Orolbo‘yida deyarli 400 ta masala joyida hal etildi

Orolbo‘yida deyarli 400 ta masala joyida hal etildi

Hal bo‘layotgan har bir masala ortida esa kamida bir oila, o‘nlab insonlar hayotidagi rozilik mujassam. “Ishlab, daromad topaman, o‘z hayotimni o‘zim o‘zgartiraman”, degan murojaatchilarning masalasini hal qilishga ham bu qabullarda ustuvor ahamiyat qaratildi. Deylik, nukuslik tadbirkor Qiyas Habibullayev biogomus yetishtirish bilan shug‘ullanadi va bu Orolbo‘yida nisbatan yangi ishbilarmonlik yo‘nalishlaridan biridir. Faoliyatini kengaytirish masalasida yordam so‘ragan tadbirkorga yer uchastkasini auksionga chiqarish, hujjatlarni rasmiylashtirish masalasida amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

Muloqotlar jarayonida ish masalasida murojaat qilgan 13 nafar inson doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lsa, o‘z uyida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, daromad topish istagini bildirgan 235 nafar murojaatchiga pishiriq pishirish pechlari va tikuv mashinalari berildi. Ularning aksariyati esa “temir daftar”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kiritilgan xotin-qizlardir. Bu esa birgina shu qabulning o‘zida qariyb 250 nafar inson o‘z ishi, daromad manbaiga ega bo‘ldi, deganidir.

Bu galgi qabullar natijasida “Inson qadri uchun” g‘oyasining amaliy ro‘yobi nukuslik Nargiza Qaypnazarova oilasiga ham yangi hayot olib kirdi. Ayolning o‘zi 2-guruh nogironi, necha yildan beri ijarama-ijara kun kechirib, ikki farzandini yolg‘iz o‘zi ulg‘aytirmoqda. Bugungi ommaviy qabulga najot istab kelgan Nargiza opaning masalasi shu yerda o‘rganilib, ularga Nukus shahridagi ijtimoiy uylardan turar-joy ajratib berishga qaror qilindi.

Nukus shahri “Jipek joli” mahallasida yashovchi Rinat Fayzullayev esa bu yil Nukus shahridagi yuridik texnikumga o‘qishga kirdi. Uning orzusi ta’lim olib, huquqshunos bo‘lish, ammo kontrakt pulini to‘lashga imkoni yo‘q. Ayni masalada qabulga yordam so‘rab kelgan Rinatning ham bu masalasi shu yerda hal qilinib, uning shartnoma pullari to‘lab beriladigan bo‘ldi.

Yoki Nukusning “Tele oray” mahallasida yashovchi Almurat Jumamuratovning shu mazmundagi murojaati asosida ikki nafar talaba farzandining kontrakt pullari mahalliy byudjet hisobidan qoplab beriladigan bo‘ldi. Umuman, shu kuni qabulda jami ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 7 nafar talaba farzandlariga shu yo‘nalishda yordam qo‘llari cho‘zildi.

Qabullar davomida nafaqat oliy ta’lim olish uchun kontrakt pullarini to‘lab berish, balki uy-joyini ta’mirlash, sog‘lig‘ini tiklash, davolanish uchun imkon topolmayotgan jami 92 nafar murojaatchiga amaliy ko‘mak berildi. Aytaylik, nukuslik Amangeldi Boranbayevning yuragida jarrohlik amaliyotini o‘tkazish, Nazira Alimbetovaning esa farzandini davolatish uchun moddiy yordam ko‘rsatildi.

Muxtasar aytganda, Prezidentimiz topshirig‘i asosida Orolbo‘yida har bir soha bo‘yicha hududiy mas’ullar bir joyda jam bo‘lib, har bir murojaatni sinchiklab ko‘rib chiqib, ularga yechim topayotgani xalq bilan muloqot tizimini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Nukus shahrida tashkil qilingan ommaviy qabulda ham 586 nafar murojaatchining 616 ta masalasi ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, ularning 382 tasi joyida hal qilindi, qolgan masalalarni o‘rganish-u yechim topish bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, Prezident Xalq qabulxonasi nazoratiga olindi. Qoraqalpog‘istondagi sektorlar rahbarlarining bu kabi ochiq-jonli muloqotlari Orolbo‘yining boshqa hududlarida ham tashkil qilinmoqda.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar