O‘zbekiston qonunchiligida 1 avgustdan nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston qonunchiligida 1 avgustdan nimalar o‘zgaradi?

2021 yil 1 avgustdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini to‘liqligicha taqdim etamiz.

1. Turoperatorlar sug‘urta polisiga ega bo‘lishlari lozim

Tashqi turizm yo‘nalishi bo‘yicha turoperatorlar faoliyatini amalga oshirish uchun qo‘shimcha litsenziyalash talablari va shartlari kuchga kiritiladi:

- turoperatorlarning fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashni tasdiqlovchi sug‘urta polisining mavjudligi;

- turizm faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talabgorlariga 15 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilishi.

2. Mansabdor shaxsga avtomobil shaxsan biriktiriladi

Xizmat avtotransport vositalari:

- respublika davlat boshqaruvi organlarida hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida rahbarlar va ularning o‘rinbosarlariga;

- respublika davlat boshqaruvi organlari tizimidagi tashkilotlarda hamda ularning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘linmalarida birinchi rahbarlarga shaxsan biriktiriladi.

Respublika davlat boshqaruvi organlarida xizmat maqsadlarida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq autsorsing shartlari asosida avtobus, taksi va boshqa avtotransport vositalari xizmatlaridan foydalanish tizimi joriy etiladi.

Yangi tipdagi davlat raqami belgilari bilan qayta ro‘yxatdan o‘tkazilmagan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli xizmat avtotransport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.

3. YaIDXPda – yangi xizmatlar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali quyidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi joriy etiladi:

- avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish;

- avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish;

- ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi fuqarolarga nafaqa tayinlash.

4. Qurilish sohasida ustama joriy qilinadi

Buyurtmachi xizmatlar Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan malaka toifasi asosida texnik nazorat sohasidagi mas’ul mutaxassislarga ular mehnatiga haq to‘lashning amaldagi tarif koeffitsiyentlariga quyidagi miqdorlarda koeffitsiyent qo‘shiladi:

- birinchi toifa uchun - 0,2 miqdorda;

- ikkinchi toifa uchun - 0,5 mikdorda;

- uchinchi toifa uchun - 0,7 miqdorda;

- oliy toifa uchun - 1,0 miqdorda.

5. Onalar va bolalar salomatligini nazorat qilish uchun yangi tizim

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida perinatal va skrining markazlari hamda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi onalar va bolalar salomatligiga mas’ul tuzilmalarning homilador ayolni kompleks kuzatuvi bo‘yicha o‘zaro hamkorlik va muvofiqlashtirilishini ta’minlovchi yagona tizim joriy etiladi.

6. Yer uchastkalarini ajratish tartibi o‘zgartirildi

Yer uchastkalari:

- xususiy sektorga – mulk va ijara huquqi asosida;

- davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga – doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi. Bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi.

Ijaraga olingan yer uchastkasida qonunchilikda belgilangan tartibda qurilgan ko‘chmas mulk ob’yektiga mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, ushbu ob’yektga mulk huquqi bilan birgalikda u joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga o‘tadi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan, ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi.

Barcha hollarda yer uchastkalari faqat bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi. Ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yer uchastkasini olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid quyidagi vakolatlari bekor qilinadi:

- yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish. PF-6243-son Farmonga muvofiq yer uchastkalarini davlat tashkilotlariga doimiy foydalanishga ajratish, ochiq tanlov yakunlarini tasdiqlash, ijara shartnomasini imzolash, yer uchastkalarini xususiylashtirish natijalarini rasmiylashtirish bo‘yicha vakolatlar bundan mustasno;

- tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish;

- sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish;

- jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yer berish;

- xususiylashtiriladigan yer uchastkalariga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash.

7. «Ishga marhamat» monomarkazlari xaridlari soddalashtirildi

«Ishga marhamat» monomarkazlari, kasb-hunarga o‘qitish markazlari va maskanlar tomonidan ularning o‘quv faoliyati uchun zarur bo‘lgan, bir shartnoma bo‘yicha BHMning 50 baravarigacha qiymatdagi ehtiyot qismlar, xom ashyo, o‘quv qurollari va boshqa materiallarni xarid qilish to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qisqa muddatli kasb-hunarga, xorijiy tillarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish kurslari to‘liq tashkil etiladi.

8. Sog‘ tanda - sog‘lom aql

Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etiladi. Quyidagilar uning asosiy maqsadi hisoblanadi:

- jismoniy qobiliyat va harakat faolligini takomillashtirish hamda zararli odatlar va turli kasalliklarning oldini olish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirish;

- yoshlarda iroda, o‘z kuchi va imkoniyatlariga ishonch kabi fazilatlarni mustahkamlash, ularda jasorat, vatanparvarlik va sadoqat xislatlarini rivojlantirish, yurtimiz sharafini himoya qila oladigan, jismonan baquvvat va intellektual salohiyatli Vatan mudofaasiga munosib zaxira kadrlarni tayyorlash;

- respublikada aholini sog‘lomlashtirish ishlarini yanada rivojlantirish;

- aholi jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning xalqaro standartlari va ilg‘or xorijiy tajribasini tatbiq etish.

9. Ochiq davlat xaridlari

Davlat xaridlari sohasida o‘tkazilayotgan tender (tanlash) natijalarini majburiy tarzda ochiq e’lon qilish tartibi joriy etiladi.

10. TIF sohasida yangi shartnomalar

Xorijiy xom ashyo va materiallarni bojxonada rasmiylashtirish talablarini soddalashtirish maqsadida:

- bojxona rejimi talabida xorijiy buyurtmachi mavjud bo‘lmagan hollarda ham qayta ishlash operatsiyalariga ruxsat beriladi;

- tadbirkorlik sub’yektiga chetdan xom ashyo sotib olib, ularni respublika hududida bojxona to‘lovlari to‘lamagan holda qayta ishlagandan so‘ng istalgan xorijiy hamkoriga sotish imkonini beradigan olib chiqish, olib kirish, sotish va sotib olish bo‘yicha yangi turdagi tashqi savdo kontraktlari amaliyotga kiritiladi. Bunda, olib chiqish kontrakti – olib kirish kontrakti asosida sotib olingan tovarlarni sotish maqsadida reeksport bojxona rejimiga joylashtirish nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasining rezidenti va norezidenti o‘rtasidagi kontrakt; olib kirish kontrakti – O‘zbekiston Respublikasining rezidenti va norezidenti o‘rtasida tovarlarni bojxona ombori, erkin ombor, erkin bojxona zonasi, bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimlariga joylashtirish uchun sotib olish va keyinchalik olib chiqish kontrakti asosida boshqa norezidentga sotish nazarda tutilgan kontrakt;

- olib kirish kontraktini olib chiqish kontrakti bilan, shuningdek sotib olish kontraktini sotish kontrakti bilan o‘zaro bog‘liq holda nazorat qilish tartibi joriy etiladi;

- mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarga xorijiy davlatdan mahsulot sotib olib, import qilmasdan uchinchi davlatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat beriladi.

11. Bo‘sh turgan binolar xususiy hamkorlarga beriladi

Davlat sud-ekspertlik muassasalarining foydalanilmayotgan binolari (korpuslari) xususiy hamkorlarga ular tomonidan sud-ekspertlik faoliyati yuritilishi sharti bilan ijaraga beriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar