O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga murojaat qilish an’anasi dastlab 2017 yil dekabr oyida joriy etilgan bo‘lib, mazkur murojatnomada ko‘tarilgan masalalar o‘z dolzarbligi bilan fuqarolarimiz va xalqaro hamjamiyatning diqqat e’tiborini o‘ziga tortib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z murojaatida odatda o‘tgan yilni sarhisob qiladi va yaqin kelajakda respublikani rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi ekspertlari tomonidan Davlat rahbarining 2020 yildagi oxirgi murojaati bo‘yicha lingvistik va kontent tahlil amalga oshirilib, nutqni tasviriy ifodalovchi so‘zlar jamlanmasi tuzildi.
Tahlil natijasida quyidagilar aniqlandi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z murojatnomasida jami 3576 xil so‘zdan foydalangan. Foydalanilgan so‘zlarning eng uzuni 19 ta harf va o‘rtacha 8 ta harfni tashkil qiladi. Davlat rahbari nutqida eng ko‘p e’tibor qaratgan yo‘nalish – bu “yoshlar”, “ta’lim”, va “pandemiya” bo‘lgan. (1-rasm).
1-rasm. Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga qilgan murojaatida eng ko‘p foydalanilgan so‘zlar jamlanmasi.
Murojaatda “yoshlar” masalalariga 44 marotaba, “ta’lim” masalalariga 32 marotaba urg‘u berilgan. Shuningdek, “pandemiya” va unga bog‘liq masalalar murojaatning 25 joyida tilga olingan.
Xususan, “yoshlar” so‘zi “yoshlarga alohida e’tibor ko‘rsatish”, “yoshlar huquqlari”, “turli yosh kategoriyasidagi yoshlar”, “nogironligi bo‘lgan yoshlar” kabi kontekstlarda foydalanilgan (2-rasm).
2-rasm. Eng ko‘p foydalanilgan so‘zlar bo‘yicha individual tahlil
“Ta’lim” so‘zi “ta’lim sifatini tubdan yaxshilash”, “uyda ta’lim berish tizimini yaratish”, “pandemiya” so‘zi esa “global pandemiya xavfining uzoq saqlanib qolishi”, “pandemiya davrida orttirilgan tajriba” va “pandemiya davrida iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlash” kabi kontekstlarda foydalanilgan (3, 4-rasmlar).
3-rasm. Eng ko‘p foydalanilgan so‘zlar bo‘yicha individual tahlil
4-rasm. Eng ko‘p foydalanilgan so‘zlar bo‘yicha individual tahlil
Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, Murojaatnomada 41% urg‘u iqtisodiyotni rivojlantirish va liberalizatsiya qilish sohasiga yo‘naltirilgan bo‘lsa, 28% ijtimoiy sohani rivojlantirishga doir masalalarga qaratilgan. Bundan tashqari, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga taaluqli masalalar umumiy Murojatnomaning 15%, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, muvozanatli, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirish kabi masalalar esa umumiy nutqning 10% tashkil etgan (5-rasm).
5-rasm. Murojaatnomaning yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimoti.
Davlat rahbarining nutqi 41 soha bo‘yicha turli mavzularni qamrab olgan. Ular orasida eng ko‘p urg‘u berilgan yo‘nalishlarning uchligi - aholiga ijtimoiy yordam ko‘rsatish (umumiy nutqning 7 foizi), sog‘liqni saqlash (umumiy nutqning 7 foizi) va infratuzilma (umumiy nutqning 6 foizi) sohalari hisoblanadi. Ulushiga ko‘ra, yoshlarga oid davlat siyosatini yuritish, oliy ta’lim, tadbirkorlik va tashqi siyosat sohalari mos ravishda har biri 5 %lik qamrov bilan top yettilikni bo‘lishib turibdi (6-rasm).
6-rasm. Murojaatnomaning sohalar bo‘yicha taqsimoti.
So‘nggi yillarda qilingan 4 murojaatning umumiy tahlili shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy yordam, tadbirkorlarni qo‘llab quvvatlash, halq farovonligini oshirish, yurt tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlash kabi masalalari har yilgi Murojaatnomalarning ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Xususan, ijtimoiy sohaga bo‘lgan urg‘u yildan yilga kuchayib bormoqda. Mazkur sohaga oid so‘zlar 2017 yildagi nutqning 11% teng bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yilga kelib 28% ga yetganligi e’tirofga sazovor.
Shavkat Mirziyoyev kirib kelayotgan 2021 yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berishni taklif etdi.
Izoh qoldirish