Boxtar shahrida O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga tashrifi arafasida birinchi O‘zbekiston – Tojikiston hududlararo investitsiyaviy forum bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Tadbirda Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Davlatali Said, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, ikki mamlakat vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, savdo-sanoat palatalari, chegaradosh viloyatlari rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston va Tojikistonning turli hududlaridan kelgan 300 ga yaqin tadbirkorlar ishtirok etdi.
Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida 50 mln dollarlik ustav kapitaliga ega O‘zbekiston – Tojikiston investitsiya jamg‘armasi tashkil etilgani tilga olindi.
Forum davomida ikki mamlakat hududlari va tegishli idoralar rahbarlari so‘zga chiqib, investitsiyaviy hamkorlikning imkoniyatlari, shuningdek, avtomobil sanoati, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini birgalikda ro‘yobga chiqarish yuzasidan aniq takliflarning taqdimotini o‘tkazdi.
Shuningdek, tadbir doirasida “B2G” va “B2B” shaklida ishtirokchilarning manzilli uchrashuvlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Forum yakunlari bo‘yicha Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Eksport agentligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, avtomobil, transformator, maishiy texnika ishlab chiqarish, intensiv bog‘lar, issiqxona komplekslari, qishloq xo‘jaligi va meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalarni tashkil etish bo‘yicha bitimlar, shuningdek, bir qator savdo shartnomalari imzolandi. Imzolangan hujjatlarning umumiy summasi 730 mln dollarni tashkil etdi.
Izoh qoldirish