sohasidagi islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligini doimiy ravishda baholab borish uchun o‘tkazilmoqda.
Banklarni transformatsiya qilish jarayonlari aholining turli qatlamlarining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabini qondiradi, hududlarni bank xizmatlari bilan qamrab oladi va ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishga hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, 2018 yilda 4 mingdan ortiq jismoniy shaxslar masofaviy bank xizmatlaridan foydalangan bo‘lsa, 2021 yil 1 yanvar holatiga ushbu xizmatlardan foydalanuvchilar soni qariyb 14 mingga yetdi, bu esa bank sektorida raqamli texnologiyalardan foydalanish qamrovining sezilarli darajada oshganligidan dalolat beradi.
2021 yil 1 mart holatiga respublika bank tizimi aktivlari 366,2 trln. so‘mni (2020 yil 1 martga nisbatan o‘sish – 31,3 foiz), majburiyatlari – 306,6 trln. so‘mni (o‘sish – 38,3 foiz), kapital 59,5 trln. so‘mni (o‘sish – 12,4 foiz) tashkil etdi. Hozirgi kunda bank tizimida 55 mingdan ziyod kishi faoliyat olib bormoqda.
Banklar ikki guruhga ajratilgan – yirik banklar va kichik banklar. Reyting har bir guruh uchun alohida tuziladi.
*Kichik banklar guruhiga Toshkent shahrida yoki respublikaning faqat bir hududida faoliyat olib borayotgan banklar kiritilgan.
Yirik banklar faollik reytingi
2021 yil 1 chorak uchun
17 ta yirik banklar orasida Kapitalbank o‘tgan yilning 2-choragidan buyon 1-o‘rinni saqlab qolmoqda. Kapital yetarliligi, daromad olish salohiyati va boshqaruv samaradorligi bo‘yicha yuqori natijalar Kapitalbankka umumiy reytingda o‘z o‘rnini mustahkamlashga yordam berdi.
Xususan, bankning muddatli depozitlarining kreditlariga nisbati 78 foizni tashkil etdi. Boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablag‘lar ulushi 3,5 foizga yetdi. Hukumatdan (Moliya vazirligi va O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan) olingan mablag‘lar ulushi 0,8 foiz punktga oshib, 1,3 foizni tashkil etganiga qaramay, bank majburiyatlari tarkibidagi ulushi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Trast bank umumiy reytingda 2020 yil 4-chorakdagi o‘rnidan 2 pog‘ona ko‘tarilib, 2-o‘rinni egalladi. Mazkur bank kapital yetarliligi, boshqaruv samaradorligi, daromad olish salohiyati hamda likvidlilik bo‘yicha yetakchi banklardan biriga aylanmoqda. Xususan, likvidlikni qoplash koeffitsiyenti Markaziy bank tomonidan belgilangan me’yordan 5,2 barobar yuqori hisoblanadi.
Aloqa bank davlat ulushi mavjud yirik banklardan biri sifatida umumiy reytingda 3-o‘rinni saqlab qoldi. Ushbu bank moliyaviy vositachilik, kapital yetarliligi va aktivlar sifati bo‘yicha yaxshi natijalarni ko‘rsatdi.
Bankning muddatli depozitlarining kreditlariga nisbati 56 foizni tashkil etdi, bu esa davlat ulushi mavjud boshqa banklardagi ko‘rsatkichdan yuqoridir. Boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan depozitlar va kreditlarning jami majburiyatlaridagi ulushi 26 foizga yetgan bo‘lsa, hukumatdan olingan qarzlar ulushi esa 11 foizni tashkil etdi. Bu bank tizimi o‘rtacha ko‘rsatkichidan (17 foiz) kam hisoblanadi.
Joriy yil 1-chorakda Mikrokreditbank va O‘zsanoatqurilish bank umumiy reytingda eng yuqori ko‘tarilishga erishdi. Ushbu banklar o‘tgan yilning 4-choragidagi pozitsiyasidan 4 pog‘onaga yuqoriladi.
Kichik banklar faollik reytingi
2021 yil 1-chorak
Joriy yilning 1-choragida O‘zbekistonning 14 ta kichik banklar uchun faollik reytingida uchta yetakchi banklar (Davr bank, Ziraat bank va Universal bank) 2020 yil 4-choragiga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi.
Davr bank va Universal bank moliyaviy ommaboplik bo‘yicha eng yuqori natijalarni namoyish etdi. Ziraat bank kapital yetarliligi va boshqaruv samaradorligi bo‘yicha yetakchi banklardan biri bo‘lib qolmoqda.
*Batafsil tahlil «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnalining navbatdagi sonida chop etiladi.
*Tadqiqot metodologiyasi va batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan to‘liq hisobot Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga so‘rov bo‘yicha taqdim etiladi.
Murojaat uchun: Tel.: (+998) 78 150-02-02
E-mail: k.khamidov@cerr.uz
X.S. Xamidov, Markaz bosh ilmiy xodimi
Izoh qoldirish