Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimining favqulodda vaziyatlariga, shu jumladan, koronavirus pandemiyasiga chidamliligini oshirish uchun 100 mln dollarlik kreditni ma’qulladi, deb xabar beriladi bank saytida. Loyiha doirasida COVID-19ga qarshi samarali javob berish (diagnostika va reaksiya) hamda test o‘tkazish tizimlarini takomillashtirish rejalashtirmoqda.
"COVID-19 pandemiyasi rivojlanayotgan epidemiologik ssenariy va davolash usullari bilan favqulodda miqyos va xarakterga ega. Mamlakat sog‘liqni saqlash tizimining sifati, xavfsizlik standartlari, protokollari va xizmatlarini yaxshilash orqali mazkur loyiha O‘zbekiston aholisini Covid-19 va kelajakda salomatlikka ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan tahdidlardan himoya qilishga yordam beradi", dedi OTB vitse-prezidenti Shisin Chen
Ma’lum qilinishicha, mazkur loyiha OTB tomonidan mamlakatga ajratilayotgan qo‘llab-quvvatlash kompleks paketining bir qismi hisoblanib, u hukumatning inqirozga qarshi chora-tadbirlari va joriy texnik yordam uchun 500 mln dollar miqdoridagi qarzni ham o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (AIIB) ushbu loyiha uchun 100 million dollar miqdorida, O‘zbekiston hukumati esa qo‘shimcha 57 million dollar miqdorida mablag‘ ajratadi.
Loyiha doirasida mamlakat bo‘ylab 38 ta laboratoriyada tibbiyot xodimlari uchun xavfsiz ishlash sharoitlarini tashkil etish, ularni individual himoya va boshqa tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash uchun ta’mirlash ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bunda, 80 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil qiluvchi tibbiyot xodimlari va kasallikni yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan muassasa xodimlariga diagnostika xizmatlaridan foydalanishda ustuvorliklar taqdim etiladi.
Loyiha doirasida epidemiologik kuzatuv va COVID-19ga javob berishning raqamli milliy tizimi yaratiladi. U ma’lumotlarni yosh va jinsga ajratgan holda taqdim etish imkoniyatini beradi.
"Bu O‘zbekistonga COVID-19 bilan bog‘liq holatlarini aniqlash va kontaktlarni kuzatish, skrining, testdan o‘tkazish, yakkalash va mamlakat bo‘ylab tarqalishining oldini olish imkoniyatlarini kengaytiradi", deya ta’kidlanadi xabarda.
Shuningdek, loyiha tibbiy protokollarni ishlab chiqish va e’lon qilish, sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarining bemorlarni davolaydigan birlamchi bo‘g‘ini va shaxslarini o‘qitish, COVID-19 kasalligining potensial holatlarini aniqlash va ularga mos keluvchi tavsiyalarni taqdim etishda yordam beradi. Skrining va laboratoriyalarda namunalarni to‘plash va tashish bilan bog‘liq jarayonlar kuchaytiriladi.
16 ta COVID-19 davolash markazi, jumladan, yuqumli kasalliklar bo‘yicha 14ta mintaqaviy kasalxona va ikkita milliy darajadagi kasalxona ta’mirlanadi. Ushbu kasalxonalardagi jihozlar modernizatsiya qilinadi. Bunda, markazlarda intensiv davolash bo‘limlari kengaytiriladi va qo‘shimcha tez yordam avtomobillari bilan ta’minlanadi. Shu bilan bir qatorda, xodimlar infeksiyalarni profilaktika va nazorat qilish, xavfsizlik va bemorlarga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitiladi.
Ta’kidlanishicha, loyihani amalga oshirish zudlik bilan boshlanadi va 2022 yilning iyul oyida yakunlanishi kerak. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi loyihani bajaruvchi organlar etib ko‘rsatilgan.
Izoh qoldirish