27 avgust kuni “O‘zbekiston 24” telekanali Markaziy studiyasida ekspertlar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan maqsadlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan ko‘rsatuv tashkillashtirildi.
Unda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbari Obid Hakimov va markaz ilmiy xodimlari, Moliya vaziri birinchi o‘rinbosari Dilshod Sultanov, Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, YuNISEF tashkiloti eksperti Umid Aliyev, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Ko‘rsatuvda 26 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan ikkinchi ijtimoiy himoya paketi bo‘yicha qarori yuzasidan mutaxassislarning fikr-mulohazalari eshitildi.
Ma’lumot uchun, 426 mlrd. so‘mlik navbatdagi paket asosan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning bolalarini qishki kiyim-bosh to‘plamlari, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash maqsadida ushbu qaror qabul qilindi.
Ko‘rsatuvda moddiy yordamga yo‘naltiriladigan mablag‘lar qanday manbalardan shakllantirilishi, 500 ming so‘mni olishning aniq tartiblari haqida ma’lumotlar berildi.
Joriy yilning 1 sentyabridan boshlab ijtimoiy nafaqalarni tayinlash bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish va ularni tayinlashda Yagona ijtimoiy himoya Reyestri joriy etilmoqda.
Ko‘rsatuvda ta’kidlanganidek, joriy yilda ijtimoiy nafaqa bilan ta’minlanadigan aholi soni qariyb 2 barobarga oshirilib, yil yakunigacha nafaqa oluvchilar soni 791 mingdan 1,2 millionga yetkaziladi. Ana shu ijtimoiy toifa va iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan 12,5 trln. so‘m mablag‘ ajratildi.
Ma’lumot uchun, inqiroz davrida uyma-uy yurish orqali aholini ijtimoiy himoya qilishning o‘ziga xos usuli – “temir daftar” deb nom olgan, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu toifadagi 1 million 700 mingdan ortiq a’zosi bo‘lgan 410 mingdan ziyod oilalarga moddiy yordam ko‘rsatilmoqda.
UNICEF va Xalqaro mehnat tashkilotining qo‘shma hisobotiga ko‘ra, ota-onalari ishsiz qolishi yoki kasalligi tufayli ko‘plab bolalar ekspluatatsion va xavfli ish izlashga majbur bo‘lishmoqda.
Ushbu qarorga asosan 13,5 mingga yaqin maktabgacha ta’lim muassasalari va 10 minga yaqin Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi maktablar xodimlarini markazlashgan tartibda 2020 yil 1 oktyabrga qadar bepul grippga qarshi emlash topshirilgan.
Shuningdek, ko‘rsatuv davomida Moliya vaziri o‘rinbosarlari avval tarqatilgan naqd pul ko‘rinishidagi moddiy yordamlarning tarqatilish jarayonidagi o‘ziga yarasha qiyinchilik va muammolari to‘g‘risidagi savollarga ham artoflicha javob berib ketishdi.
Ma’lumot uchun, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati yurtimizdagi ko‘plab tadbirkorlarni yagona maqsad ostida birlashtirdi va millionlab yurtdoshlarimizga beg‘araz yordam ko‘rsatildi. Bu harakat tom ma’noda qudratli kuchga aylandi.
Shu bilan birga, Moddiy yordamning pul ko‘rinishda berilishining asosiy sabablari, berilayotgan mablag‘ barcha kerakli anjomlarni xarid qilishga yetadimi, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini boshqa o‘quvchilarga nisbatan ajralib qolish xissi uyg‘onmasligi maqsadida maktablarda qanday ishlar amalga oshirilmoqda, degan savollarga mutaxassislar tomonidan aniq javoblar berildi.
Ko‘rsatuvni tomosha qilish uchun ushbu havolaga kiring.
Ko‘rsatuvda bo‘lib o‘tgan savol-javoblar saytda yoritib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining jamoatchilik bilan aloqalar xizmati
Izoh qoldirish