Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘tgan haftada davlat rahbarining mis sanoatini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishi haqida qo‘shimcha axborot berdi.
"Xalqaro ekspertlarning fikricha, elektromobillar, elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energiya sohalarining rivojlanishi evaziga 2030 yilga borib dunyoda misga bo‘lgan talab 40 foizga oshishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda esa bu bozorni egallash bo‘yicha juda katta imkoniyat bor. Oxirgi yillarda geologik qidiruvlarga ajratilgan mablag‘lar natijasida yurtimizda yangi-yangi konlar topilmoqda. Xususan, bugungi kunda 40 million tonnadan ortiq mis zaxirasi aniqlangan.
Eng asosiysi, davlatimiz rahbari endi misni quruq xomashyo shaklida emas, balki uni qayta ishlab, qo‘shilgan qiymatli mahsulot sifatida sotish talabini qo‘ymoqda.
Bugungi kunda misning qariyb 60 foizi xomashyo sifatida eksport qilinmoqda. Misdan keladigan daromad 2,5 milliard dollarni tashkil etayotir. Kelgusi 5 yilda mis ishlab chiqarish hajmini 400 ming tonnagacha yetkazish orqali bu ko‘rsatkichni, turdosh tarmoqlar bilan birga, 7-8 milliard dollarga yetkazish mumkin."
Shuningdek, Prezident qaroriga muvofiq, Mis sanoati klasteri tashkil etiladi.Geologiya-qidiruv ishlari ham davom ettiriladi. Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, rangli va noyob metallarni qidiruv ishlarini kengaytirish bo‘yicha 5 yillik dastur ishlab chiqiladi.
Izoh qoldirish