Hurmatli Qosim-Jomart Kemelovich!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Avvalambor, siz, azizlar bilan yana diydor ko‘rishib turganimdan g‘oyat mamnunman.
Bugungi sammitni yuksak darajada tashkil etgani uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich Toqayevga chuqur minnatdorlik izhor etaman.
So‘zimni buyuk ajdodimiz – qadimiy turk davlati asoschilaridan biri Bilga Xoqonning quyidagi da’vati bilan boshlamoqchiman: “Ey turkiy elim, o‘zligingga qayt, o‘zingni angla – yanada yuksalgaysan!”
Ushbu ibratli so‘zlar bugungi shiddatli zamonda – Turkiy davlatlar tashkiloti o‘z faoliyatini tobora takomillashtirib borayotgan bir davrda albatta chuqur ma’noga ega. Tili, dini va yuraklari bir-biriga chambarchas bog‘langan qardosh xalqlarimiz ovozi endilikda dunyo bo‘ylab yanada baland, yanada kuchliroq yangramoqda.
Fursatdan foydalanib, do‘st Qozog‘iston elini yaqinda keng nishonlangan mamlakat milliy bayrami – Respublika kuni munosabati bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Shuningdek, Turkiya Prezidenti, qardoshim Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylarini va butun turk xalqini Respublika e’lon qilingan kunning qutlug‘ 100 yillik tantanalari bilan samimiy tabriklayman.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Barchangiz yaxshi bilasiz, turkiy dunyoda do‘st Ozarbayjon xalqi o‘zining munosib o‘rni va katta obro‘-e’tiboriga ega. So‘nggi yillarda Ozarbayjon xalqi qadrli birodarim Ilhom Haydarovich yetakchiligida olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.
Tarixiy adolat qaror topib, mamlakatning ajralmas qismi bo‘lgan Qorabog‘ hududini bunyodkorlik makoniga aylantirish borasida ulkan natijalarga erishilmoqda.
Men avgust oyida Shusha va Fuzuliy shaharlarida bo‘lib, keng ko‘lamli o‘zgarishlarga, zamonaviy infratuzilma barpo etilayotgani, vayron bo‘lgan madaniy meros ob’yektlari qayta tiklanayotganiga shaxsan guvoh bo‘ldim.
Ozarbayjon xalqini buyuk g‘alaba – mamlakat hududiy yaxlitligi to‘liq tiklangani bilan yana bir bor chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Hurmatli anjuman qatnashchilari!
Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida o‘ziga xos muhim o‘ringa ega bo‘lib bormoqda. 160 million aholini qamrab olgan Tashkilotimiz hududi katta iqtisodiy imkoniyatlar makoni hamdir.
Bizning mamlakatimiz Tashkilotning barcha a’zolari bilan strategik sheriklik aloqalari o‘rnatganini katta mamnuniyat bilan aytib o‘tmoqchiman.
O‘tgan yili “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida bo‘lgan Samarqand sammitida imzolangan hujjatlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.
O‘zbekiston raisligi davrida yuzdan ortiq turli tadbirlar o‘tkazildi, muhim tashabbuslar ilgari surildi. “Turkiy nigoh – 2040” konseptual dasturi asosida amaliy hamkorlikning yangi va yanada samarali mexanizmlari yaratildi. Jumladan, Turkiy davlatlar Kasaba uyushmalari tashkiloti, Fazo tadqiqotlari akademiyasi, Jo‘g‘rofiy kengash, Qurg‘oqchilikni bartaraf etish instituti, Notarial idoralar uyushmasi kabi yangi tuzilmalar ish boshladi. Qator nufuzli global va mintaqaviy tuzilmalar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning turli ixtisoslashgan institutlari, Islom hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan yaqin sheriklik aloqalari o‘rnatildi.
Global iqtisodiy inqiroz kuchayib borayotganiga qaramasdan, olib borayotgan tizimli ishlarimiz natijasida o‘zaro savdo hajmi o‘smoqda.
O‘zbekistonning raisligi davrida bizga faol ko‘mak ko‘rsatgan barcha davlatlarga va Tashkilot Kotibiyatiga yana bir bor minnatdorlik bildiraman.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Barchamiz guvoh bo‘layapmiz, bugungi kunda jahon miqyosida ishonch inqirozi tobora avj olmoqda. Global xavfsizlikni ta’minlashda yangi muammolar yuzaga kelmoqda va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish holatlari kuchaymoqda.
Ayniqsa, Yaqin Sharqda uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan Falastin-Isroil muammosining nihoyatda xavfli tus olgani barchamizni jiddiy xavotirga solmoqda. Qurolli to‘qnashuvda tinch aholi, ayniqsa, keksalar, ayollar va bolalar orasida qurbonlar va jarohat olganlar soni keskin ortib, nizoning keng yoyilib ketish xavfi kuchaymoqda.
Shu munosabat bilan tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarga barham berib, o‘t ochishni to‘xtatishga, gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga chaqiramiz.
Mazkur muammoning yagona va eng adolatli yechimi – nizoni “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etishdir.
Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyusiyalarida belgilanganidek, mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega. Biz Tashkilotimiz doirasida bu boradagi yakdil va qat’iy pozitsiyamizni butun dunyoga e’lon qilishimiz zarur.
Hurmatli sammit qatnashchilari!
