O‘zbekiston Prezidenti YeOII va MDH sammitlarida nutq so‘zlaydi

O‘zbekiston Prezidenti YeOII va MDH sammitlarida nutq so‘zlaydi

Shavkat Mirziyoyev 14−15 oktyabr kunlari YeOII va MDHning videoaloqa shaklidagi sammitlari ishida ishtirok etadi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

14 oktyabr kuni davlat rahbari Qozog‘iston raisligida o‘tkaziladigan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdan tashqari majlisida kuzatuvchi maqomida nutq so‘zlaydi.

Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi. O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida YeOII bilan amaliy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab beradi.

15 oktyabr kuni esa Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi bo‘lib o‘tadi. Uning ishida Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston yetakchilari ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Belarus raisligida o‘tkaziladigan tadbirda tashkilotning 30 yillik faoliyatidagi ko‘p tomonlama hamkorlik yakunlari, shuningdek, savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport, migratsiya, madaniy-gumanitar almashinuv sohalaridagi sheriklikni yanada kengaytirish borasidagi qo‘shma rejalar ko‘rib chiqiladi.

Xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish hamda keng mintaqada barqaror taraqqiyotni ta’minlash masalalari muhokama qilinadi.

O‘zbekiston Prezidenti MDHni rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasi maqsad va vazifalariga erishish bo‘yicha qator muhim ilgari suradi.

Tadbir yakunida MDH makonida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ko‘p tomonlama hujjatlar to‘plami qabul qilinadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar