O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
Muzokaralarda rasmiy delegatsiyalar a’zolari, ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari, chegaradosh viloyatlar rahbarlari ishtirok etdi.
Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport sohasidagi va hududlar o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish, energetika yo‘nalishidagi ulkan salohiyatni samarali ishga solish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tovar ayirboshlashdagi ijobiy sur’atga qaramay, kelgusi yilda uni ikki barobarga ko‘paytirish uchun yangi “o‘sish nuqtalari”ni topish muhim ekanini aytdi. Shu maqsadda erkin savdo rejimidan istisnolarni bekor qilish va notarif to‘siqlarni bartaraf etish masalalarini kelishishni tez fursatda yakunlash muhim, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.
O‘zaro tovar yetkazib berish hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, uchinchi mamlakatlarga birgalikda chiqish imkoniyatlarini izlash lozim.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston mamlakatlarimiz hududlari va yetakchi korxonalarining sanoat kooperatsiyasini kengaytirishdan manfaatdorligini ta’kidladi.
- Muvaffaqiyatli hamkorlikning real misollari va istiqbolga mo‘ljallangan aniq rejalarimiz bor.
Bu haqda so‘z yuritganda, O‘zbekiston avtomobillarini yig‘ishni tashkil etish, zamonaviy transformatorlar va qishloq xo‘jaligi uskunalarini ishlab chiqarish, maishiy texnika va qurilish materiallari, kalava ip va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, mamlakatlarimizdagi boshqa qo‘shma loyihalarni tilga olish lozim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Transport va tranzit tashishlar sohasidagi hamkorlik ham strategik yo‘nalishdir. O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shaharlar o‘rtasidagi havo qatnovlarini kengaytirish va avtobus qatnovlarini tiklashni taklif etdi.
Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat viloyatlari va tumanlari kesimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini ta’kidladi.
Ikki mamlakatning ulkan gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish va suvdan foydalanish masalalari bo‘yicha konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
Prezident Emomali Rahmon Tojikiston birodar O‘zbekiston bilan hamkorlikda erishilgan bugungi yuksak darajani qadrlashini, bunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning katta hissasi borligini alohida ta’kidladi. Muzokaralar chog‘ida kelgusi ishlar uchun rejalar belgilab olingani, ularning natijalari ikki mamlakat strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish uchun yangi omil bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.
Muhokamalar davomida O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligi to‘g‘risida 36ta hujjat imzolandi
Ular orasida:
- 2018 yil 9 martdagi Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro sayohati to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
- Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida aksionerlik jamiyatini tuzish;
- Zarafshon daryosi havzasida ikkita gidroelektrostansiyani qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash to‘g‘risida kelishuv;
- Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali yuklarni tranzit qilish to‘g‘risida bitim.
Izoh qoldirish