“Turkiy davr” shiori ostida o‘tayotgan bugungi sammitimizda ko‘p tomonlama va uzoq muddatli aloqalarimizni yanada kengaytirishga qaratilgan quyidagi takliflarni ilgari surmoqchiman.
Birinchidan, Tashkilot doirasida o‘zaro hurmat, ishonch va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlash, birgalikda turli to‘siqlarni samarali yengib o‘tish bosh maqsadimizdir.
Shu munosabat bilan Turkiy xalqlar birdamligini, ularning buyuk o‘tmishi va boy madaniyatini, azaliy qadriyatlarini ifoda etadigan “Turkiy dunyo xartiyasi”ni ishlab chiqish zarur, deb hisoblayman. Ushbu o‘ziga xos ramziy qomusni sohaning yetuk olimlari va ekspertlar ishtirokida tayyorlashni taklif qilaman.
Ikkinchidan, shu kunlarda Turkiy investitsiya fondi o‘z ishini boshlaydi. Davlatlarimiz o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida keyingi bosqichda Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini ham faollashtirishimiz kerak. Ushbu moliya muassasasini Toshkent shahrida joylashtirishga tayyormiz.
Uchinchidan, Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha boshlangan amaliy ishlarni to‘liq ma’qullaymiz. Kelgusida Markaz imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda, birgalikda savdo to‘siqlarini bartaraf etish, eksport-import hajmini ko‘paytirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni keng joriy qilish, elektron savdo platformalarini rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz zarur.
To‘rtinchidan, global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalalari dolzarb ahamiyatga ega.
Yuk tashuvlariga o‘sib borayotgan talabni qondirish maqsadida O‘rta koridor salohiyatini kengaytirish choralarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Shuningdek, qo‘shimcha ko‘ptarmoqli yo‘nalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga mamlakatlarimiz orqali o‘tadigan koridorlarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirish tarafdorimiz.
Davlatlarimiz Temir yo‘l idoralari kengashini ta’sis etishni va bu tuzilmaning direksiyasini yurtimizda joylashtirishni taklif etamiz.
Beshinchidan, ekologiya sohasida keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz.
Qadimdan ajdodlarimiz ona tabiat bilan uyg‘un va hamohang bo‘lib yashaganlar. Afsuski, bugungi kunda tabiatga nisbatan iste’molchilik kayfiyati kuchayib bormoqda. Iqlim o‘zgarishlari tufayli yuzaga kelayotgan turli muammolardan butun insoniyat qattiq aziyat chekmoqda. Bunday holat barchamizdan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab qilmoqda.
Vazirlar darajasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan Turkiy ekologiya forumining tuzilishi bu yo‘lda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz. Bunday ta’sirchan mexanizm Tashkilotimiz faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan rejalarimizga mosdir.
Oltinchidan, turkiy sivilizatsiyani yuksaltirish g‘oyasi texnologik taraqqiyot va ilg‘or bilimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan bevosita bog‘liqdir.
Ijodiy fikrlaydigan, iste’dodli va shijoatli yoshlarimiz istiqbolda turkiy dunyoning yangi Renessansini barpo etishiga ishonchim komil. Bu yo‘lda ularga buyuk ajdodlarimiz yaratgan ilmiy kashfiyotlar va ma’naviy meros mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash o‘rinliki, o‘tgan asrda yashagan jadid bobolarimizning ibratli faoliyati, ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish yuzasidan a’zo mamlakatlarda katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida joriy yilning dekabr oyida yurtimizda bo‘lib o‘tadigan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro anjumanda vakillaringizni faol ishtirok etishga taklif etamiz.
Shu bilan birga, yangilikka intilib yashaydigan, tashabbuskor o‘g‘il-qizlarni rag‘batlantirish uchun O‘zbekistonda Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazini ochishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Ming yillar davomida tarixi va taqdiri turkiy elatlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ko‘pmillatli Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalik o‘rnatish mintaqamizda strategik barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning asosiy shartidir. Biroq dunyoning boshqa nuqtalarida nizo va urushlar avj olayotgan hozirgi sharoitda ushbu muammo xalqaro hamjamiyat e’tiboridan tobora chetda qolmoqda.
Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik, bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqiramiz.
Bizga mintaqaviy sheriklik va barcha qo‘shnilari bilan iqtisodiy hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etadigan, tinch va barqaror Afg‘oniston kerak.
Biz ilgari surayotgan Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish tashabbusi aynan mana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
O‘zbekiston afg‘on xalqiga bundan buyon ham zarur yordamni berib boradi. Termizdagi logistika xabi orqali gumanitar ko‘mak ko‘rsatishni, ta’lim markazida esa afg‘on fuqarolarini o‘qitishni faol davom ettiramiz.
Qadrli do‘stlar!
Fursatdan foydalanib, Davlat rahbarlari kengashida raislikni qabul qilib olayotgan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich Toqayevga ulkan zafarlar tilayman.
Bugun qabul qilinayotgan muhim hujjatlar va qarorlar, jumladan, sammit deklaratsiyasi hamda Ostona akti mamlakatlarimizning yorqin turkiy kelajak sari navbatdagi dadil qadamlari bo‘lishiga ishonaman.
O‘z tarixi davomida ko‘p-ko‘p sinovlarni boshidan kechirgan va ularga birgalikda yechim topgan qardosh xalqlarimiz kelgusida ham buyuk ishlarni amalga oshirishi shubhasiz.
E’tiboringiz uchun rahmat.
Izoh qoldirish