O‘zbekiston “Qizil kitobi”ning navbatdagi nashri taqdim etildi

O‘zbekiston “Qizil kitobi”ning navbatdagi nashri taqdim etildi

2019 yil 6 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika institutida “O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi”ning navbatdagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu nashr soha mutaxassislarining besh yillik izchil mehnati mahsuli sanaladi. U “Chinor ENK” nashriyoti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat Ekologiya qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi (FA) hamkorligida tayyorlangan.

Kitob ikki jildda nashr qilinyapti, unda o‘simlik va hayvonlarning kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan turlari haqida asosiy ma’lumotlar berilgan. Birinchi jild O‘zbekistondagi nabotot olami, ikkinchi jild esa hayvonot olami haqidagi ma’lumotlarni qamrab olgan.

“Qizil kitob”ga O‘zbekistondagi nodir va yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan, himoyaga muhtoj 314 o‘simlik turi kiritilgan. Uning avvalgi nashrida (2009 yil) bunday o‘simlik va zamburug‘lar soni 324 ta deb keltirilgan edi.

Yangi nashrda o‘n yil avvalgisidan kamroq o‘simlik nomi keltirilganining sababini FA Botanika Instituti olimlari shunday izohladi: o‘tgan vaqt davomida olib borilgan o‘rganishlar davomida eski ro‘yxatdagi ba’zi o‘simliklar o‘zi aslida O‘zbekiston hududida uchramasligi, ba’zilari O‘zbekiston hududida kamyob bo‘lgani bilan qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda keng tarqalgani, yana ayrim turlar esa kamyob bo‘lmay katta mintaqalarda uchrashi yuzaga chiqqan. Shunga asoslanib yangi nashrda Olatov shafrani, Martius qilicho‘ti, Tojikiston alloxruzi kabi o‘simliklar ro‘yxatdan chiqarib tashlangan.

Yangi nashrda butunlay yo‘qolib ketgan o‘ismlik turlari soni 19 tadan 10 taga kamaygan. Ayni paytda, unga 15 ta kamyob o‘simlik turi qo‘shilgan. Umuman olganda avvalgi nashrga taqqoslaganda 157 o‘simlik turining maqomi o‘zgargan.

“Qizil kitob”ning yangi nashri 2-jildiga sutemizuvchi hayvonlarning 30 turi, qushlarning 52 xili, sudralib yuruvchilarning 21 turi, baliqlarning 17 turi, 3 xil chuvalchang, 14 xil mollyuska, bo‘g‘imoyoqlilarning 66 turi kiritilgan.

Taqqoslash uchun avvalgi, 2009 yilda nashr etilgan “Qizil kitob”dagi hayvonlarga doir ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz: unga sutemizuvchilarning 24 turi, sudralib yuruvchilarning 16 xili, baliqlarning 17 turi, 3 xil chuvalchang, 14 xil mollyuska, bo‘g‘imoyoqlilarning 60 turi kiritilgan bo‘lgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar