9 dekabr kuni Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga mamlakatdagi kichik va o‘rta biznes sohasiga (KO‘B) qulay muhit yaratish bo‘yicha o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun uchun 100 mln dollarlik kreditni ajratishni ma’qulladi.
Kredit OTBning Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish dasturining birinchi kichik qismini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. 20 mln dollar ekvivalentidagi mablag‘ esa so‘mda taqdim etiladi. Bu haqda bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Ushbu dastur OTBning O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznesni ko‘p yillik qo‘llab-quvvatlashiga asoslanadi va bu korxonalar uchun qulay muhitni yaxshilashga yordam beradi hamda ularga xususiy sektor boshchiligidagi diversifikatsiyalangan o‘sishning drayveriga aylanish imkonini beradi», — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes yalpi ichki mahsulotning yarmidan ko‘proq qismini tashkil qiladi. Koronavirus pandemiyasi turizm va mehmonxona sohalariga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, yarim millionga yaqin tadbirkorlar faoliyat yuritmoqda.
OTBning Kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish dasturi ikkita kichik dasturni o‘z ichiga oladi. Ushbu dasturlar KO‘B uchun yanada samarali faoliyat va tijorat muhitini rivojlantirish uchun ko‘maklashishga qaratilgan.
Birinchi kichik dastur doirasida amalga oshiriladigan islohotlar — kredit resurslari cheklangan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini kengaytirishga yordam berish uchun mavjud moliyaviy vositalarni diversifikatsiya qilishni va ular olishi kerak bo‘lgan ruxsatnomalar hamda litsenziyalar sonini qisqartirishni o‘z ichiga oladi.
Shu kabi o‘zgarishlar, misol uchun, savdo operatsiyalari xarajatlarini kamaytirish va raqamlashtirishni kengaytirish 13,5 mingga yaqin ish o‘rinlarini yaratishga yordam berishi kutilmoqda.
O‘zbekistonning COVID-19`dan keyingi iqtisodiy tiklanishi va barqaror iqtisodiy o‘sishi kichik va o‘rta biznes faoliyatiga bog‘liq.
OTB davlat idoralariga dastur doirasidagi islohotlarni amalga oshirishda, jumladan, KO‘B uchun raqamli yechimlarni joriy etish orqali yordam berish uchun 250 ming dollar miqdoridagi texnik yordam grantini taqdim etadi.
Izoh qoldirish