O‘zbekiston – xalqaro munosabatlar chorrahasida

O‘zbekiston – xalqaro munosabatlar chorrahasida

Yaqinda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ham fikrimizga misol. Mazkur nufuzli tadbirning kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo oldida turgan dolzarb iqlim muammolari muhokama qilindi, ekologik barqarorlik, "yashil" iqtisodiy taraqqiyot va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Sammitda davlatimiz rahbari nutq so‘zlab qator tashabbuslarni ilgari surdi. Bu bilan Prezidentimiz o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda hamkorlikdagi ishlarimizning biz uchun ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

“Sammit yakunlari bo‘yicha Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida strategik sheriklik o‘rnatish haqida tarixiy qaror qabul qilinadi. Qabul qilinadigan hujjatning qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqish va qabul qilish zarur, deb hisoblaymiz” – dedi Prezidentimiz. Shuningdek, iqtisodiyot va texnologik modernizatsiyaga investitsiyalar kiritish o‘zaro hamkorligimizning ustuvor mezoni bo‘lishi barobarida iyun oyining boshida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklikda Toshkent xalqaro investitsiya forumini o‘tkazishni taklif etdi.

Bu ham o‘zaro mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirishda, iqtisodiy ko‘rsatgichlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim yahamiyatga ega. Bundan tashqari Prezidentimiz strategik mineral resurslar sohasida hamkorlik va investitsiyalarni chuqurlashtirish, “Yashil” energetika va ekologik barqarorlikka, shuningdek, Inson kapitaliga yo‘naltirilgan investitsiyalar, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashuvlarni kengaytirish masalalari bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Shu ma’noda, bugun nafaqat iqtisodiy-siyosiy, balki madaniy-gumanitar sohalarda kechayotgan mintaqaviy va qo‘shni davlatlar bilan yaqinlashuv bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishida muhim rol o‘ynaydi. Mazkur nufuzli sammitning O‘zbekistonda o‘tkazilishi va uning qanday signallar berishi haqida ekspertlar quyidagicha fikrlarni aytishmoqda.

Avvalo bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy maqsadlariga ishonch demakdir. – Mintaqa maqomiga ega davlatlarning rivoji, taraqqiyoti atrofidagi davlatlar taqdirini belgilaydi. O‘zbekiston ham xuddi shunday davlatga aylanib bormoqda. Bu xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Demakki, so‘nggi yillarda yana bir muhim burilish ro‘y bermoqdaki, O‘zbekiston umumbashariy muammolarni hal qilish borasida ham faol harakat olib bormoqda. Prezidentimiz bugun davlatlar o‘zaro ziddiyatlarni chetga surib, bitta kemada ekanimizni anglab yetishi kerakligini uqtirmoqda.

Vaqt o‘tgan sari mazkur sa’y-harakatlarning bo‘y-basti, xalqlar farovonligidagi ahamiyati yanada yaqqol ko‘rinmoqda. Ta’kidlanganidek, bu — yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi siyosiy sub’yekt sifatida shakllanayotganini anglatuvchi yangi bosqich. Va bu, albatta, Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosiy doktrinasining tarixiy yutug‘idir.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar