O‘zbekiston va Ukraina o‘zaro savdo aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazmoqchi

O‘zbekiston va Ukraina o‘zaro savdo aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazmoqchi
Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

3 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Ukrainaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi N.Doroshenko bilan uchrashuv o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Ukraina yaqin kelajakda o‘zaro savdo aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakovning Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Nikolay Doroshenko bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Suhbat davomida investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, savdo, transport va madaniyat sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

“Tomonlar o‘zaro savdoni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish hamda yaqin kelajakda uning hajmini yiliga 1 mlrd dollargacha o‘sishini ta’minlash uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligini ta’kidladilar”, deyilgan xabarda.

Mamlakatlar o‘rtasida kimyo, neft-kimyo, metallurgiya, oziq-ovqat, farmatsevtika, sanoat kooperatsiyasi sohasida va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sektorida hamkorlikning muhim istiqbollari belgilab olindi. Mashinasozlik hamda neft va gaz uskunalarini ishlab chiqarish sohasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ham ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, mintaqalararo hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish dolzarbligi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida investitsiyaviy, sanoat va savdo-iqtisodiy hamkorlikning mavjud salohiyatini o‘rganish va uni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflarni tayyorlash maqsadida ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralari rahbarlaridan iborat qo‘shma ishchi guruhini tuzish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar