O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2020 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqishdi.
2020 yil yakunlari bo‘yicha yurtimiz iqtisodiyoti 2019 yilga nisbatan 1,6 foizga o‘sgan bo‘lib, yalpi ichki mahsulot hajmi 580,2 trln. so‘mni tashkil etdi.
Yalpi ichki mahsulot o‘sishining 0,76 foizi qishloq xo‘jaligiga (sohadagi yalpi qo‘shilgan qiymatining o‘sishi 3,0 foiz), 0,55 foizi qurilishga (9,2 foiz), 0,18 foizi sanoatga (0,7 foiz) hamda 0,04 foizi xizmatlar ko‘rsatish sohasi (0,1 foiz) hissasiga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, hisobot davrida yalpi qo‘shilgan qiymat tarkibida xizmatlar 36,3 foizni (2019 yilda 36,1 foiz), qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi 28,2 foizni (28,0 foiz), sanoat 28,5 foizni (29,3 foiz), qurilish 7,0 foizni (6,6 foiz) tashkil etdi.
Koronavirus pandemiyasi xalqaro bozorlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatganligi oqibatida mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasi 36,3 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 13,1 foizga qisqargan. Bunda eksport 13,4 foizga, import esa 12,8 foizga kamaygan.
Bundan tashqari, 2020 yilda investitsion faollik pasayishi hisobiga asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 2019 yilga nisbatan 8,2 foizga qisqardi va 202,0 trln. so‘mni tashkil etdi.
Pandemiyaning salbiy ta’siriga qaramay, Davlat byudjeti daromadlari 2020 yilda 132,9 trln. so‘mni tashkil etib, belgilangan 128,7 trln. so‘m prognoz 103,3 foizga yoki 4,2 trln. so‘mga oshirib bajarildi. Daromadlar 2019 yil ma’lumotlari bilan solishtirilganda 20,8 trln. so‘mga o‘sdi.
Davlat byudjetining 2020 yildagi xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalarisiz) 144,1 trln. so‘mni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan24,8 foizni tashkil etdi. Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 74,2 trln. so‘m yoki umumiy xarajatlarning 51,5 foizi miqdorida mablag‘ sarflandi. Bu xarajatlar yalpi ichki mahsulotga nisbatan 12,8 foizni tashkil etdi. Ushbu xarajatlarning 85,1 foizi yoki 63,2 trln. so‘mi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat tashqi qarzining hajmi 2021 yilning 1 yanvar holatiga 21,1 mlrd. dollar yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,5 foizni, O‘zbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan tashqi qarz 15,1 mlrd. dollar ekvivalentini, O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz esa, 6,0 mlrd. dollar ekvivalentini tashkil etadi.
Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 2020 yilda o‘tkazilgan 6 944 ta moliyaviy nazorat tadbirlarning asosiy qismi, ya’ni 4 729 tasi (68%) byudjet intizomiga rioya etilishi va byudjet mablag‘larning maqsadli foydalanishi yuzasidan o‘tkazilgan.
Nazorat tadbirlarida aniqlangan 246 mlrd. so‘m miqdoridagi byudjet intizomining buzilishi, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi, qilingan asossiz xarajatlar uchun 168,8 mlrd. so‘m byudjetga tiklanishi ta’minlangan.
Izoh qoldirish