O‘zbekiston Prezidenti turkiyalik ishbilarmonlar bilan aniq loyihalarni muhokama qildi

O‘zbekiston Prezidenti turkiyalik ishbilarmonlar bilan aniq loyihalarni muhokama qildi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni Anqara shahrida Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashdi. Tadbirda Turkiya savdo palatalari va birjalari uyushmasi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), «Gebze» uyushgan sanoat zonasi, «Ziraat» banki, «Zorlu xolding», «Joshkunoz xolding», «Ekzachibashi», «Baykar», «Dunyagoz», «Kanimed saglik», «Bau global», «Xavelsan» kabi qator kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

– O‘zbekiston kechagi O‘zbekiston emas. Bugun mamlakatimizga kirgan kompaniya albatta manfaat topadi. Men bunga kafolat beraman. Buning uchun zarur huquqiy, institutsional sharoitlar yaratib beriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda, kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng ko‘lamda amalga oshirish, savdo, innovatsiya, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, turizm, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni faol ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Bugungi uchrashuvda O‘zbekiston bilan Turkiyaning vazirlik va kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish, klinikalar va oliy o‘quv yurtlari tashkil etish bo‘yicha aniq loyihalar muhokama qilindi. Shavkat Mirziyoyev bu rejalarni ma’qullab, mutasaddilarga tez fursatlarda amaliy ishlarga o‘tish, byurokratik to‘siqlarsiz ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar