O‘tgan chorakdagi reyting yetakchilari o‘z o‘rinlarini saqlab qolishdi va “Kapital bank”, “Hamkor bank” va “Trast bank” eng faol banklar uchligini boshqarishda davom etmoqda. “Agrobank” va “Turon bank” tez o‘sish sur’atlarini ko‘rsatdi, “Xalq banki” va “Asaka bank” kabi ayrim banklarning reytingdagi pozitsiyalari biroz yomonlashdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan O‘zbekistondagi 31 tijorat banklari uchun “Banklar faollik indeksi” ishlab chiqilgan. Markaz mazkur indeksga asosan har chorakda banklar reytingini yangilab bormoqda.
Ushbu tadqiqot bank tizimi aktivlarida xususiy sektor ulushining o‘zgarishini monitoring qilib borish, shuningdek mamlakatimiz bank tizimida islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligini baholash maqsadida o‘tkazib kelinmoqda.
2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish Strategiyasiga asosan, Ipoteka bank, O‘zsanoatqurilishbank, Asaka bank, Aloqa bank, Qishloq qurilish bank va Turon bankdagi davlat ulushini bosqichma-bosqich xususiylashtirish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda, banklar faoliyatini transformatsiya qilish, ikkinchi bosqichda davlat aksiyalar paketini sotish ko‘zda tutilgan.
Yirik davlat banklari xususiylashtirilgandan so‘ng, moliyaviy xizmatlar bozorida jiddiy o‘zgarishlar yuz berishi, natijada yangi xizmatlar va raqobatning yanada kuchayishi kutilmoqda.
Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, Agrobank va Mikrokreditbankning ustav kapitalida davlat ulushi saqlab qolinadi.
2021 yil 1 sentyabr holatiga bank tizimi aktivlari hajmi 403,8 trln. so‘mni (2020 yil 1 sentyabrga nisbatan o‘sish – 22,5%), majburiyatlari 339,3 trln. so‘mni (o‘sish – 24%), jami kapitali – 64,5 trln. so‘mni (o‘sish – 15,2%) tashkil etdi. Bugungi kunda bank tizimida 57 mingdan ortiq kishi faoliyat olib bormoqda.
Markaz tadqiqotida banklar ikki guruhga ajratilgan – yirik banklar va kichik banklar. Reyting ushbu guruhlarning har biri uchun alohida tuzilgan. Bunda, kichik banklar guruhiga faqat Toshkent shahrida yoki faqat bitta hududda faoliyat yurituvchi banklar kiritilgan.
Yirik banklar faollik reytingi
17 ta yirik banklar orasida Kapital bank hamon yetakchi bo‘lib, o‘z o‘rnini 2020 yil 2-chorakdan beri saqlab turibdi. Xususan, bankning muddatli depozitlari hajmi o‘tgan chorakga nisbatan 27,1%ga oshdi va 5,8 trln. so‘mni tashkil etdi. Muddatli depozitlarning kreditlarning umumiy miqdoriga nisbati 90%ga yetdi (bank tizimi – 24%).
Boshqa banklar va moliya tashkilotlaridan olingan depozitlar va kreditlarining umumiy majburiyatlaridagi ulushi 4,2%ni, Moliya vazirligidan olingan mablag‘larning ulushi esa 5,5%ni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkichlar Kapital bank aholi va biznes vakillari bilan faol ish olib borayotganidan dalolat bermoqda.
Hamkor bank ham o‘z o‘rnini saqlab qoldi va umumiy reytingda 2-o‘rinni egallashda davom etmoqda. Mazkur bank moliyaviy ommaboplik, aktivlar sifati va daromad olish salohiyati bo‘yicha yuqori natijalarga erishdi. Xususan, muddatli depozitlari hajmi 21,6%ga oshdi va 2,6 trln. so‘mni tashkil etdi. Bankning bitta filialiga to‘g‘ri keluvchi kredit olgan yuridik shaxslar soni 424 taga, jismoniy shaxslar soni 4716 kishiga yetdi. Jami daromadlarining aktivlariga nisbati 19,2%ni tashkil etdi (bank tizimi – 10,5%). Muammoli kreditlari ulushi 2,1%gacha (bank tizimi – 6%) kamayib, 184,2 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
Trast bank daromad olish salohiyati va likvidlilik bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolgan holda, eng faol banklar uchligini yopadi.
Davlat ulushiga ega bo‘lgan yirik banklar orasida Xalq banki yil boshidan beri moliyaviy vositachilik bo‘yicha 5-o‘rinni egallab turganiga qaramay, 3 pog‘ona pastlab, umumiy reytingda 14-o‘ringa tushdi. Bunga asosiy sabab bank aktivlari sifati (17-o‘rin), boshqaruv samaradorligi (17-o‘rin) va daromad olish salohiyati (13-o‘rin) ko‘rsatkichlarining nisbiy yomonlashuvi bo‘ldi.
Davlat ulushiga ega bo‘lgan yana bir bank – Aloqa bank umumiy reytingda 1 pog‘ona yo‘qotib, 7-o‘rindan joy oldi. Bunga asosan bank kredit portfelidagi muammoli kreditlar ulushining 6,3%gacha oshgani sabab bo‘ldi.
Mazkur chorakda Agrobank va Turon bank tez o‘sish sur’atlarini namoyon etishdi. Ushbu banklarning har biri o‘z pozitsiyalarini 3 pog‘onaga yaxshilashdi.
Kichik banklar faollik reytingi
Joriy yilning 3-choragida O‘zbekistondagi 14 ta kichik banklari faollik reytingida yetakchilar mos ravishda Davrbank, Ziraat bank va Universal banklar bo‘lishdi.
Shuningdek, ikki xorijiy banklar – Tenge bank va O‘zKDB umumiy reytingda o‘z o‘rinlarini 1 pog‘onaga yaxshilashdi.
Markaz metodologiyasiga ko‘ra, boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichlari faqat miqdoriy o‘lchovlarga asoslangan. Masalan, bankning har bir xodimiga to‘g‘ri keluvchi sof foyda/zarar miqdori hisoblanadi. Ta’kidlash kerakki, TiBiSi bank va Anor bank o‘z faoliyatini 2020 yilning 4-choragida boshlagan va hozirda shakllanish bosqichida. Shuning uchun, banklar bozorga to‘liq moslashguncha operatsion xarajatlari yuqori darajada qolishi kutilmoqda.
Xalilulloh Hamidov, Markaz sektor mudiri
Tel: (78) 150 02 02 (410)
Markazning jamoatchilik bilan ishlash xizmati tel: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish